Abdulaziz al-Maymaniy

Abdulaziz al-Maymaniy arabshunos olim

Abdulaziz al-Maymaniy (arabcha: عبد العزيز الميمني – Abdulaziz ibn Abdulkarim al-Maymaniy ar-Rajkutiy) – arabshunos olim.

Abdulaziz al-Maymaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1888-yil
Vafoti milodiy 1978-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi arabshunos olim

Hayoti

tahrir

Hindistonning Katxiavar viloyatida tavallud topgan Abdulaziz al-Maymaniy boshlangʻich taʼlimni tugatgandan soʻng, otasining tashviqi bilan ilm oʻrganishga qaror qiladi. Oʻqishni davom ettirish uchun Dehli, Rampur, Lakhnav va Amroha kabi ilm markazlariga borib, shamsul-ulamo Nazir Ahmad ad-Dehlaviy, 1908-yilda hadis rivoyati uchun ijoza bergan al-Husayn ibn Muhsin al-Ansoriy va Muhammad Tayyib al-Makkiy kabi davrining mashhur olimlaridan dars oladi. Oʻspirinlik davridan arab adabiyotiningAl-Mu’allaqāt al-­’ashr“, „Dӣvān al-hamāsa“, „Dӣvān al-­mutanabbӣ“, „Al-Jamhara“, „Al-Mufazzaliyyāt“, „Al-Kāmil“, „Al-Bayān va-t-tab­yӣn“, „Adab al-kātib“ kabi mashhur asarlarini oʻqiydi. Mashhur arab shoirlarining qalamiga mansub 70.000 bayt­dan ortiq sheʼrlarni yod olgan. Shu bilan bir qatorda, u fors tilini ham oʻrganib, fors adabiyotining „Al-Mu’jam fi osor muluki-l-’ajam“ kabi mumtoz asarlarini oʻrganadi.

Faoliyati

tahrir

1909-yilda Panjob universitetining arab-fors fakultetini tamomlaganidan soʻng 1913-yilda Peshovardagi Edvard kolleji (Edward College)da arab va fors tillaridan mudarrislik qiladi. Ke­yinchalik, 1921-yilda Lohurdagi Sharqshunoslik kolleji (Oriental College)da arab tili va adabiyoti boʻlimida faoliyat olib boradi. 1924-yilda Aligarx universitetida arab tili oʻqituvchisi vazifasiga ta­yinlanadi, keyinchalik arab tili va adabiyoti kafedrasi mudiri boʻladi. 1950-yilda mazkur universitetdan nafaqaga chiqadi, soʻng 1954-yilda Pokistonga keladi va 1955-1958-yillarda Karachi universitetida, keyin Panjob universitetida arab filologiya­si kafedrasi professori etib tayinlanadi. Shu bilan bir qatorda, Pokiston hukumati tomonidan Karachida tashkil etilgan Islom tadqiqotlari markazining (Central Institute of Islamic Research; hozirgi nomi Islamic Research Institute) ilk rahbari boʻladi va 1960-yilga qadar ushbu vazifada faoliyat olib boradi. Markaz kutubxonasida nodir qoʻlyozmalarni jamlashni yoʻlga qoʻyadi. Baʼzi qoʻlyozma manbalarni aniqlab, ulardan nusxalar olish uchun Hindiston, Turkiya, Suriya, Iroq va Misr kabi mamlakatlarga koʻp marotaba safar qilgan. U arab tilidagi qoʻlyozma manbalarni oʻrganishda davrining eng salohiyatli mutaxassisi, deb eʼtirof etilgan. 1960-yilda qoʻlyozma manbalarni nashr etish borasidagi fikrlarini bilish maqsadida Suriya Madaniyat vazirligi tomonidan Shomga taklif etilgan. Arab tili va adabiyoti sohasida chuqur bilimga ega boʻlgani va sohadagi faoliyati tufayli arab dunyo­sida "Imom al-lugʻa" laqabi bilan tilga olingan.

Abdulaziz al-Maymaniy Damashq va Qohiradagi Arab tili akademiyalariga ham aʼzo boʻlgan, ularning „Majalla al-majmaʼ al-’ilmӣ al-Hindӣ“, „Majalla al-maʼārif“ kabi ilmiy nashrlarida koʻplab maqolalari chop etilgan. Olim, shuningdek, turli ilmiy konferensiyalarda koʻplab maʼruzalar qilgan.

Mukofoti

tahrir

Abdulaziz al-Maymaniy 1977-yilda arab tili va madaniyati bilan bogʻliq tadqiqotlari uchun „Suriya yuksak sharaf ordeni“ bilan mukofotlangan.

Asarlari

tahrir

– „Abu-l-Alā va mā ilayh“ (Qohira, 1344-hijriy yil). Abu-l-Alo al-Maʼarriyning hayoti va shaxsiyati haqida bugungacha olib borilgan ishlarning eng muhimi va mukammali deb eʼtirof qilinuvchi ushbu tadqiqot Abdulaziz al-Maymaniyning eng yirik asarlaridan hisoblanadi.

– „Iqlӣd al-xizāna“ (Lohur, 1927-yil).

– „Salās rasāil“ (Qohira, 1344-hijriy yil). Abu-l-Husayn Ahmad ibn Foris, Ali ibn Ham­za al-Kisoiy va Muhyiddin ibn al-­Arabiylarning risolalari tahlilidan tashkil topgan asar.

– „At-Tarāif al-adabiyya“ (Qohira, 1393-hijriy yil).

Abdulaziz al-Maymaniy, shuningdek, qator asarlarning ilmiy-tanqidiy matnini ham amalga oshirgan.

Ilk asarlarida Abu-l-Barakot va Abu Umar kunyalarini qoʻllagan Abdulaziz al-Maymaniy keyinchalik al-Maymaniy ar-Rajkutiy nisbalari bilan tanilib, shuhrat qozonadi. Baʼzi asarlarida uning al-Hindiy, as-Salafiy va al-Asariy nisbalari ham uchraydi[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Kahhola. Al-Mustadrak. – Bayrut: 387-388;
  • Abu-l-Hasan Ali an-Nadviy. Risāla ash-shayx Abu-l-Hasan an-Nadvӣ. Majalla al-majmaʼ al-’ilm al-Hindiy. – Aligarx: 1976. 5;
  • Shokir al-Fahhom. Abdulazӣz al-Maymanӣ. Majalla al-majmaʼ al-­’arabӣ bi-Dimashq. – Damashq: 1979. 236-279. A. S. Bazmee Ansari. „Professor Abd al-Azız al-Meymanıa (Memon)“. HI, II/2 (1979). 113-115;
  • Ahmed Han. „Abdülazîz el-Meymenî“. MMLAD. LV/1 (1980). 210-212;
  • Moh. Ben Cheneb. „Kalî“. İA. VI, 133-134;
  • R. Sellheim. „al-Kalı“. EI2 (İng.). IV, 501-502;
  • Zülfikar Tüccar. „Abdülazîz el-Meymenî“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 192-193.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.