Xudoyberdi Toʻxtaboyev (1932-yil 17-dekabr Farg‘ona viloyati Oʻzbekiston tumani–2021-yil 21-mart[1] Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1991). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1982). Qoʻqon pedagogika bilim yurtini (1949), Oʻrta Osiyo universitetini tugatgan (1955). Oʻrta maktabda oʻqituvchi va direktor (1955–1958), „Toshkent haqiqati“ gazetasida adabiy xodim, boʻlim mudiri (1958–1962), „Sovet Oʻzbekistoni“ (1962–1970) gazetasida, „Guliston“ jurnalida (1970–1972), „Yosh gvardiya“ nashriyotida (1972) boʻlim mudiri va bosh muharrir oʻrinbosari (1974–1976), „Gulxan“, „Yosh kuch“ jurnallarida bosh muharrir (1977–1980), „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi boshqaruvi raisi (1980–1998). Dastlab jurnalist sifatida tanilgan, felyetonlar yozgan. Badiiy ijod bilan XX asr 50-yillarida shugʻullana boshlagan. Ilk hikoyalar toʻplami — „Shoshqaloq“ (1961). „Felyetondan keyin“ (1962), „Sir ochildi“ (1963), „Sehrli qalpoqcha“ (1964) singari qissalari, „Muhabbat qoʻshigʻi“ (1967), „Jonginam, shartingni ayt“ (1969), „Konizar yulduzlari“ (1978), „Omonboy bilan Davronboy sarguzashti“ (1974) va boshqa asarlar muallifi. „Sariq devni minib“ romani (1968) yozuvchiga katta shuhrat keltirgan. Shundan keyin „Sariq devning oʻlimi“ (1973), „Besh bolali yigitcha“ (1976), „Qasoskorning oltin boshi“ (1981), „Yillar va yoʻllar“ (1983), „Shirin qovunlar mamlakati“ (1986), „Mungli koʻzlar“ (1988), „Jannati odamlar“ (1996) romanlari nashr etildi. Xudoyberdi Toʻxtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning oʻziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yoʻsinda mahorat bilan tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi. Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻzbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari rus, ingliz, fransuz, nemis tillariga tarjima qilinib, 28ta mamlakatida nashr etilgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).

Xudoyberdi Toʻxtaboyev
Tavalludi 17-dekabr 1932-yil
Vafoti 21-mart 2021-yil(2021-03-21)
(88 yoshda)[1]
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Janr Sarguzasht, tarixiy asarlar
Shoh asari „Sariq devni minib“, „Mungli koʻzlar“
Mukofotlari

Oʻzbek bolalar yozuvchisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev 2021-yil 21-mart kuni 88 yoshda vafot etdi[1]. Shavkat Mirziyoyev yozuvchining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan[2].

Manbalar

tahrir