Abdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiy
Abdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiy (arabvha: عبد القادر بن محمد الفیّومی — Abdulqodir ibn Muhammad ibn Ahmad al-Fayyumiy,?, Misr — 1022/1613, Qohira) — shofeʼiy faqihi, matematik va astronom.
Abdulqodir ibn Muhammad ibn Ahmad al-Fayyumiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 1613-yil (hijriy 1022-yil) |
Dini | Islom |
Hayoti va faoliyati
tahrirHayoti haqida batafsil maʼlumotlar uchramaydi. Misrning Fayyum shahrida tavallud topgan. Dastavval, qohiralik olim Shamsuddin ar-Ramliydan shofeʼiy mazhabi fiqhidan taʼlim olgan. Keyinchalik Shihobuddin Ahmad ibn Ahmad as-Sunbatiy, Abu-n-Najo Salim as-Sanhuriy va Solih ibn Ahmad al-Bulqiniy kabi ulamolardan dars oladi. Sayyid Sharif at-Tahhondan matematika fanini o‘rganadi. U hadis, fiqh, faroiz hamda matematika, astronomiya, ilmi miyqot kabi ilmlarda olimlik darajasiga yetgan. Shuningdek, musiqa bilan ham shug‘ullangan. Abdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiyning tasavvufga ham aloqasi bo‘lgan. Solih ibn Ahmad al-Bulqiniydan qutb kim ekani so‘ralganda, u „qutbni ko‘rishni istagan Abdulqodirga boqsin“ deb aytgan. Abdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiyning o‘g‘li Abdulbar o‘z davrining buyuk adiblaridan biri hisoblanadi.
Shogirdlari
tahrirAbdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiy o‘z fatvolari bilan xalqni to‘g‘rilikka boshlagan, shu bilan bir qatorda fiqh, tasavvuf, arab adabiyoti, astronomiya, matematikaga oid turli sohalarda ko‘p sonli asarlar yozib qoldirgan hamda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Asarlari
tahrir- „Jadāvil maxlӯl matāli’ al-falakiyya“;
- „Jadāvil ixtilāf manzar al-qamar“;
- „Nazm al-javāhir va-l-yavāqӣt“;
- „Sharh murshida at-tālib“;
- „Al-Maqāmāt al-badi’iyya fӣ vasf jamāl al-maʼālim al-Makkiyya“;
- „Raf’ al-xilāf“;
- „Sharh nuzha an-nuzzār“.
Manbalarda shuningdek, Abdulqodir ibn Muhammad al-Fayyumiyning „Sharh al-minhāj“, „Ar-Ravz al-muhazzab“, „Sharh al-manzӯma ar-rahabiyya“ nomli asarlari, Ibn al-Hoimning algebraga oid „Al-Muqni’“ nomli kitobiga yozgan sharhi borligi zikr qilingan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Al-Muhibbiy. Xulāsa al-asar. II, 291-298, 456-457;
- Suter. Die Mathematiker. 171, 193-194;
- Hadiyya al-’ārifӣn. I, 600;
- Ӣzāh al-maknӯn. I, 590; II, 181, 185, 547, 638, 643;
- Brockelmann. GAL. Suppl., II, 486;
- Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. — Bayrut: „Dor al-’ilm li-l-maloyin“, 1979; IV, 168;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. V, 298;
- D. A. King. Fihris al-maxtӯtāt al-’ilmiyya al-mahfӯzāt bi-dār al-kutub al-Misriyya. — Qohira: 1986. II, 911;
- Salim Öğüt. „Feyyûmî, Abdülkādir b. Muhammed“. TDV İA. — İstanbul: 1995. XII, 515-516.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |