Xorazm dostonchilik maktabi
Xorazm dostonchilik maktabi – oʻzbek baxshilik sanʼati markazlaridan biri.
Xorazm dostonchiligida mavjud epik asarlar Oʻzbekistonning boshqa yerlaridagi oʻzbeklar orasida tarqalgan dostonlardan mazmuni, uslubi, kompozitsiyasi, obraz yaratish prinsiplari bilan farq qiladi. Xorazm dostonchilik maktabida ogʻzaki va yozma adabiyot anʼanalarining oʻzaro ijodiy hamkorligi sezilarli. Badihagoʻylik asosiy rol oʻynamaydi, musiqa yetakchilik qiladi. Koʻp hollarda aytuvchi qoʻlida dostonning qoʻlyozma matni boʻladi. Xorazmda epik asarlar 3—5 kishidan iborat baxshi ansambllari tomonidan ijro etiladi. Baxshi dostonni dutorda (keyinchalik tor ham ishlatila boshladi) kuylaydi, unga gʻijjakchi, bulamonchi joʻr boʻladi. Xorazm dostonlarida qahramonlarning his-tuygʻularini, ichki kechinmalarini nazm orqali, sarguzashtlarni nasr orqali bayon etish qatʼiy tartiblashgan. Doston kuylashdan oldin baxshi ansambli „Peshrav“, „Muxammasi ushshoq“ kabi biror kuy chaladi, soʻng didaktik xarakterdagi qoʻshiq kuylanadi. Doston tugagach, „Toʻyingdan qaytsin“ kuyi ijro etiladi. Xorazm dostonchilik maktabim.da asar ichki boʻgʻiz tovushda emas, balki ochiq ovozda ijro etilishi bilan ham boshqa dostonchilik anʼanalaridan farq qiladi. Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakillari: Suyav baxshi (19-asr), Jumanazar baxshi, Ahmad baxshi, Matnazar Jabbor oʻgʻli, Bola baxshi, Xudoybergan Oʻtagan oʻgʻli, Ollobergan baxshi, Murod baxshi, Boltaboy baxshi, Jumaboy baxshi, Qodir sozchi va boshqa Ular repertuarida „Goʻroʻgʻli“ turkumi dostonlari, „Oshiq Gʻarib“, „Oshiq Maxmud“, „Oshiq Oydin“, „Tohir va Zuhra“, „Layli va Majnun“, „Tulumbiy“ kabi dostonlar mavjud.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |