Abu Jandal (arabcha: أبو جندل — Al-Os ibn Suhayl ibn Amr al-Omiriy al-Qurashiy) — sahoba.

Al-Os ibn Suhayl ibn Amr al-Omiriy al-Qurashiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 639-yil (hijriy 18-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Biografiyasi tahrir

Islomni qabul qilganidan keyin Abu Jandal kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Baʼzi manbalarda ukasi Abdulloh ibn Suhayl bilan chalkashtirilib, u bilan bog‘liq baʼzi voqealar Abu Jandalga nisbat berilgan. Abu Jandal Badr g‘azotidan avval Makkada musulmon bo‘lgan. Shu bois otasi uni qamab zanjirband qiladi va hijrat qilishiga izn bermaydi. Hudaybiya sulhida (6/628-yil) makkaliklar vakili bo‘lgan otasi Suhayl ibn Amr bilan Payg‘ambar kelishuvning yozma matnini imzolash taraddudida turganida Abu Jandal oyoqlari zanjirband qilingan holda Makkadan qochib keladi. Buni ko‘rgan Suhayl Payg‘ambardan kelishuvga muvofiq o‘g‘li ortga qaytishini talab qiladi. Rasululloh kelishuv hali imzolanmaganini aytsa-da, Suhayl buni qabul qilmaydi va o‘g‘li qaytarilmagunicha kelishuv qog‘oziga imzo chekmasligini taʼkidlaydi. U o‘g‘liga zarar bermaslikka vaʼda berib, uni olib ketishga kirishadi. Musulmonlarni taassufga solgan va „Yavmu Abi Jandal“ deb tilga olinadigan bu voqeadan qattiq xafa bo‘lgan Payg‘ambar Abu Jandalga taskin berishga harakat qiladilar va kelishuvga sodiq qolishga Alloh nomi bilan so‘z berganlarini aytib, unga sabr tilaydilar.

Hudaybiya sulhidan keyin musulmon bo‘lib Madinaga kelgan, ammo quraysh­liklarning xohishiga ko‘ra, ortga qaytarilgan va muhofizlardan birini o‘ldirib, Qizil dengiz sohilidagi „Siyf al-bahr“ga qochgan Abu Basiyr haqida eshitgach, Abu Jandal ham o‘zi kabi hibs qilingan 70 ta musulmon bilan o‘sha yerga qochadi. „Siyf al-bahr“da yig‘ilgan musulmonlarning tijorat karvonlari uchun xavfli bir kuchga aylanganini eshitgan qurayshliklar shartnomada Madinaga ketganlarni ortga qaytarish haqidagi qayd qilingan shartdan voz kechganlari, xossatan Abu Basiyr, Abu Jandal va ularning safdoshlarini Madinaga kiritilishiga rozi ekanlarini maʼlum qiladilar. Buning evaziga tijorat karvonlarining xavfsizligi taʼminlanishini so‘raydilar. Payg‘ambar Abu Basiyr va boshqalarga maktub yuborib, Madinaga kelishlarini buyuradi. Maktub „Siyf al-bahr“ga yetib borganidan bir oz keyin Abu Basiyr vafot etadi. Uning vafotidan so‘ng, u yerdagi musulmonlarga bosh bo‘lgan Abu Jandal, safdoshlari bilan birga Madinaga qaytadi.

Payg‘ambar vafotiga qadar Madinada qolgan Abu Jandal barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Makka fath etilgan kun musulmon bo‘lgan otasi bilan birga Damashq fathida qatnashadilar.

Vafoti tahrir

Baʼzi manbalarga ko‘ra, Abu Jandal Yamoma jangida (12/633-yil) ishtirok etib, o‘ttiz sakkiz yoshida vafot etgan. Boshqa rivoyatga ko‘ra esa, 18-yil (639-yil)da Urdunda tarqalgan vabo sababli otasi bilan bir vaqtda vafot etgan[1].

Adabiyotlar tahrir

  1. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. II, 607-609, 630;
  2. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. IV, 33-35;
  3. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. IV, 54-56;
  4. Az-Zahabiy. Siyar. I, 192-193;
  5. Ibn Hajar. Al-Isāba. IV, 34;
  6. Asri Çubukçu. „Ebu Cendel“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 118-119.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.