Alisher Ibodullayevich Nazrullayev (1953.24.9, Gʻijduvon) — usta kulol[1], Gʻijduvon kulollik maktabining 7-avlod vakili. Oʻzbekiston xalq ustasi (2002), Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi (2003).

Alisher Ibodullayevich Nazrullayev
Tavalludi 1953-yil 24-sentyabr
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Taʼlimi Samarqand meʼmorlik-qurilish instituti
Kasbi Kulol
Faoliyat yillari 1975-yildan hozirgacha
Bolalari Sherzod, Olim, Obid, Shozoda
Otasi Ibodulla Narzullayev
Mukofotlari

Yoshligi

tahrir

Alisher Nazrullayev 1953-yil 24-sentyabrda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Gʻijduvon tumanida Mirzo Ulugʻbek nomli 3-maktabni tamomlagan. Samarqand meʼmorlik — qurilish institutini tugatgan (1975). Qurilishda prorab, muhandis bo‘lib ishlagan. Institutda namunali oʻqigani uchun rahbarlik lavozimiga ham takliflar boʻlgan. 1930-yillargacha 70 ga yaqin oila kulolchilik bilan shugʻullangan. Ammo keyin plastik va metall idishlar paydo boʻlishi anʼanalarni davom ettirish va saqlash toʻxtab qolgan. Oxir-oqibat, barcha ustaxonalar bankrot boʻladi. 1961-yilda ustaning otasi va bobosi ishlagan oxirgi ustaxona ham yopilgan[2]. Shuning uchun A.Narzullayevu oilaviy kasbi kulolchilik bilan shugʻullanishni istagan. Bu oilaviy kulolchilik iplari 1790-yildan beri uzilmagan[3].

Faoliyati

tahrir

Hunarni otasi usta Ibodulla Nazrullayevdan oʻrgangan. Alisher Narzullaev „Xalqaro Usta“ sertifikati (xalqaro magistr) sohibi. Uni shaxsan YuNESKO Bosh direktori Federiko Mayor taqdim etgan. Shuningdek, „Ofarin“ va „Tashabbus — 98“ kasb-hunar ko‘rik-tanlovlari g‘olibi, „Oltin medal“ va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mukofoti — „Tiko“ avtomobili bilan taqdirlangan[4]. 2002-yilda O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan Alisher Narzullayevga „O‘zbekiston xalq ustasi“ faxriy unvoni berilgan, 2003-yilda esa O‘zbekiston Badiiy akademiyasi (O‘XU) akademigi bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi „Ustazoda“ Respublika uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar ijodiy uyushmasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. Alisher Narzullayev O‘zbekistonda xorijda o‘tkazilgan yuzdan ortiq ko‘rgazma va vernisajlar, jumladan, „Expo — 2000“ Butunjahon ko‘rgazma-yarmarkasida oʻz ishlari bilan qatnashgan. 2014-yilda Portugaliyaning Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan „Vera — 2014“ xalqaro tasviriy sanʼat ko‘rgazmasida Alisher Narzullayev bosh mukofot — Gran-priga sazovor bo‘lgan[5]. A.Narzullayev asarlari Yaponiyaning Komatsu va Tokio, Nyu-York va Vashington, Gannover, Bonn va Berlin, Parij va dunyoning boshqa mashhur shaharlarida bevosita ishtirokida namoyish etilgan[6].

Alisher Narzullaev 1999-yilda Yaponiya taraqqiyot jamgʻarmasi taklifi va Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi janob Koichi Obata tavsiyasiga koʻra kunchiqar mamlakatga tashrif buyurib, bu davlat xalqi madaniyatini oʻrgangan. Olti oy davomida o‘zbek madaniyatini yaponlarga oʻrgatgan. U mashhur yapon kulolchilik ustalaridan biri, Yaponiya kulolchilik assotsiatsiyasi prezidenti Asakura Isokichi Sandaimening ustaxonasida ishlagan[7]. 2002-yilda usta Alisher Narzullayev Germaniyada bo‘lib, u yerda ham nemis ustalarining tajribasini o‘rgangan.

Usta Alisher Narzullayevning asarlari Oʻzbekistondagi dekorativ-amaliy sanʼat muzeyi va Davlat tarix muzeyida, Jahon banki muzeyi va Sharq madaniyati muzeyida, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi muzeyida, shuningdek Germaniya, Yaponiya, AQSh, Shveysariya va boshqalardagi muzeylar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi[8].

Narzullayevlar oilasi Gʻijduvonda sopolchilik tarixini aks ettiruvchi muzey tashkil qilganlar. Bu mezeyning mashhur mehmonlaridan biri AQShning siyosatchi xonimlaridan biri Hillari Klintondir[9][10].

N. ijodida Gʻijduvon kulollik maktabi anʼanalarini rivojlantirgan; u yaratgan sopol buyumlar (tovoq, lagan, kosa, koʻza, qoʻshquloq va boshqalar) qoʻrgʻoshin tusli sirlanishi bilan ajralib turadi. Naqsh zamini toʻq jigarrang, shakllar buyum yuzasida asimmetrik erkin joylashtiriladi; „Dumi burgut“ „murgʻi safed“, „guli tovus“ kabi naqsh mujassamotlari qush, oʻsimlik, gul naqshlarining no-zik uygunlashtirilgan shaklida namoyon boʻladi. Amerika, Yevropa, Osiyo qitʼalaridagi madaniy markazlardagi nufuzli tanlov, koʻrgazmalarda faol ishtirok etadi. N. ishlaridan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlardagi muzey, toʻplam, xususiy kolleksiyalardan oʻrin olgan. "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan (1996).[11]

Oilasi

tahrir

Alisher Narzullayevning uch o‘g‘il va bir qizi bor, ularning barchasi kulolchilik ilmini yaxshi biladi. Katta o‘g‘li Sherzod ota kasbi izidan ketgan.

Manbalar

tahrir
  1. „Alisher Narzullaev – Keramik aus Gijduvan“. kulteurasia.org. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
  2. „Узбекский мастер: Константин Симонов спас гиждуванскую керамику от забвения“ (2019-yil 22-fevral). Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.
  3. „На чем зарабатывают национальные ремесленники“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
  4. „КЕРАМИСТ ИЗ ГИЖДУВАНА НАГРАЖДЕН ГРАН-ПРИ В ЛИССАБОНЕ“ (10-oktyabr 2014-yil). Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  5. „G‘ijduvon kulolchilik maktabi vakili Alisher Narzullayev xalqaro Gran-pri sohibi bo‘ldi“ (2014-yil 15-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.
  6. „Узбекская керамика признана лучшей на португальском фестивале“ (30-sentyabr 2014-yil). Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
  7. „Alisher Narzullaev «the National master of Uzbekistan», The academician of Academy of arts of Uzbekistan“. Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.
  8. „Узбекская керамика покоряет сердца европейцев“ (03.14.2014). Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.
  9. „Xonadonida Hillari Klinton mehmon bo‘lgan usta“ (2023-yil 19-iyul). Qaraldi: 2023-yil 20-iyul.
  10. Pritvorov, A.P.; Akmalov, A.U.; Lisov, V.A.. Узбекистон Республикаси географик атласи (Uzbek) Vanchin V.A.: . DIK publishers, Tashkent, Uzbekistan, 1999 — 49-bet. ISBN 5-8213-0011-8. 
  11. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir