Abu Abdulloh al-Basriy
Abu Abdulloh al-Basriy (arabcha: أبو عبد الله البصري — Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ali ibn Ibrohim al-Basriy) — mu’tazila mazhabining peshqadam kalom olimi, hanafiy faqihi.
Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ali ibn Ibrohim al-Basriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 902-yil (hijriy 289-yil) |
Vafoti |
milodiy 979-980-yil (hijriy 369-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | kalom olimi, hanafiy faqihi |
Manbalarda Abu Abdulloh al-Basriyning tavallud sanasi sifatida 905 (hijriy 293)-yil, 920 (hijriy 308)-yillar ham ko‘rsatilgan. Katta ehtimol bilan 923 (hijriy 311)-yilda davomli tahlika tashkil qilgan qarmatiylar zulmidan qutulish maqsadida yoshligida Basradan safar qilishga majbur bo‘lgan.
Taʼlimi
tahrirO‘sha davrda Askar mukramda bo‘lgan, Basra mu’tazila maktabi asoschilaridan sanalgan Abu Hoshim al-Jubboiy va shogirdi Abu Ali ibn Xallod al-Basriylardan tahsil olgan. Gʻayrati va tirishqoqligi bilan ilmda ulardan ilgarilab ketadi. Abu Abdulloh al-Basriy hayotining asosiy qismini Bag‘dodda kechiradi. Uzoq muddat mashhur hanafiy faqihi Abu-l-Hasan al-Karxiyning darslariga qatnashib, undan hanafiy fiqhini o‘rganadi. Zuhd va ibodat bilan bir qatorda taʼlim faoliyatiga eʼtibor qaratadi. U kunduzlari asr namozigacha istirohat qilib, kechasi dars o‘qitar hamda kitob taʼlif qilish bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Hamdoniy amiri bilan munosabati
tahrirX asrning boshlaridan eʼtiboran mu’tazila oqimi o‘z nufuzini yo‘qotishi bilan birga, mazhabning Bag‘doddagi vakili Ibn al-Ixshid va shogirlarining Abu Hoshim al-Jubboiy fikrlariga keskin qarshi chiqishlari sababli, Abu Abdulloh al-Basriy bu davrdagi faoliyatida katta ko‘ngilsizliklar bilan qarama-qarshi kelganini ko‘rish mumkin. Hamdoniy amiri Sayfud-davla al-Karxiydan „har bir mujtahid haq“ tarzidagi iboraning izohini so‘raganida, al-Karxiy bu mavzuni Abu Abdulloh al-Basriyga havola qilgan. U ham mazkur mavzuga „Al-Usӯl“ va „Naqd al-futyā“ nomli asarlari bilan javob bergan. Natijada amir bilan orasidagi munosabatlar yaxshilangan Abu Abdulloh al-Basriy, hayotining oxirida falaj bo‘lib qolgan al-Karxiyni Sayfud-davla tomonidan moliyaviy taʼminotga erishishiga ham sababchi bo‘lgan.
Shuningdek, Abu Abdulloh al-Basriyga oid, keyinchalik mashhur bo‘lgan moʻtadil shia tamoyillari ham bu yaqinlikdan vujudga kelgani tushuniladi. U mazkur tamoyillarini buvayhiylar va zaydiylarning eʼtiborini tortish uchun ham qo‘llagan. Mu’izzud-davlaning Bag‘dodni qo‘lga kiritganidan so‘ng, (milodiy 945-yil, hijriy 334-yil) uning vaziri Hasan ibn Muhammad al-Muhallabiyning dastagiga erishgan Abu Abdulloh al-Basriy, (milodiy 958-yil, hijriy 347-yil)da Bag‘dodga kelgan Sohib ibn Abbod bilan ham do‘stlik aloqalarini o‘rnatgan. Abu Hayyon at-Tavhidiy mazkur Sohib ibn Abbod va unga yaqin kimsalarni yoqtirmasligi sababli, Abu Abdulloh al-Basriy haqida so‘z ketganida unga xayolparast, balog‘at mavzusida zaif, munozarada qo‘pol, obro‘siz, tarafkash va siyosiy nufuzidan ustalik bilan foydalanuvchi shaxs deya tavsif bergan.
Vafoti
tahrirAbu Abdulloh al-Basriy Bag‘dodda vafot etgan. Uning janoza namozi mu’tazila nahv olimi Abu Ali al-Forisiy tomonidan ado qilingan va ustozi Abu-l-Hasan al-Karxiy qabri yoniga dafn qilingan.
Qarashlari
tahrirAbu Abdulloh al-Basriyning fikrlari, shogirdi al-Qoziy Abduljabbor al-Hamadoniyning turli asarlarida, iqtiboslar holatida uchraydi. Al-Qoziy Abduljabbor ustoziga nisbatan qarzini shu yo‘l orqali ado qilish bilan birga, uning qarashlariga zid fikrlarni ham aytadi. Abu Abdulloh al-Basriyning o‘ziga xos qarashlari haqida fikr bildirish mushkul vazifadir. U mu’tazila mutakallimi bo‘lishi bilan birga Abu Ali al-Jubboiyni tanqid qiladi, ustozi Abu Hoshim bilan ham fikrlari ayro keladi. „Kitāb at-tafzӣl“ asarida ko‘proq zaydiy shia tamoyillarini quvvatlovchi tortishuvlarga o‘rin ajratib, shia rivoyatlariga tayangan holda ularning to‘g‘riligini isbot qilishga harakat qilgan. Ali va Abu Bakrlarning fazilatlari, qilgan ishlarini baholab qiyoslagan, bu mavzuda Alining ustunligini eʼlon qilgan Abu Jaʼfar al-Iskofiyning fikrlariga qo‘shilgan. Shuningdek, Umarni Islomning ilk yillarida musulmon bo‘lgani va Alining qizi Ummu Kulsum bilan nikohlanganini Mu’izzud-davlaning huzurida ochiq bayon qilib, rofiziylarga taslim bo‘lmagan.
Fiqhiy masalalarda ustozi bo‘lishiga qaramay, al-Karxiydan ajralib, ko‘plab mavzularda undan ustun bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ustozining baʼzi qarashlarini faqatgina „Abu-l-Hasandan“ qaydi bilan naql qiladi. Baʼzi taʼriflarga bergan tushunchalar bilan keyingi avlodga taʼsir o‘tkazgan Abu Abdulloh al-Basriy, xos, om, ijmo, qiyos, illat va nasx mavzularidagi qarashlarini maʼlum qilib, ayniqsa, nasx va hadislar qabuli xususida zamondoshlarining ko‘pi bilan ixtilofga borgan.
Furu’ al-fiqhga doir qarashlarini esa, al-Karxiyning „Muxtasar“iga yozgan sharhida bayon qilgan. Nabiz ichish va namozda o‘qiladigan suralarga oid masalalarda hanafiy fiqhiga uyg‘un o‘laroq, joiz ko‘rishi bilan birga, imomiyyaning mutʼa nikohini mashru’ sanagan qarashini rad qiladi va bu xususda zaydiyya fiqhiga moyil bo‘lgani mazkur mavzularda yozgan monografiyalaridan tushuniladi.
Kalom mavzusida baʼzi shaxsiy fikrlari bo‘lishi bilan birga ko‘pincha Basra mu’tazila maktabiga ergashgan Abu Abdulloh al-Basriy, olamning abadiyligi qarashiga keskin qarshi chiqqan, bu mavzu bilan bog‘liq ikki asarlarini Ibn ar-Rovandiy va Abu Bakr ar-Roziylarga raddiya sifatida yozgan.
Asarlari
tahrirManbalarda Abu Abdulloh al-Basriy yigirmata asar muallifi ekani zikr qilinadi. Ulardan bizgacha yetib kelganlari quyidagilar:
- „Naqz kalām ar-Rāvandӣ“. Ibn ar-Rovandiyning moddaning azaliyligiga doir qarashiga raddiya sifatida yozilgan asar;
- „Naqz kitāb ar-Rāzӣ“. Abu Bakr ar-Roziyga raddiya tarzida yozilgan asar;
- „Al-Kalām fӣ annallāha taʼāla lam yazal mavjӯdan va lā shay’a sivāhu ilā an xalaq al-xalq“;
- „Naqz al-mu’jiza“. Abu-l-Hasan al-Ash’ariyning „Al-Mu’jiza“ nomli asariga raddiya;
- „Al-Javāb ’an mas’alatay ash-shayx Abӣ Muhammad ar-Rāmhurmuzӣ“;
- „Kitāb al-Ӣmān“;
- „Kitāb al-iqrār“;
- „Kitāb al-maʼrifa“;
- „Sharh muxtasar Abi-l-Hasan al-Karxӣ“;
- „Kitāb al-ashriba va tahlӣl nabӣz at-tamr“;
- „Kitāb tahrӣm al-mutʼa“ va boshqalar[1].
Adabiyotlar
tahrir- Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. 222, 248, 261, 294;
- Abu Hayyon at-Tavhidiy. Axlāq al-vazӣrayn. — Damashq. 1385/1965. 200;
- Abu Hayyon at-Tavhidiy. Al-Imtā’ va-l-mu’ānasa. — Qohira. 1953. I, 40;
- Abu Hayyon at-Tavhidiy. Muqābasāt. — Bag‘dod: 1970. 159;
- Qozi Abduljabbor. Al-Mug‘nӣ. — Qohira: 1962-65. XVII. XX/1, 131, 216; XX/2, 216, 257;
- Qozi Abduljabbor. Al-Muhӣt. — Qohira: Ash-Sharikat al-Misriyya. 239, 332, 344;
- Qozi Abduljabbor. Sharh al-usӯl al-xamsa. — Qohira: 1965. 548;
- Qozi Abduljabbor. Tabaqāt al-mu’tazila. — Tunis. 1393/1974. 325-328;
- Abu-l-Husayn al-Basriy. Al-Mu’tamad. I-II;
- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. VIII, 73; X, 355;
- Sheroziy. Tabaqāt al-fuqahā. 143;
- Hokim al-Jushamiy. Sharh al-’uyӯn. — Tunis: 1974. 366, 371;
- Ibn al-Javziy. Al-Muntazam. VII, 101;
- Az-Zahabiy. Siyar. XVI, 224;
- Az-Zahabiy. Al-Ibar. II, 351;
- as-Safadiy. Al-Vāfӣ. — Bayrut: 1984. 13. 17;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. III, 68;
- J. van Ess. „Abū ʿAbd Allāh al-Baṣrī“. EI2 Suppl. (İng.). 12-14;
- „Ebû Abdullah el-Basrî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 84-85.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |