Xoja Tojiddin Hasan
Xoja Tojiddin Hasan — (1574—1646) — alloma va avliyo. Hazrat Xoja Tojiddin Hasan 1574-yil tavallud topgan. U Xoja Saʼdning to‘ng‘ich o‘g‘lidir[1]. Xoja Tojiddin tariqat sabog‘ini o‘z otasidan o‘rgangan. Xoja Saʼd umr paymonalari to‘lganini sezganlaridan so‘ng barcha muridlarni chorlab, dedilar: „Sizlar guvohsiz, biz vaqf mutavalliligi, xonaqoh xodimligi, mozorboshi shayxligi va sag‘irlarga vasiylik qilishni o‘g‘limiz Xoja Tojiddinga yukladik!“ Naqshbandiya tariqatining piri Xoja Tojiddin Hasan otalari vasiyatiga amal etib, haqu haqiqat yo‘lida xizmat qildilar. Ashtarxoniy Imomqulixon (1611—1642) Xoja Tojiddinga murid edi. Amir Hazratga katta-katta inʼomlar bergan. Xoja Tojiddin Imomqulixonning singlisiga uylangan. Xoja Tojiddin Registonda Dor ush-shifo madrasasini qurdirgan. Bu bino o‘z davrining dorixonasi ham hisoblangan. Unda har yili 800 ta katta shisha gulob, shuningdek, ko‘z va boshqa kasalliklarga shifo bo‘ladigan dori-darmon tayyorlangan. Bu madrasa kutubxonasida o‘n mingdan ziyod kitoblar bo‘lgan. Xoja Tojiddin o‘nlab obidalarni o‘z mablag‘lari hisobidan taʼmirlagan. Manbalarda taʼkidlanishicha, Xoja Tojiddin sharofatlaridan Xoja Ali ar Romitaniy avlodlari hisoblangan Xoja Tohir ar Romitaniy amir jazosidan qutulgan, shuningdek, Qoqlik mavzeidagi xalq Xoja Tojiddin iltimoslariga binoan Imomqulixon qirg‘inidan omon qolgan. Sohibkaromat avliyo Xoja Tojiddin Hasan Jo‘yboriy 1646-yil vafot etgan. Qabri Hazrat Xoja Islomning yonida boʻlib, Chor Bakr ziyoratgohida hisoblanadi. Atoqli oʻzbek adibi Sadriddin Salim Buxoriy Xoja Tojiddin Hasanni halollik, poklik, rostgo‘ylikda o‘z zamonasining yagonasi bo‘lgan deb taʼrif bergan. U toʻgʻrisida maʼlumotlar aniq saqlanmagan[2].
Avliyo | |
---|---|
Ism |
Xoja Tojiddin Hasan |
Tavalludi |
1574-yil |
Vafoti |
1646-yil |
Falsafa maktabi |
|