Yotoq yara – koʻpincha darmonsiz, ogʻir xastalik oqibatida uzoq vaqt koʻrpatoʻshak qilib yotib qolgan bemorlarda tananing suyak boʻrtib chiqqan joylari (dumgʻaza, tirsak, tovon, kallaning ensa qismi)da paydo boʻladigan yara. Asosan boʻrtib chiqqan suyaklar teri osti yogʻ qatlamining yupqaligi va terining doimo bosilib, mahalliy qon aylanishining buzilishi sabab boʻladi. Bunda yumshoq toʻqimalar iriydi. Uzoq vaqt bitmaydigan chuqur yotoq yara orqa miya shikastlanganda, shuningdek, orqa miyaning siqilib qolishi bilan kechadigan kasalliklarda; yirik nervlar, masalan, quymich nervi zararlanganda esa tovonda hosil boʻladi. Vitamin yetishmovchiligida, moddalar almashinuvi buzilganda yotoq yaraning paydo boʻlish xavfi koʻpayadi. Yurak-qon tomir sistemasi yetishmovchiligiga chalinib, tinka-madori qurigan bemorlarda yotoq yara tez – bir kun ichida hosil boʻlishi mumkin. Yotoq yarada yuqumli kasalliklar (toshmali terlama, ich terlama va b.) zoʻrayib ketadi. Shilliq qavatni yot jismlar qisib qoʻyganida ham yotoq yara paydo boʻlishi ehtimoli bor. Bemorni notekis toʻshakka yotqizish, choyshabning ifloslanib, yigʻilib qolishi, ich kiyimning choklari va burmalari qalin boʻlishi, uringa toʻkilgan ovqat qoldiqlari, bemorni pala-partish parvarish qilish yotoq yara hosil boʻlishiga olib keladi. yotoq yara asta-sekin rivojlanganda avvaliga chegarasi noaniq koʻkimtirqizil soha koʻzga tashlanadi, soʻngra epidermis (terining yuza qavati) koʻchib tusha boshlab, pufakchalar hosil boʻladi (bu jarayon boʻlmasligi ham mumkin). Ichkariga va yon tomonlarga yiringli shish tarqalib, muskul, pay va suyaklar usti ochilib qolib, nekroz (toʻqimalarning irishi) roʻy beradi. Yotoq yaradan saramas, flegmona, sepsis, gazli gangrena kabi asoratlar qolishi mumkin.

Oldini olish. Bemorni toʻgʻri parvarish qilish va holatini muntazam ravishda oʻzgartirib turish (agar bunga monelik boʻlmasa, miyasiga qon quyilmagan va miokard infarkti boʻlmagan boʻlsa); uni choyshab tekis qilib yozilgan maxsus toʻshakka yotqizish va hokazo. Yotoq yara hosil boʻlishi ehtimoli boʻlgan joylarga, masalan, dumgʻaza va quymich tagiga choyshab oʻralgan yoki jild kiydirilgan rezina tuvak, tovon tagiga ichiga paxta solingan doka doiralar qoʻyiladi; bemor qorni bilan yotganda esa bunday doiralar tizza qopqogʻi, doʻnglar va yonbosh suyaklari tagiga qoʻyiladi. Badanning eng koʻp botadigan joylari kuniga 1—2 mahal kamfora spirti yoki boshqa spirtli eritmalar bilan artib turiladi. Bunda yengil massaj (uqalash) ham qilib boriladi. Asosan ultrabinafsha nurlar, antiseptik vositalar, margansovka (kaliy permanganat) va hokazo bilan davolaniladi. Yotoq yara paydo boʻlganda bemorning umumiy ahvolini hisobga olgan holda doridarmonni vrach tayinlaydi[1].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil