Yelboʼgʼoz, tuxum istisqosi – trofoblastik kasallik; xavfsiz oʻsma deb ham yuritiladi, chunki baʼzan ayrim bemorlarda yelboʼgʼoz metastazi kuzatiladi. Yelboʼgʼoz oʻsishi homila tuxumining ilk muddatlarida sodir boʻlib, bunda xorion vorsinkalari uzum shingiliga oʻxshash pufakchalar toʻplamiga aylanadi. Homila tuxumi butunlay yelboʼgʼoz pufakchalariga aylanishi yoki ayrim hollarda embrion saqlanib, platsenta yelboʼgʼozga aylanishi kuzatiladi. Baʼzan yelboʼgʼoz pufakchalari bachadonning muskul (miometriy) qavatiga ham oʻsib kiradi va bachadon devorining sirtiga, shuningdek, atrofidagi toʻqimalarga ham oʻtishi (destruksion yelboʼgʼoz) mumkin. Yelboʼgʼoz dastlab xuddi homiladorlikday kechsada, tezda qon keta boshlab, uzluksiz davom etadi. Bachadon homiladorlikning tegishli oyidagiga nisbatan kattaroq boʻladi; ona organizmi bilan homila orasidagi moddalar almashinuvi izdan chiqadi, koʻpincha homila nobud boʻladi. Ultratovush (UZI) apparati yelboʼgʼozni oson aniqlash imkonini beradi. Yelboʼgʼozni oʻz vaqtida aniqlab oldini olish zarur, aks holda qon ketishi, infeksiya rivojlanishi, xavfli oʻsma (xorionepitelioma)ga aylanib ketishi mumkin.

Davolash

tahrir

Bachadonni qirib tozalab yelboʼgʼoz olib tashlanadi va ayol maʼlum muddatgacha tibbiy tekshiruvdan oʻtib turadi. Yelboʼgʼoz boʻlgan ayolga bir yilgacha takror homilador boʻlishiga ruxsat etilmaydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil