Ali at-Tabriziy al-Ardabiliy
Ali at-Tabriziy al-Ardabiliy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1278-yil (hijriy 677-yil) |
Vafoti | milodiy 1345-yil (hijriy 746-yil ramazon oyi) |
Dini | Islom |
Ali ibn Abdulloh ibn Abul Hasan al-Ardabiliy at-Tabriziy ash-Shofiʼiy (Tojuddin, Abul Hasan) — tafsir, hadis, fiqh, usul, arifmetika, geometriya, kalom, grammatika va tabobat kabi ilm-fanning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatgan shofiʼiy olim. Milodiy 1278-yilda (hijriy 677-yil) tugʻilgan. Tabrizda istiqomat qilgan. Avval Bag‘dodga, so‘ngra Makkaga borib hoji bo‘lgan. Shundan so‘ng Misrga borgan. Bu yerda bir jamoadan hadis eshitgan va ko‘plab hadis kitoblarini qo‘lga kiritgan. Odamlarni ilm-fanning usul, fiqh, grammatika, tafsir, ritorika, mantiq, jadal, faroiz, matematika, geometriya, algebra kabi sohalari bilan shug‘ullantirgan. „Hisomiya“ madrasasida dars bergan va to‘garaklar ochgan. Talabalarining safi kengayib borgan, odamlar esa murakkab savollarni undan so‘rab bilib olganlar. Tafsir, hadis, usul va maʼqul kabi ilm sohalari bo‘yicha asarlar tasnif etgan. Keyinchalik Shahrizo‘r, Sultoniya va Marog‘aga safar qilgan. Undan keyin Bag‘dodga, u yerdan Makkaga, so‘ngra Tayiba (Yasrib)ga borgan. Shundan so‘ng milodiy 1322-yilda Qohiraga kirib borgan va shu yerda 1345-yil ramazon oyida vafot etgan.
Asarlari
tahrir- „Hoshiya ala sharhi-l-hoviyis-sag‘iyr li-l-Qazviniy fi furuʼi-l-fiqhi-sh-shofiʼiy“ (Shofiʼiy fiqhning sohalari haqidagi Qazviniyning „Sharhu-l-hoviyi-s-sag‘iyr“ asariga hoshiya-izoh")
- „Mabsutu-l-ahkom fi tasʼhihi ma yataallaqu bi-l-kalim va-l-kalom min sharhi kofiyati ibn al-Hojib“ ("Ibn al-Hojib qalamiga mansub „Sharhu kofiya“dagi jumlalar va iboralarga tegishli tuzatishlar kiritish haqida batafsil bayon qilingan hukmlar")
- „Muxtasaru ulumi-l-hadis“ li ibn as-Saloh" (Ibn as-Saloh qalamiga mansub „Ulumu-l-hadis“ kitobining qisqartirilgan shakli")
- „at-Tazkira fi-l-hisob“ („Arifmetikaga oid tazkira“)[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Z. Munavvarov va boshqalar. Ренессанс олимлари қомуси (oʻzbekcha, inglizcha va arabcha), 2021-yil — 47-bet. ISBN 978-9943-7557-7-2.
Ushbu maqolada Renessans olimlari qomusi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |