Zulkifl maqbarasi
Zulkifl maqbarasi — Termiz yaqinida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (11 — 12-asrlar). Rivoyat qilinishicha, bu yerga paygʻambar Zulkifl dafn etilgan. Tarixiy manbalarda abbosiylarning atoqli lashkarboshlaridan Ishoq ibn Kunaja (992/993-yillarda vafot etgan) ham shu yerda dafn etilgani qayd qilingan. Maqbaraning ayni qurilgan yillari mavjud emas, lekin binolar 11-12-asrlarga tegishli boʻlib, Mahmud Gʻaznaviy davrida bunyod etilgan.
Zulkifl maqbarasi | |
---|---|
Muqobil nomlari | Zul Kifl maqbarasi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | maqbara |
Shahar | Termiz |
Mamlakat | Oʻzbekiston, Afgʻoniston |
Zulkifl maqbarasi |
Nomlanishi
tahrirBu maqbarada paygʻambar Zul Kifl dafn etilgan degan taxminlar mavjud. Zul Kifl paygʻambar Ayyubning oʻgʻli hisoblanadi. Qur’on va hadisda bu zot haqida maʼlumotlar deyarli berilmagan. Paygʻambar Zul Kifl haqida Anbiyo (85-48-oyatlar) va Sod suralarida aytib oʻtiladi[1].
Zul Kifl soʻzi „kafolat egasi“ degan maʼnoni anglatadi.
Joylashuvi
tahrirZul Kifl maqbarasi Amudaryo boʻyidagi Paygʻambar oroli[2] — Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi hududida joylashgan. Paygʻambar Zul Kifl ayni shu yerda dafn etilganligi sababli ham orol Paygʻambar oroli deb nomlana boshlangan.
Tuzilishi
tahrirAmudaryodagi Paygʻambar orolning janubiy qismida joylashgan masjid, goʻrxona va ularga tutash 2 xonadan tarkib topgan. Binolar turli davrlarda bunyod etilgan. Masjid murabba tarxli (maydoni 6,95 x 6,95 metr), gumbazli, oldi peshtoqli qilib qurilgan. Mehrobiga ganchkori giri naqsh ishlangan. Goʻrxona (maydoni 6 x 4 metr) masjid sathidan 1 metrcha baland qilib qurilgan, unda sagʻana saqlangan. Goʻrxonaning ikki eshigi orqali tutash qurilgan ikki xonaga oʻtish mumkin. Xonalar devoriga gʻishtlar mavjli shaklda terilgan[3].
Balxlik olim Muhammad ibn Valiy XVII asrda yozgan asari „Baxrul axror“ da paygʻambar Zul-Kiflning qabri haqida yozilgan.
Xalq orasida yurgan afsonalarda esa paygʻambar Zul-Kifl oʻz tanasini Amudaryoga tushirib, tobut qayerda toʻxtasa, oʻsha yerda dafn etishni vasiyat qilgan[4].
Paygʻambar oroli
tahrirPaygʻambar oroli jami 4000 gektar maydonni egallaydi. Orolning uzunligi sakkiz kilometr, kengligi esa taxminan besh-olti kilometrga teng. Mutaxassislarning fikricha, Amudaryo ayni shu orol hududiga yaqinlashganda oʻz tabiatini oʻzgartiradi. 1971-yilda bu hududa qoʻriqxona tashkil etilgan. Hozirda hudud Surxon davlat qoʻriqxonasi tarkibiga kiradi. Orolning 970 gektar maydonini oʻrmonzorlar tashkil etadi[5].
Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi
tahrirOrol Paygʻambar qoʻriqxonasi Amudaryo sohilida joylashgan boʻlib, uning janubiy qismida kichik ansambl shaklida maqbara bunyod etilgan. Shuningdek, u yerda katta gumbazli masjid, janubiy qirgʻoqqa tutash hududda kichik ibodatxona, gʻarbiy qismda esa ikki xona barpo etilgan.
Taʼmirlanishi
tahrirZul Kifl maqbarasi 2018-yil boshida qayta taʼmir qilingan. Lekin hozirda mazkur hudud Afgʻoniston Oʻzbekiston chegarasida joylashganligi uchun ham ziyorat qilish imkoni mavjud emas.
Adabiyot
tahrir- Termiz — Buyuk yoʻllar chorrahasidagi koʻhna va yangi shahar, Toshkent, 2001.
- „Zulkifl maqbarasi“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 4-jild (Zebunniso — Konigil). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2002 — 704-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „Зулкифл алайҳиссалом“. islom.uz (2019-yil 10-mart). Qaraldi: 08-2023.
- ↑ Nosir Muhammad. Turon davlatlari hukmdorlari. Toshkent: Dizayn-Press nashriyoti, 2013-yil — 98-bet. ISBN 978-9943-20-117-0.
- ↑ "Zulkifl maqbarasi" OʻzME. Z-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Zul-Kifl maqbarasi“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ Obirahmat Abdulg'oniy. „ZUL-KIFL payg'ambar qabri“. Advokat jurnali (2019-yil 8-may). Qaraldi: 08-2023.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |