Abu Ali al-Mansur ibn al-Mustaʼliy ((arabcha: أبو علي المنصور بن المستعلي); 1096-yil 31-dekabr – 1130-yil 7-oktabr), Al-Amir bi-ahkamillah (الآمر بأحكام الله) nomi bilan tanilgan, 1101-yildan 1130-yil vafotigacha hukmronlik qilgan oʻninchi Fotimiy xalifasi va shia islomining Mustaʼliy Ismoiliy yoʻnalishidagi 20-imom.

Al-Amir bi-ahkamillah
Fotimiy xalifaligining Imomi
Saltanat 1101–1130
Oʻtmishdoshi al-Mustaʼliy
Davomchisi
Tugʻilishi 31-dekabr 1096
Misr, Fotimiylar xalifaligi
Vafoti 7-oktyabr 1130-yil(1130-10-07)
(33 yoshda)
Qohira, Fotimiylar xalifaligi
Farzandlari al-Toyyib
Toʻliq nomi
Abū ʿAlī al-Manṣūr ibn al-Mustaʿlī
Sulola Fotimiy
Otasi al-Mustaʼliy

Al-Amir besh yoshida otasi al-Mustaʼliyning oʻrniga oʻtiradi. Hukmronligining dastlabki yigirma yilida al-Amir oʻzining amakisi va qaynotasi, Fotimiylar davlatini boshqargan va avvalgi al-Mustaʼliy kabi al-Amirni saroyda qamab qoʻygan vazir al-Afdal Shahanshohning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻladi. 1121-yil dekabrda al-Afdal ismoillikning Nizoriy yoʻnalishi agentlari tomonidan oʻldiriladi. Oʻrta asrlarga oid baʼzi maʼlumotlarda bu oʻlimda al-Amir va al-Afdalning bosh kotibi al-Maʼmun al-Batoyihiy ayblangan. Al-Amir va al-Batoyihiy al-Afdalning oʻgʻillaridan biri merosxoʻrlikka daʼvogar boʻlishini oldini olish uchun tezda harakat qiladilar. Al-Afdal va uning oʻgʻillarini qamoqqa tashlaydilar, u toʻplagan barcha xazinalar xalifa saroyiga olib kelinadi. Al-Batoyihiy yangi vazir etib tayinlanadi, ammo al-Amirning hukumatdagi roli ortib boradi va ommaviy marosimlarda doimiy ishtirok eta boshlaydi. Nihoyat, 1125-yilda al-Amir al-Batoyihiyni ishdan boʻshatib, qamoqqa tashlaydi va shunday keyin vazirsiz hukmronlik qiladi.

Al-Afdal va al-Batoyihiyning Falastindagi salibchilarga qarshi bir necha bor amalga oshirgan harbiy harakatlariga qaramay, al-Amir hukmronligi davrida Ashkelondan tashqari Levantdagi Fotimiylarga tegishli qirgʻoq qal’alari qoʻldan keta boshlaydi. Al-Amir Yamanning Sulayhid podsholigi bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qiladi va 1122-yilda Mustaʼliy pravoslavligi al-Hidaya al-Amiriyya bayonotida Nizoriyning qonuniylik daʼvolarini rad etadi. Uning 1130-yilda Nizoriy agentlari tomonidan oʻldirilishi va faqat goʻdak oʻgʻli at-Toyibni merosxoʻr qilib qoldirishi Fotimiylar orasida merosxoʻrlik uchun kurash rivojlanishiga sabab boʻladi. Bu davrga kelib, Fotimiylar sulolasi parokanda boʻlishni boshlaydi. 1132-yilda al-Amirning amakivachchasi al-Hofiz voris sifatida eʼlon qilinishi bilan Fotimiylar hukmronligi qayta tiklanadi, bu esa mustaʼliy ismoiliylikning raqib hofiziy va toyyibiy tarmoqlarining alohida ajralb chiqishiga sabab boʻladi.

Hayoti

tahrir

Boʻlajak al-Amir 1096-yil 31-dekabrda Fotimiylarning toʻqqizinchi imom-xalifasi al-Mustaʼliy (h. 1094–1101) xonadonida tugʻilgan. Uning onasi 1094-yilda al-Mustaʼliyni taxtga koʻtargan va Fotimiylar davlatining amalda hukmdori boʻlgan qudratli vazir al-Afdal Shahanshohning singlisi boʻlgan[1][2].

Al-Afdal qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlishi

tahrir

Al-Mustaʼliy 1101-yil 11-dekabrda vafot etadi va shu kuni besh yoshida al-Amir al-Afdal tomonidan xalifa deb eʼlon qilinadi[1][2]. Al-Afdal al-Amirning togʻasi boʻlib, yosh xalifaga oʻz qizini turmushga bergan va bu orqali u bilan oilaviy aloqalarni yanada mustahkamlashga erishgan[3]. Bu shu vaqtgacha amalga oshirilgan holatga zid edi, chunki Fotimiy xalifalari oʻsha vaqtgacha kanizaklaridan farzand koʻrishgan va hech qachon qonuniy ravishda oila qurishmagan. Rasmiy nikoh orqali al-Afdal xalifaning har qanday kanizagidan boʻlgan boshqa bolalari ustidan rasmiy nikohdan boʻlgan farzandning merosxoʻrlikka munosibroq ekanligini taʼminlashga urinishi boʻlgan[4]. Al-Afdal tomonidan buyurilgan farmon uning koʻplab vakolatlarga ega vazir etib tayinlanishi va yosh xalifa ustidan ustunligini taʼminlagan[5]. Al-Amir hukmronligining dastlabki yigirma yili shu tariqa al-Afdal tomonidan boshqarilish bilan oʻtgan. Vazir hukumatni toʻlaqonli nazorat qilgan va al-Amirni bir nechta marosimdagi vazifalarini ham cheklab qoʻygan[6][7]. Oʻzidan oldingi otasi singari, al-Amir ham asosan xalifalik saroylarida yashagan, al-Afdal esa koʻplab tantanali vazifalarni oʻz zimmasiga olgan[8].

Al-Afdal hukmronligi davrida Fotimiylar davlati asosan Quddus qirolligi salibchilari bilan ziddiyatli vaziyatda edi. Bu muqaddas urush, shuningdek, al-Afdal hukmronligi va sulolaning qonun-qoidalarini qonuniylashtirishning asosiy vositasi boʻlib xizmat qilgan. Oxirgi oʻn yil ichida Fotimiylar davlati (davla) ham, Fotimiylar Ismoiliy missiyasi (daʼva) ham bu janglarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan: Levantning katta qismi sunniy saljuqiy turklar qoʻliga oʻtib ketgan, al-Afdal taxtdan tushurilgan. Uning oʻrniga al-Mustaʼliy taxtga oʻtiradi, natijada nizoriy ismoiliylar Fotimiylar bay’atidan ajralib chiqishadi. Tarixchi Michael Brett yozganidek, salibchilarga qarshi kurash „sulola oldiga yangi maqsadlar qoʻygan“[9]. Al-Afdalning salibchilarga qarshi uzluksiz yurishlariga qaramay, Falastinning katta qismi, shuningdek, Levantin qirgʻoq shaharlari Tartus (1102), Akka (1104), Tripoli (1109) va Sidon (1111) ham dushman qoʻliga oʻtib ketadi. Misrning oʻzi 1117-yilda Quddus qiroli Bolduin I tomonidan qisqa muddatga bosib olingan[6]. Fotimiylar muqaddas urushning asosiy qal’asiga (ribat) aylangan qirgʻoq boʻyidagi Ashkelon shahrinigina oʻz qoʻllari ostida ushlab qolishga muvaffaq boʻlishgan. Ular uchun Ashkelon Falastindan Misrga boradigan asosiy va yagona yoʻl boʻlib qolgan[10]. Oʻrta asr musulmon tarixchilari bu magʻlubiyatlar uchun al-Amirni ayblashadi, lekin aslida u oʻsha yillarda Fotimiylar hukumatida hech qanday muhim ahamiyatga ega boʻlmagan[7]. Xalifa saroy va ommaviy marosimlarni oʻtkazish bilangina chegaralanib qolgan, al-Afdal esa oʻz kotiblari, avval Muxtor Toj al-Maʼali, keyin esa al-Qoid al-Batoyihiy orqali deyarli sulton sifatida hukmronlik qilgan[11]. 1115-yilda kasalliklardan zaiflashib qolgan al-Afdal oʻzining oʻgʻli Samoʻ al-Mulk Husaynni noibi va merosxoʻri etib tayinlaydi, ammo 1118-yilda amalga oshirilgan suiqasddan vazirning oʻgʻillari ishtirok etganlikda gumon qilinib, ulardan barcha imtiyozlar olib qoʻyiladi[12][13].

Al-Afdalning oʻldirilishi

tahrir

Al-Afdalning vasiyligi uning 1121-yil 11-dekabrda, Ramazon hayiti arafasida oʻldirilishi bilan nihoyasiga yetgan[7][14]. Bu ishda Nizoriy tarafdorlari[lower-alpha 1] ayblangan, ammo oʻrta asr tarixchilari[lower-alpha 2] va zamonaviy olimlar bunga shubha bilan qaraydilar. Ularning fikricha, al-Amir suiqasdning haqiqiy tashabbuskori boʻlishi mumkin[7][17].

Oʻz vaziri va qaynotasining vafotidan qaygʻurgan xalifa, saroyda ommaviy dafn marosimini oʻtkazish davomida tezda al-Afdalning oʻgʻillarini qamoqqa tashlab[18], uylarning barcha boyliklarini musodara qiladi. Barcha koʻchma buyumlar esa vazir saroyidan oʻz saroyiga olib keltirishga farmon beradi[7][19]. Misr ustidan uzoq vaqt hukmronlik qilgan kvazi-sultonlar davrida al-Afdal va uning otasi Badr al-Jamoliy juda katta xazina toʻplagan edilar[19]. 13-asr ensiklopedik tarixchisi Ibn Hallikon yozib qoldigan maʼlumotlarga koʻra, ularning boyligi qancha ekanligini „Xudodan boshqa hech kim bilmas edi“[16]. Uning jami mol-mulkini saroyga koʻchirish uchun qirq kun kerak boʻlgan[7].

Maʼmun al-Batoyihiyning vazirlik davri

tahrir

Al-Amir hukumatdan chetda qolib ketgan va uning nozik jihatlaridan bexabar boʻlganligi sababli, al-Afdalning uzoq yillik bosh xizmatchisi al-Qoid al-Batoyihiyni vazir etib tayinlaydi[7][20]. Al-Afdalning xazinalarini davlat hisobiga musodara qilishni nazorat qilgach, al-Batoyihiy 1122-yil 13-fevralda rasmiy ravishda vazir deb eʼlon qilinadi va unga taniqli al-Maʼmun („ishonchli“) unvoni beriladi[21].

Al-Batoyihiyga ham rasman al-Afdal ega boʻlgan vakolatlar taqdim etiladi va qobiliyatli boshqaruvchi sfatida tariflanadi[22]. Lekin uning mavqei avvalgi bosh vazirnikidan ancha quyiroq boʻlib, al-Amir koʻplab davlat ishlarni oʻzi amalga oshirgan[7]. Tarixchi Michael Brett yozganidek, „oradagi munosabatlar ittifoqchilik munosabatlari boʻlib, bunda vazirga avvalgidek hukumat mas’uliyati ishonib topshirilgan va buning evaziga xalifa oʻzining asosiy humkdor ekanligini keng ommaga namoyish qilgan“[23]. Eng muhimi, al-Amir barcha soliq daromadlari va qimmatbaho matolarning xalifa saroyida saqlanishini va ayni shu yerda taqsimlanishiga eʼtibor qaratgan[24]. Hukmdor sifatida al-Amir manbalarda „gʻayrioddiy aqlli va bilimdon“ sifatida tasvirlangan va Qur’onni yod olgani aytilgan[7]. Avvalgi vazir va xalifa orasidagi vakolatlar muvozanatining oʻzgarganligi al-Batoyihiyga ayon boʻladi, u oʻz mavqeini taʼminlash uchun al-Amir qoʻyilgan ayblovlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazmaslik uchun xalifadan yozma vaʼda olishga harakat qiladi. Hujjat al-Batoyihiy vafotigacha amal qilishi kerak edi[24].

Al-Afdalning oʻlimidan soʻng, al-Amir va uning otasi hukmronligiga azaliy dushman boʻlgan nizoriylarning tahdidi kuchayadi[7][25]. Qohirada olingan xabarlarga koʻra, bosh Nizoriy rahbari Hasan-i Sabboh al-Afdalning oʻlimidan sevingan hamda al-Amir va al-Bataihini ham xuddi shunday taqdir kutishini aytgan[26]. 1122-yil dekabr oyida al-Amir Qohirada amaldorlar yigʻilishini oʻtkazgan, unda nizoriylar xalifa al-Mustansirni (h. 1036–1094) omma oldida qoralashgan va al-Mustaʼliy vorisligining qonuniyligi Nizoriyning yagona singlisi sifatida koʻrsatilgan shaxs tomonidan tasdiqlangan. Shu munosabat bilan „al-Hidaya al-Amiriyya“ eʼloni eʼlon qilingan, va bu xabar masjid minbarlarida, keng omma oldida oʻqilgan va keyin Forsdagi Nizoriy jamoalariga yuborilgan[6][7][27].

1122-yil bahorida Fotimiylar floti Damashqning sunniy turk hukmdori Togtekin tomonidan tayinlangan turk gubernatoridan Levantin port shahri Tir ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq boʻladi[28]. Bu gʻalaba uzoqqa choʻzilmaydi, chunki Domenico Michiel boshchiligidagi Venetsiya floti koʻp oʻtmay Levantning salibchilar davlatlarini qoʻllab-quvvatlashni boshlaydi. Venetsiyaliklarning Nil deltasiga bosqinlari muvaffaqiyatislikka uchragan boʻlsa-da, 1123-yilda venetsiyaliklar Ashkelon yaqinidagi Fotimiylar flotini magʻlub etishadi va Yaffani egallash uchun yuborilgan Fotimiylar qoʻshini Yibne jangida salibchilar tomonidan tor-mor etiladi. Tir bilan aoqa yana uzilib qoladi va hududni salibchilar qoʻliga tushib qolishidan qoʻrqqanliklari uchun, Fotimiylar yangilangan turk nazoratini qabul qilishga majbur boʻladilar. Tir shahri 1124-yil iyulida Quddus Qirolligi qoʻl ostiga oʻtib ketadi[29][30]. 1123-yilda Luvata berberlari Misrga bostirib kirishadi[6][16]. Xuddi shu yili Ifriqiyaning Zirid amiri Abul-Hasan al-Hasan ibn Ali ham Fotimiylar hukmronligini tan olish maqsadida Qohiraga elchilar yuboradi va Norman istilosini toʻxtatish uchun Fotimiylardan yordam soʻraydi[7].

Al-Amir Sulayhid malikasi Arva boshchiligidagi Yamanda qolgan Fotimiylar tarafdorlari, Mustaʼliy Ismoiliy jamoalari bilan yaqin aloqalaroʻrnatishga eʼtibor qaratadi[7]. Al-Afdal 1119-yilda Yaman ismoiliylarini Qohira bilan yaqinlashtirish uchun Ali ibn Ibrohim ibn Najib ad-Davla ismli elchi yuborgan edi, al-Afdalning oʻlimidan soʻng, Yamandagi fotimiy tarafdorlarning harbiy harakatlari yanada kuchaygan. Bu Ibn Najib ad-Davlaga qirolicha Arvadan erkin holatda oʻz siyosatini yuritish imkonini beradi, biroq u 1124-yilda Zabidni qoʻlga olishga urinayotganda omadsizlikka uchraydi, Fotimiylar tomonidan unga taqdim etilgan qoʻshindagi askarlarning koʻpchiligi halok boʻladi. Uning mustaqil faoliyati va takabburligi Yaman boshliqlarining noroziliklariga sabab boʻladi, ular unga qarshi fitna uyushtira boshlaydilar. Uni Nizoriy targʻiboti bilan shugʻullanaganlikda ayblaydilar, buning uchun hatto Nizor ibn al-Mustansir nomidagi soxta tangalar ham ishlab chiqarilgan. Yana bir harbiy otryad 1125-yilning oxirida (al-Batoyihiy vazirlikdan ketgach) Yamanga yuboriladi va sharmanda boʻlgan elchini zanjirband holatda qaytarib olib keladi. Ibn Najib ad-Davla Qohira koʻchalarida sazoyi qilinganidan keyin qamoqqa tashlanadi[31][32].

Shaxsiy qarorlari

tahrir
 
Levantning siyosiy xaritasi tax. 1135-yil

1125-yil 3-oktabrda al-Amir toʻsatdan al-Batoyihiyni, ukasi Haydara al-Mu’tamonni va bosh yordamchilarini hibsga olishga buyruq beradi[7][33]. Bu ayblovda turli sabablar ilgari suriladi: al-Amir al-Batoyihiyning Tir shahrini dushmanlarga berib qoʻyganligi, kotib Ibn Abu Usoma al-Amirni vazir va xalifaning yagona akasi Jaʼfar til biriktirib, uni taxtdan agʻdarishiga ishontirgani; Yamanda zarb qilingan soxta Nizoriy tangalarining asl ishlab chiqaruvchisi al-Batoyihiy boʻlganligi[33][34]. Aniqrogʻi, al-Amir ham oʻtmishdagi boshqa xalifalar singari oʻzining qudratli vazirining harakatlaridan qoʻrqa boshlagan[7][33]. Vazir ham oʻz siyosatining qurboni boʻlgan. Yaʼni Badr va al-Afdaldan farqli oʻlaroq, al-Batoyihiy armiyada oʻziga xos kuch bazasiga ega emas edi va oʻz homiysi sifatida faqatgina xalifaga tayanardi[34] va al-Batoyihiy tomonidan dabdaba bilan uyushtirilgan al-Amirning keng jamoatchilik oldidagi rolini qayta tiklash xalifaning hokimiyati va oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlashgagina xizmat qilgan[8]. Shuningdek, al-Batoyihiyning xalifadan uni himoya qilish uchun olgan bay’ati teskari natija bergan boʻlishi mumkin, chunki al-Amir buni oʻz shaxsiga nibatan xoʻrlanish deya qabul qilgan[35]. Haydara zindonda vafot etadi, lekin al-Batoyihiy 1128-yil 19-iyuldan 20-iyulga oʻtar kechasi Ibn Najib ad-Davla bilan birga qatl etiladi[33][36].

Al-Amir yangi vazir tayinlamaydi, u al-Mansurdan (h. 996–1021) keyingi birinchi hukumatga shaxsan rahbarlik qilgan xalifa boʻlgan[7][36]. Bu qisman munosib nomzodlarning yoʻqligi bilan ham bogʻliq edi, bosh qadi Abul-Hajjoj bunday ishlarda tajribasi yoʻqligini aytib, boʻlimlarga rahbarlik qilishdan bosh tortadi[36]. Koʻp oʻtmay, boʻlim boshliqlaridan biri, sobiq qibtiy nasroniy rohibi Ibn Qusa nasroniylar, yahudiylar va oxir-oqibat musulmonlardan ham molk-mulklarni musodara qilish yoʻli bilan xalifaning boyligini oshirishi bilan mashhurlikka erishadi, bu esa koʻplab noroziliklarga sabab boʻladi. Uning faoliyati uch yil, 1126-yil oktyabr/noyabrdan 1129-yilgacha davom etadi. Bu davr davomida u „Muqaddas Ota“, „[Koptik] Patriarxatining Rabbiysi“, „Otalar Otasi“ va hatto „Oʻn uchinchi Havoriy“ kabi unvonlarga ham sazovor boʻladi. Oxir-oqibat saroy amaldorlari al-Amirga Ibn Qusadan xalqning norozi ekanligi va hech narsa qilinmasa, qoʻzgʻolon koʻtarilishi mumkinligi haqida xabar berishadi. Shundan keyin, Ibn Qusa hibsga olinib, oyoq kiyimlar bilan kaltaklab oʻldirilgan, uning jasadi taxtaga mixlangan holatda Nil daryosiga oqizib yuborilgan[7][37][38]. Shuncha vaqt davomida bu masalaga eʼtibor bermay yurgan al-Amirning obroʻsi bu ishdan keyin tushib ketadi. Shuningdek, xalifa saroyida oyiga 5000 ta qoʻyning soʻylishi va turli qimmatbaho sovgʻa-salomlarning berilishi haqidagi gaplar ham uning obroʻsiga putur yetkazadi[7]. Xalifa oʻzini qullarni ozod qilish, sadaqa berish va faqihlarining maslahati bilan Ramazon roʻzasini ikki oyga uzaytirish orqali tavba qilayotganini koʻrsatishga urnadi[39][40].

1130-yilning fevral-mart oylarida al-Amir nihoyat oʻgʻilli boʻladi, unga at-Toyyib ismini beradi. Uning tugʻilgan kuni ommaviy bayramlar bilan birgalikda nishonlana boshlaydi. Qoʻshni davlatlarga uning tugʻilganligi va merosxoʻr etib tayinlangani haqida maktublar yuboriladi[7][41][42][43].

Qotillik va uning oqibatlari

tahrir

1130-yil 7-oktabrda al-Amir Nizoriy agentlari tomonidan oʻldirilgan. Faqat olti oylik oʻgʻli at-Toyyib va oʻz oʻrniga tayinlagan regent xizmatchi vaziriga tegishmagan[42][43][44]. Al-Amirning oʻldirilishi nafaqat oʻta qudratli sarkardalar va vazirlarni xalifalar oʻrniga hokimiyatni boshqarishini kuchaytirdi, balki vorislikning zaifligi hisobiga, Fotimiylar sulolasining omon qolishini ham xavf ostida qoldirdi[44].

At-Toyyib uncha koʻp vaqt oʻtmasdan hokimiyat va siyosat sahnasidan chetga chiqarildi, uning keyingi taqdiri esa nomaʼlumligicha qolgan[7]. Zamonaviy tarixchilar u goʻdakligida vafot etgan yoki oʻldirilgan deb taxmin qilishadi[45][46][47]. Al-Amirning amakivachchasi Abdulmajidning podsholigi ostida yangi rejim oʻrnatildi, u dastlab al-Amirning kanizaklaridan birining tugʻilmagan oʻgʻil nomiga hukmronlik qilmoqchi boʻladi[48][49][50]. Ikki hafta ichida armiya qoʻzgʻoloni al-Afdalning tirik qolgan soʻnggi oʻgʻli Kutayfatni hokimiyat tepasiga olib keladi. Kutayfat Fotimiylar imomligini bekor qilib, Abdulmajidni qamoqqa tashlaydi. Keyinchalik Kutayfat 1131-yil dekabrida Fotimiyga sodiq tarafdorlari tomonidan oʻldirilgan[51][52][53]. Boshqa merosxoʻr boʻlmagani uchun, Abdulmajid 1132-yil yanvar oyida al-Hofiz nomi bilan imom va xalifa unvonini oladi. U al-Amir tomonidan oʻlimidan oldin yashirincha merosxoʻr deb tayinlanganligini eʼlon qiladi[54][55][56].

Al-Hofizning vorisligi islom olamida juda kam uchraydigan va oʻrta asr mualliflari tomonidan koʻp eʼtirof etilgan oʻn avlod merosxoʻrligini otadan oʻgʻilga uzluksiz ketma-ketlikda oʻtib kelish holatini buzgan[7]. Shunday qilib, al-Hofiz taxtga chiqishi qabul qilingan meʼyorlarni misli koʻrilmagan darajada oʻzgarib ketishi va ismoilizmda yana bir karra boʻlinishiga sabab boʻlgan. Chunki Mustaʼliy tariqati al-Hofizning vorisligini qabul qilganlar („Hofiziylar“) va boshqalar guruhiga boʻlingan. Ular al-Hofizning xalifaligini qabul qila olmadilar va uning oʻrniga deyarli yoʻqolib ketgan at-Toyyib („ Toyibiylar“) imomligini qoʻllab-quvvatlay boshlaganlar[57]. Hofiziylar asosan Misr, Nubiya va Levantdagi Fotimiylar nazorati ostidagi hududlarda toʻplangan boʻlsa, toyyibiylar Yamanda istiqomat qilishgan va u yerda qirolicha Arva hozirgi kungacha saqlanib qolgan alohida Toyyibi daʼvo shakllantirishda yetakchi rol oʻynagan[57][58].

Toyibiylar at-Toyyibni al-Amir Ibn Madyan ismli kimsaga ishonib topshirgan, Ibn Madyan va uning yordamchilari Kutayfat hokimiyat tepasiga kelganida chaqaloqni yashirgan, deb ishonishadi. Ibn Madyan Kutayfat tomonidan oʻldirilgan, ammo uning qaynisi at-Toyyib bilan qochib ketgan va yashiringan. At-Toyyib oʻsha yashirinib yurgan davrida vafot etgan, deb hisoblaniladi. Uning avlodlari hozirgacha yashirin tarzda imom boʻlib kelishgan, degan nazariya yuzaga kelgan[59][60] .


Ismoiliy imomatida yuzaga kelgan MustaliyNizoriy va HofiziyToyyibiy oqimlari
Al-Mustansir billoh
(1036-1094)
Abul-Qosim Muhammadal-Mustaʼliy billoh
(1094-1101)
Nizor ibn al-Mustansir
Al-Hofiz
(1132-1149)
Al-Amir bi-ahkamillah
(1101-1130)
at-Toyyib
Hofiziy imom xalifalariToyyibiy yashirin imomlariNizoriy imomlari
  Fotimiy xalifalarining hukmronligi (hukmronlik davri bilan)
Manba: Daftary, Farhad. The Ismāʿı̄lı̄s: Their History and Doctrines, Second, Cambridge: Cambridge University Press, 2007. ISBN 978-0-521-61636-2. 

Yana qarang

tahrir

Izohlar

tahrir
  1. Alamutdagi Nizoriy suiqasd qurbonlari roʻyxatida al-Afdalning oʻlimi ham keltirilgan[15].
  2. Zamonaviy suriyalik yilnomachi Ibn al-Qalaniysiy al-Amirni bevosita ayblaydi[15], XV asr tarixchisi Ibn Tag‘ribirdiy bu ishni al-Amir buyurgan, deya ta’kidlaydi. Bu holat al-Afdal uni zaharlamoqchi boʻlganiga javoban amalga oshirilgan[16].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Stern 1960.
  2. 2,0 2,1 Halm 2014, s. 131.
  3. Brett 2017.
  4. Halm 2014, ss. 131–132.
  5. Brett 2017, s. 234.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 Stern 1960, s. 440.
  7. 7,00 7,01 7,02 7,03 7,04 7,05 7,06 7,07 7,08 7,09 7,10 7,11 7,12 7,13 7,14 7,15 7,16 7,17 7,18 7,19 7,20 Walker 2011.
  8. 8,0 8,1 Halm 2014, s. 164.
  9. Brett 2017, ss. 235–237, 240–241.
  10. Brett 2017, ss. 240–243.
  11. Halm 2014, s. 132.
  12. Halm 2014, s. 139.
  13. Brett 2017, ss. 251–252.
  14. Halm 2014, ss. 140–141.
  15. 15,0 15,1 Halm 2014, s. 141.
  16. 16,0 16,1 16,2 Sajjadi 2015.
  17. Halm 2014, ss. 141–142.
  18. Halm 2014, ss. 144–145.
  19. 19,0 19,1 Halm 2014, s. 145.
  20. Halm 2014, ss. 141–143.
  21. Halm 2014, s. 146.
  22. Halm 2014, ss. 146–147.
  23. Brett 2017, s. 253.
  24. 24,0 24,1 Halm 2014, s. 147.
  25. Halm 2014, s. 153.
  26. Halm 2014, s. 152-153.
  27. Halm 2014, ss. 154–156.
  28. Halm 2014, s. 159.
  29. Halm 2014, ss. 159–160.
  30. Brett 2017, ss. 256–257.
  31. Brett 2017, ss. 256, 257–258.
  32. Halm 2014, ss. 161–163.
  33. 33,0 33,1 33,2 33,3 Halm 2014, s. 165.
  34. 34,0 34,1 Brett 2017, s. 257.
  35. Behrens-Abouseif 1992, s. 35.
  36. 36,0 36,1 36,2 Brett 2017, s. 258.
  37. Halm 2014, ss. 166–168.
  38. Brett 2017, ss. 258–259.
  39. Halm 2014, s. 168.
  40. Brett 2017, s. 259.
  41. Stern 1951, ss. 196–198.
  42. 42,0 42,1 Daftary 2007, s. 246.
  43. 43,0 43,1 Halm 2014, ss. 177–178.
  44. 44,0 44,1 Brett 2017, s. 261.
  45. Stern 1951, s. 204.
  46. Daftary 2007, ss. 246, 261.
  47. Brett 2017, ss. 262–263.
  48. Stern 1951, ss. 203–204.
  49. Brett 2017, s. 262.
  50. Halm 2014, s. 179.
  51. Daftary 2007, s. 247.
  52. Brett 2017, ss. 263–265.
  53. Halm 2014, ss. 178–181.
  54. Brett 2017, s. 265.
  55. Halm 2014, ss. 182–183.
  56. Daftary 2007, ss. 247–248.
  57. 57,0 57,1 Brett 2017, ss. 265–266.
  58. Daftary 2007, ss. 248, 264.
  59. Daftary 2007, ss. 261ff..
  60. Halm 2014, ss. 184, 185.

Adabiyotlar

tahrir
Al-Amir bi-ahkamillah
Tavalludi: 31-dekabr 1096 Vafoti: 7-oktyabr 1130
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Fotimiy xalifasi
12-dekabr 1101 – 7-oktyabr 1130
Keyingisi
Shialik unvonlari
Oldingisi Mustaʼliy ismoiliylik imomi
12-dekabr 1101 – 7-oktyabr 1130
Keyingisias Hofiziy ismoiliylik imomi
Keyingisias Toyyibiy ismoiliylik imomi