Abdulloh ibn Maxrama

Abdulloh ibn Maxrama sahoba

Abdulloh ibn Maxrama (arabcha: عبد الله بن مخرمة — Abu Muhammad Abdulloh ibn Maxrama ibn Abduluzzo ibn Abu-l-Qays al-Qurashiy al-Omiriy, ? — 12/633, Shom/Yamoma) — sahoba.

Abu Muhammad Abdulloh ibn Maxrama ibn Abduluzzo ibn Abu-l-Qays al-Qurashiy al-Omiriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 633-yil (hijriy 12-yil)
Shom
Oʻlim sababi Yamoma jangi
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Hayoti

tahrir

Abdulloh ibn Maxram Quraysh qabilasining Bani Omir ibn Luay urug‘iga mansub bo‘lgan. Sahobalar tarixi haqidagi manbalarda onasining ismi turlicha keltirilgan. Jumladan, Ibn Abdulbarning "Istӣ’āb"ida Ummu Nuhayk bint Safvon, Ibn Hajarning „al-Isāba“ asarida Bahnona bint Safvon bin Umayya bin Muharrab deb zikr qilingan. Abdulloh ibn Maxrama Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan sahoba, Habashistonga hijrat qilgan muhojirlardan. Tarixchilar uning Habashistonga hijrati haqida ixtilof qilganlar. Al-Voqidiy uni Habashistonga ikki bor hijrat qilgan desa, Ibn Ishoq nubuvvatning oltinchi yili Ja’far ibn Abu Tolib bilan hijrat qilgan deydi. Muso ibn Uqba va Abu Maʼshar al-Balxiylar uni har ikki hijratda muhojirlar orasida zikr qilmaganlar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning „Islom tarixi“ kitobida Habashistonga birinchi hijrat qilgan o‘n olti nafar muhojirlar orasida ham Abdulloh ibn Maxramaning ismi zikr qilinmagan. Biroq uning Yasribga hijrat qilgani va u yerda Kulsum ibn al-Hidmning uyiga tushgani aniq. Bu vaqtda u o‘ttiz yoshda bo‘lgan. Payg‘ambar Yasribda u va Farva ibn Amr al-Ansoriy al-Bayoziy o‘rtasida birodarlik aloqasini o‘rnatadilar. Abdulloh ibn Maxrama Payg‘ambar bilan birga Badr jangidan boshlab barcha g‘azotlarda qatnashgan. Payg‘ambar vafotlaridan keyin bo‘lib o‘tgan ridda urushida ham ishtirok etgan. Obidligi bilan tanilgan Abdulloh ibn Maxrama Alloh yo‘lida shahid bo‘lishni orzu qilgan. Uning bu orzusi qirq bir yoshida Yamoma jangida ushaladi. Abdulloh ibn Umar uni jang maydonida jon berayotgan vaqtida ko‘rganida iftor vaqti bo‘lganini so‘­rab, ro‘zasini ochishi uchun qalqonida ozgina suv keltirishini so‘raydi. Ammo u suvni keltirgunicha Abdulloh ibn Maxrama ro‘zasini ochishga ulgurmay jon taslim qiladi[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Ibn Ishoq. As-Sӣra. — Rabot: 1967. 207;
  2. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. — London: 1965-66. I, 156, 341; II, 496;
  3. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. I, 352; II, 7, 341;
  4. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. III, 404;
  5. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 379;
  6. Kemal Sandikçi. „Abdullah b. Mahreme“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 114;
  7. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. — T.: „Movarounnahr“, 2017. 670;
  8. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. — T.: „HİLOL-NASHR“ 2017. I, 222-223.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.