Xaryana (hindcha: हरयाणा, panjobi ਹਰਿਆਣਾ, inglizcha: Haryana) — Hindiston shtati, Hindgang tekisligida joylashgan. Maydoni 44,2 ming km². Aholisi 21 mln. kishi (2001). Maʼmuriy markazi — Chandigarh shahri. Shtat 1966-yilda Panjob shtatining boʻlinishidan tashkil etilgan. Shuning uchun landshafti, xoʻjaligi, rivojlanish darajasi va ixtisoslashuviga koʻra Panjob shtatiga yaqin. Biroq aholisining aksari qismi hind tilida soʻzlashadi va hinduizm diniga eʼtiqod qiladi. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqdim. Yillik yogʻin 400 mm gacha. Iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda. Asosan, donli ekinlar, paxta, shakarqamish va kartoshka ekiladi. Sanoati qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Kichikroq taxta tilish, qogʻoz fabrikalari, shakarqand va kraxmal zavodlari, oyna sanoati korxonalari bor. Aniq va jarroxlik, optik asboblar ishlab chikariladi. Yengil va aniq mashinasozlik, velosiped, traktor zavodlari va neftkimyo kompleksi ishlab turibdi. Elektr stansiyalar quvvati 3 mln. kVt (2002).