Bayoniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Yusufbek Bobojonbek oʻgʻli) (1858— Xiva, Qiyot qishlogʻi – 1923 Patrak) – Oʻzbek shoiri, tarixchi, musiqashunos, xattot va tarjimon.

Bayoniy
Muhammad Yusuf
Tavalludi 1858 y
Xiva, Qiyot qishlog'i
Vafoti 1923 y
Xiva, Patrak
Fuqaroligi Xiva xonligi - XXSR
Taʼlimi Sher'gozixon madrasasi
Kasbi Shoir, tarixchi, xattot, musiqashunos.

Oilasi tahrir

Bobojon Tarrohning bayon qilishicha, Bayoniy podshohlar oilasidan chiqqan. [1]

Bayoniyning Muhammad Aminbek degan oʻgʻli ham vafot etib ketgan.

Taʼlimi tahrir

Eski maktabni bitirgach, tabiblik ilmidan ham xabardor boʻlgan. Xivadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil koʻrgan. 40 yoshlaridan boshlab, Muhammad Rahimxon II ga taqlid qilib, ustoz koʻrmay sheʼrlar yoza boshlagan. Suls, kufiy, rayhoniy, shikasta xatlarini yaxshi bilgan, tanbur chertish va gʻijjak chalishda mohir boʻlgan.

Faoliyati tahrir

B.ning bir devoni, Xorazm tarixiga oid ikki asari va tarjimalari saqlangan. U mumtoz sheʼriyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilib, Navoiy, Munis, Ogahiy anʼanalarini davom ettirgan. Avaz Oʻtar bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. „Devoni Bayoniy“ sheʼrlar toʻplamini tuzgan. Unga kirgan sheʼrlarida dunyoviy sevgini ulugʻlagan, tabiat goʻzalliklarini sodda va ravon ifodalagan, mazlumlar, ilm-fan ahlining achchiq taqdiriga achingan.

Mashhur asarlari tahrir

„Shajarai Xorazmshohiy“ tarixiy-memuar asari bilan Munis va Ogahiy boshlagan ishni davom ettirgan. Bunda Yofasdan Qoʻngʻirot urugʻigacha, Abulgʻoziy Bahodirxondan Asfandiyorxongacha oʻtgan xonlar hukmronligi davri tarixi yoritilgan.

„Shajarayi Xorazmshohiy“ tahrir

Fanga „Shajarai Xorazmshohiy“ ning ikkita qoʻlyozma nusxasi maʼlum. Birinchisi 1913 yilda koʻchirilgan. [2]U Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar institutining qoʻlyozmalar fondida 274-raqamda saqlanadi. Hajmi 517 varaq. Ikkinchisi 1914 yilda Muhammad Yaʼqub usta Jumaniyoz oʻgʻli tomonidan koʻchirilgan. U Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida 9596-raqamda saqlanadi. Hajmi 508 varaq. 1911 yilda boshlanib, 1913 yilda yozib tugatilgan „Shajarayi Xorazmshohiy“ qoʻlyozmasi toʻliq, yaxshi saqlangan.

„Shajarayi Xorazmshohiy“dan koʻp olimlar ilmiy tadqiqot ishlarida birinchi manba sifatida foydalanishgan, tarixchi olimlardan S.P.Tolstov, Ya.G'. G'ulomov, M.Y.Yo'ldoshev, T.Ne'matov, Q.Munirovlar bu asarning ilmiy ahamiyatini koʻrsatishga harakat qilishadi.

Bu asar tarix fanlari nomzodi Q.Munirovning „Munis, Ogahiy va Bayoniyning tarixiy asarlari“ nomli risolasida ancha keng tahlil etildi. Uning Oʻrta Osiyo tarixini oʻrganishdagi ahamiyati maʼlum darajada yoritildi.

„Shajarayi Xorazmshohiy“da Xorazm xonligidagi amir-amaldorlar", mashhur kishilar, haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan.

„Xorazm tarixi“ tahrir

„Xorazm tarixi“ asari „Shajarayi Xorazmshohiy“dagi voqealarni toʻldirgan. Asarning avvalgi boblari maʼno jihatdan „Shajarai Xorazmshohiy“ga oʻxshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. „Xorazm tarixi“ muqaddimasidan maʼlumki, asar Xorazm inqilobidan keyin yozilgan. Asarda, asosan Asfandiyorxon hukmronligi davri va undan keyin roʻy bergan voqealar tasvirlangan. 16 bobdan iborat bu asarning 8 bobigina bizgacha yetib kelgan. Hajmi 91 varaq.


B.ning har ikki tarixiy asarida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid juda koʻp qimmatli materiallar bor. Jumladan, Xiva xonligining Buxoro va Qoʻqon xonligi va xonlikka qoʻshni boʻlgan boshqa mamlakatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari, mehnatkashlardan olinadigan har xil soliqlar, Xorazmda yashagan olim va shoirlar, shaharlar hayoti, dehqonchilik ishlari toʻgʻrisida boy maʼlumotlar yozilgan.

B. arabchadan Darvesh Ahmad („Sahoyif ul-axbor“, 1901), forschadan Kamoliddin Binoiy („Shayboniynoma“, 1915), Tabariy („Tarixi Tabariy“) asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. „Majmuai shuaroi forsiy“ toʻplami (1900) va boshqalarni husnixatda koʻchirgan.

„Shajarai Xorazmshohiy“ (inv. № 9596), „Xorazm tarixi“ (inv. № 7421), „Devoni Bayoniy“ (inv. №№ 1120, 7106, 6666) asarlarining qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

Vafoti tahrir

Xiva shahridan tashqarida, Patrak degan joyda vafot etgan. Jasadi Said Muhammad Mohroʻyjon degan qabristonga qoʻyilgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  1. Bobojon Tarroh -Xodim. "Xorazm navozandalari". G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti. Toshkent, 1994 y — 96 bet bet. ISBN 5-635-01428-3. 
  2. Muhammad Yusuf Bayoniy. "Shajarayi Xorazmshohiy". Ga'fur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti. Toshkent, 1994 y — 104 bet bet. ISBN 5-635-01449-6.