Baxiltogʻ — Samarqand viloyatining shimoli-gʻarbidagi togʻ. Nurota togʻ tizimida, Oqtov tizmasining gʻarbiy davomi. Uzunligi 50 km. Eng baland joyi 2000 m. Gʻarbga tomon pasayib boradi (1000 m). Nurota togʻ oraligʻi botigʻiga qaragan shimoliy yon bagʻri ancha tik va oʻydim-chuqur. B.ning oʻq qismi quyi paleozoyning metamorfik ohaktoshlaridan, etaklari boʻr, paleogen va koʻproq toʻrtlamchi davr yotqiziklaridan tashkil topgan. Yuqori paleozoy da yuz bergan gersin burmalanishida quruklikka aylangan va alp burmalanishi davri (paleogen oxiri)da yuvilgan. Neogen (miotsen va pliotsen)dagi alp burmalanishida yemirilgan. Shimoliy yon bagʻirlarida tuproq va oʻsimlik qoplamlari mutlaqo yoʻq. Janubiy yon bagʻirlarida karbonatli jigarrang va toʻq boʻz tuproqlar tarqalgan boʻlib, bugʻdoyiq, togʻrayhon, kiyikoʻt, togʻ piyozi, shuvoq, kovrak va boshqa oʻsadi. Soylar oraligʻidagi suvayirgʻichlarda qoʻngʻirbosh, togʻterak, karrak uchraydi. Yon bagʻirlarining kuyi qismi darasimon vodiylar boʻlib, ularda faqat bahorda vaqtincha suv oqadi. Oqhargul, bodom, zarquloq, tuyasingren kabi oʻsimliklar tarqalgan. Togʻ yon bagʻrilarining oʻydim-chuqurligi, oqar suvlarning yoʻkdigi va yaylovlarda oʻsimlik kamligi tufayli mahalliy aholi uni Baxiltogʻ deb ataydi. Chorvachilikda ahamiyati kam.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil