Qon bosimi — tomirlarda oqayotgan qonning shu tomirlar devoriga koʻrsatadigan bosimi (tazyiqi); yurak ishi va tomirlar devorining qarshiligi tufayli vujudga keladi. Arteriyalar ichida — arterial, kapillyarlar ichida — kapillyar va venalar ichida — venoz bosim boʻladi. Qon bosimi qonning tomirlar sistemasi boʻylab oqishiga imkon beradi va shu bilan organizm toʻqimalarida moddalar almashinuvini taʼminlaydi. Arterial bosimning (AB)- yuqori yoki past boʻlishi, asosan, yurak qisqarishlarining kuchi va yurakning har qis-qarganda tomirlarga haydaydigan qon miqdori, tomirlar (ayniqsa, periferik tomirlar) devorining qon oqimiga koʻrsatadigan qarshiligi va kamroq darajada vaqt birligida yurak qisqarishlarining soni bilan belgilanadi. Aylanib yuradigan (sirkulyatsiya qiladigan) qon miqdori, uning yopishqoqligi, bosimining nafas olishga bogʻliq boʻlgan qorin va koʻkrak qafasi boʻshligʻidagi oʻzgarishlari va boshqa omillar ham AB ning yuqori yoki past boʻlishiga taʼsir koʻrsatadi. Yurakning chap qorinchasi qisqarganda (sistola) AB maksimal darajaga yetadi. Bu jarayonda yurakdan 70 ml qon otib chiqariladi, bu miqdor qon birdaniga mayda qon tomirlari (ayniqsa, kapillyarlar) orqali oʻtib ketolmaydi. Shuning uchun elastik aorta kengayadi, undagi bosim (sistolik bosim) esa ortadi. Arteriya, vena va kapillyarlarda Qon bosimi turlicha boʻladi. Yurakdan uzoqlashgan sari Qon bosimi pasayib boradi (aortada ancha yuqori, kapillyarlarda birmuncha past, venalarda ancha past boʻladi). Katta odamda normal arterial bosim 100–140 mm simob ustuni (sistolik bosim) ga va 70–80 mm simob ustuni (diastolik bosim) ga teng . Bu bosimlar farqi puls bosimi deyiladi. Organizmdagi biror-bir illat tufayli Qon bosimi ushbu koʻrsatkichdan koʻtarilishi yoki pasayishi mumkin. Yurak qorinchalarining qisqarishlari orasidagi pauza (yaʼni diastola) vaqtida kengaygan qon tomirlari (aorta va yirik arteriyalar)ning devori qisqara boshlaydi va qonni kapillyarlarga haydaydi. Qon bosimi asta-sekin pasayadi va diastola oxirida minimal darajaga tushadi (aortada 90 mm simob ustuni, yirik arteriyalarda 70 mm simob ustuni atrofida boʻladi)[1].

qon bosimi o'lchovi

Manbalar

tahrir
  1. "Qon bosimi" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil