Yaxshilik va yomonlik

falsafiy dixotomiya
(Yomonlikdan yoʻnaltirildi)

Yaxshilik va yomonlik – axloqshunoslik fanining juft tushunchasi. Odamlarning xatti-harakatlariga, ijtimoiy hodisalarga berilgan ijobiy yoki salbiy bahoni ifodalaydi.

Yaxshilik – eng muhim fazilat boʻlib, inson faoliyatining asl va azaliy mohiyatini anglatadi. U insonga kuchli ruhiy lazzat bagʻishlashi barobarida, uni shaxsga aylantiradigan haqiqiy baxtga olib boradi. Shuning uchun ham „ezgu (yaxshi) fikr“, „ezgu (yaxshi) soʻz“, „ezgu (yaxshi) amal“ tushunchalari Avestodan tortib, barcha muqaddas kitoblarda yetakchi oʻrin egallagan. Yaxshilik insonning axloqiy va amaliy faoliyatida yuzaga chiqib, unda kamtarlik, ochiqkoʻngillilik, mardlik, halollik, insoflilik, adolat, rostgoʻylik kabi fazilatlar mujassam boʻladi.

Yomonlik – yaxshilikning ziddi, shaxs va jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qiluvchi illat. Yolgʻonchilik, pastkashlik, munofikdik, behayolik, rahmsizlik, nomardlik, xiyonat kabi tushunchalarda namoyon boʻladi. Diniy nuqtai nazardan yaxshilik ilohiy inoyat, yomonlik esa insondagi shaytoniy va hayvoniy xislatlarning ifodasi tarzida talqin qilinadi; yaxshilik ham, yomonlik ham insonning ixtiyor erkinligidan qay darajada foydalanishining oqibati sanaladi.

Qurʼonda yaxshilik qilish insonning tabiiy burchi ekani, Alloh insonga oʻzining neʼmatlari bilan ehson qilganidek, inson ham boshqalarga yaxshilik qilishi lozimligi taʼkidlanadi. Musulmonlar tasavvuriga koʻra, odamlar bu dunyodagi yaxshi ishlari uchun narigi dunyoda mukofotini oladi, yaʼni huzur-halovatga muyassar boʻladi, yomon ishlari uchun doʻzax azobiga duchor etiladi. Qurʼonda bu haqida quyidagicha oyat kelgan:

„Agar chiroyli amallar qilsangizlar – oʻzlaringizga yaxshilik qilgan boʻlursizlar. Agar yomon, gunoh amallar qilsangizlar ham oʻzlaringiz uchundir“.

— Isro surasi, 7-oyat.

Keyingi davrlarda yaxshilik va yomonlik inson oʻz manfaatlarini himoya qilishda toʻgʻri yoki notoʻgʻri yoʻl tutishi natijasida yuzaga keladi, degan fikr oʻrtaga tashlandi. Mutafakkirlar yomonlikni inson hayotidan chiqarib tashlash uchun uni vujudga keltiruvchi ijtimoiy sharoitni yoʻq qilish zarur deb taʼlim beradi. Yaxshilik va yomonlik tushunchalari inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega: uni insonning ulugʻligi yoki tubanligini oʻlchaydigan muqaddas taroziga oʻxshatish mumkin. Inson shaxsidagi yutuq va kamchiliklar, jamiyatning takomilga erishgan yoki erishmagani shu mezonlar bilan oʻlchanadi. Qaysi jamiyatda yaxshilik koʻpayib, yomonlik kamayib borsa, oʻsha jamiyat axloqiy yuksaklikka, farovonlikka, taraqqiyotga tezroq erishadi; shaxsiy munosabatlarda xiyonat, gʻazab, kibr, hasad, qasd, munofiqlik kabi illatlar asta-sekin yoʻqolib, xushxulqlik, shirinsuxanlik, halollik, bagʻrikenglik singari fazilatlar koʻproq oʻrin egallab boradi, natijada jamiyatda yaxshilikning ustuvor boʻlishiga olib keladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Yaxshilik va yomonlik" OʻzME. Ya-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir