Abdullajon (film)
„Abdullajon, yoki Steven Spielbergga bagʻishlanadi“ (ruscha: Абдулладжан, или Посвящается Стивену Спилбергу) — Zulfiqor Musoqov 1991-yil yaratgan ilmiy-fantastik kinokomediya[1]. „Abdullajon“ birinchi oʻzbek ilmiy fantastik filmi boʻlib, uni koʻplab tanqidchilar, rejissorlar va kino ishqibozlari post-sovet Oʻzbekistonda yaratilgan eng sara film oʻlaroq baholaydi[2].
Abdullajon | |
---|---|
Rejissyor(lar) | Zulfiqor Musoqov |
Ssenariynavis(lar) |
Zulfiqor Musoqov R. Muhammadjonov |
Rollarda |
Shuhrat Qayumov Rajab Adashev Toʻti Yusupova Toʻychi Oripov Hojiakbar Nurmatov |
Bastakor(lar) | Mirhalil Mahmudov |
Kinematografiya |
Talʼat Mansurov Vyacheslav Shin |
Studiya(lar) | Oʻzbekfilm |
Davomiyligi | 89 minut |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Tillar | Oʻzbek, rus |
Filmda yahudiylik va amerikalik rejisser Steven Spielberg yaratgan ilmiy-fantastik filmlarga ishoratlar bor. Film qorovul tomonidan Steven Spielbergga yuborilgan xat oʻlaroq birinchi shaxsda, chala, lekin kulgili rus tilida hikoya qilinadi[3]. Qahramonlarning aksari oʻzbekcha soʻzlaydi.
Syujeti
tahrirFilm qishloqdagi magazin qorovuli Sotiboldi nomidan „Steven aka Spielbergga“ birinchi shaxsda, chala, lekin kulgili rus tilida hikoya qilinadi. Filmda kemasi oʻzbek kolxoziga qulab tushuvchi oʻzga sayyoralik haqida hikoya qilinadi. Qishloq turgʻuni Bozorboy yoʻqolgan sigirini izlayotib oʻzga sayyoralikni uchratib qoladi. Spielbergga yozayotgan xatida Sotiboldi "„E.T. the Extra-Terrestrial“ filmidagi chiroyli, chiroqlari bor kemadan farqli oʻlaroq, Oʻzbekistonda qulab tushgan kema gorshokka oʻxshaydi, lekin haqiqiydir", deb yozadi.
Oʻzga sayyoralik oq tanli bola boʻlib, juda koʻp tilda gapira oladi, odamlar va jismlarni bir joydan ikkinchi joyga uchirib oʻtish va istalgan paytda yomgʻir yogʻdirish kabi turli moʻjizalarni bajara oladi. Bozorboy oʻzga sayyoralikka oʻz bobosi ismini berib, Abdullajon deb ataydi va olti oʻgʻliga qoʻshib, yettinch farzand qilib oladi. Qishloq ahli Abdullajon Bozorboyning qayerdadir rus ayoldan orttirgan noqonuniy oʻgʻli, deb oʻylashadi.
Bu orada Moskvadagi rus olimlar oʻzga sayyoralik qishloqqa tushishini bashorat qilib, kolxoz raisiga birorta oʻzga sayyoralikni koʻrib qolsa, darhol xabar berishni buyuradilar.
Qishloqda Bozorboy Abdullajonga yordam chaqirish imkonini beruvchi moslamani izlashda yordam beradi. Bozorboy moslamani topib oladi va Abdullajondan berkitadi. Keyinroq bu moslama Bozorboy yashirgan joydan gʻoyib boʻladi.
Bozorboy Abdullajonga barcha muammolarini hal qilish uchun „katta pul“ kerakligini aytadi. Abdullajon uni tom maʼnoda tushunib, oilaviy qozondan ulkan, lyuk tengi bir rubl tanga yasaydi. Keyin Bozorboy Abdullajondan qogʻoz rublni koʻpaytirishni soʻraydi. Abdullajon osonlik bilan bir dona qogʻoz puldan bir necha banknota yasaydi. Ammo Bozorboy pullarning birida qalbaki pul yasash noqonuniy ekanligini oʻqib qolganidan keyin, ikkisi barcha pullarini yoqib yuborishadi.
Abdullajon moʻjiza koʻrsatishda davom etadi: odamlarni ketmonlarda uchiradi, tovuqlarni bir daqiqada ellikta tuxum qoʻydiradi, ulkan meva-sabzavotlarni (jumladan, uch tonna vaznli tarvuzlarni) yetishtiradi, sigirlarni qirqta buzoq tugʻdiradi, mahalliy ustaga hi-fi videomagnitofon yaratish imkonini beradi.
Qishloq ahli moʻjizalar ortida Abdullajon turganini bilishmaydi. Bir piyonista kolxoz raisiga bir shisha aroq evaziga barcha qishloq ahliga moʻjizalarni kolxoz raisi bajarayotganini aytishni taklif qiladi. Rais bunga rozi boʻladi va moʻjizalar ortida oʻzi turganini aytadi. Qishloq ahli bilan oʻtkazilayotgan yigʻin paytida raisga maxsus ketmon sovgʻa qilinadi, ammo u boshqalarnikiga oʻxshab uchmaydi. Bozorboy raisga Abdullajon haqida aytadi. Rais keyin Abdullajondan uning ketmonini ham uchadigan qilib berishni soʻraydi. Ammo Abdullajon rais „kechirib boʻlmaydigan jinoyat“ga qoʻl urganini, yaʼni, asalari oʻldirganini aytib, rozi boʻlmaydi. Rais ketomoni uchishiga umid qilib, gʻazab bilan baland imorat tepasiga chiqadi. Ammo uning ketmoni uchmaydi va u yerga qulab, jarohatlanadi.
Moskva oʻzga sayyoralikni topish uchun tanklarni va harbiy uchoqlarni yuboradi. Abdullajonga yordam soʻrash imkonini beruvchi moslamani Bozorboyning ayoli yashirib qoʻygani ayon boʻladi. U moslamani Abdullajonga beradi va kuzatib qoʻyadi. Abdullajon boshqa gorshkok shaklidagi kemaga minib, uchib ketadi. Film oxirida Sotiboldi Steven Spielbergni qishlogʻiga, „katta tarvuz va qovun yeyishga hamda ketmonda uchishga“ taklif qiladi.[4]
Rollarda
tahrirAktyor | Rol |
---|---|
Shuhrat Qayumov | oʻzga sayyoralik Abdullajon |
Rajab Adashev | Abdullajonni "otasi" Bozorboy |
Toʻti Yusupova | Bozorboyni xotini Xolida |
Toʻychi Oripov | kolxoz raisi Rais ota |
Javlon Hamroyev | "vneshtatniy agent" Yoʻldosh |
Hojiakbar Nurmatov | Hasan |
Jamol Hoshimov | kolxoz ischisi Matqobul |
Ergash Moʻminov | Bozorboyni o'g'li Boltaboy |
Vladimir Menshov | general Ivan Ivanovich |
Rajab Adashev
tahrirAktyor Rajab Adashev „Abdullajon“ filmida kastingdan oʻta olmagani va qanday qilib bosh rolni ijro etgani haqida Intervyu tvga quyidagilarni gapirib berdi[5]:
„Abdullajon“ filmi ijodiy guruhini „O‘zbekfilm“dan o‘zim kuzatib qo‘yganman. Ichimda "filmga tasdiqlanmaganim uchun hech qanday achinish yoki „tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgandek“ holat bo‘lmagan, lekin „ketishdi-ya, ketishdi“, degan xayol ham o‘tgan.
Ijodiy guruh 1991-yilning 17-sentabrida suratga olish maydoniga ketishgan bo‘lsa, ertasi kuni soat 5 larda Bozorboy Abdullajon bilan qarindoshlar jam bo‘lgan uyga kirib kelgan sahnaning tasvirga olish ishlari bilan boshlanar edi.
To‘ytepada ikki qavatli mehmonxonada turishgan, jamoa taxminan soat 12-13 larda tushlik qilgan, mehmonxona pastidagi oshxonasiga tushishgan. Obid aka ham tushgan, o‘zlari o‘tirganlarmi, sheriklari bilanmi, xullas nariroqda o‘tirgan ikki namanganlik „Iye, O‘tkuriy-ku“ deb tanib qolishadi va kelib salomlashib, yoniga o‘tirishadi. Yonidan shishani chiqarib, „Obid aka, Namanganga borganda odamlarga nima deyman? Shu odam bilan ko‘rishdim, anaqa bo‘lmadi deymanmi?“ deb, boshlashgan. 3 kishi bitta shishani yoki ikkitani bo‘shatishgan.
Soat ikki yoki uchda yotishgan. To‘rt yarimda uyg‘otish boshlangan, Grisha degan yordamchi bor edi, „Obid aka, na syomki“ deb chaqirganida, Obid aka shirakayf holda chiqib kelgan va „Men tayyorman“ deb turgan joyida rejissor ham ko‘rib qoladi. O‘shanda Obid aka mardlik qilib, shartta kiyim-kechaklarini yig‘ishtirib Toshkentga jo‘nab ketgan. Shu bilan keyin ijodiy guruh meni qidirishni boshlashgan.
O‘sha oqshomni o‘zida menga Farhod ismli film direktori telefon qilib, kelib olib ketdi. Borganimda, ayni men bola bilan kirib keladigan sahnada, ayolim, bolalarimni olayotgan ekan. Keyin men ham o‘sha yerdan kirishib ketganman.
Tez moslashib ketishimga rejissor Zulfiqor Musoqovning xizmati katta. U hammaga „Obid aka o‘ynamaydigan bo‘ldi, Rajab Adashev o‘ynaydi, u hozir keladi“ deb tayinlab chiqqan ekan. Kelganimda hech kim „Iye, Obid Yunusov o‘ynashi kerak edi-ku“ deb hayron bo‘lmadi. Hatto o‘zimda ham shunga o‘xshash fikr keyinchalik paydo bo‘lgandi. Film olinib bo‘lingach, juda ko‘p vaqtdan so‘ng, rahmatli To‘ti Yusupova olamdan o‘tganidan keyin turli xayollar keldi: Shular nimani o‘ylagan ekan? Obid Yunusov bilan rol o‘ynashni kutayotgan odamlar birdan meni ko‘rib g‘alati bo‘lmaganmikin?
Lekin professional aktyorlar hech narsani bildirmasdan turib, men bilan chinakamiga, dildan o‘ynashni boshlashgan. Chunki usta aktyor usta aktyor-da!
Men bu narsaga eʼtibor bermaganman, sababi holatni tabiiy qabul qilganman.
Rejissor menga aytganki, "Rajab aka, bu mening uchinchi kartinam. Iloji boricha samimiy o‘ynang. Hech qanaqa siyosiy gazetalar o‘qimang, televizor ham ko‘rmang. Bu shunaqa faqat o‘zining oilasini, mol-holini, yerini o‘ylaydigan Bozorboy aka, u shunaqa odam deb tushuntirgan. Men o‘shanda nozik joyini topganman, Zulfiqor Musoqov ham har bir epizodda maʼqullab turgan[5].
— Rajab Dashev, in
Manbalar
tahrir- ↑ „Abdulladzhan, ili posvyashchaetsya Stivenu Spilbergu“ (ruscha). Kinopoisk. Qaraldi: 18-mart 2012-yil.
- ↑ „On the occasion of the 21st anniversary of Uzbekistan's independence Darakchi announces the list of 21 best Uzbek films“ (oʻzbekcha). CA-NEWS (4-sentabr 2012-yil). Qaraldi: 15-oktabr 2014-yil.
- ↑ „Abdulladzhan, ili posvyashchaetsya Stivenu Spilbergu“ (ruscha). KM. Qaraldi: 18-mart 2012-yil.
- ↑ http://m.kino-teatr.ru/kino/movie/sov/99/titr/
- ↑ 5,0 5,1 „Rajab Adashev kastingdan o‘ta olmagan “Abdullajon” filmida qanday qilib bosh rolni ijro etgani haqida gapirib berdi (video)“ (oʻzbekcha). Daryo.uz. Qaraldi: 13-noyabr.