Boloyi hovuz madrasasi  — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Boloyi hovuz madrasasi XVIII asrda Shodimbiy otaliq masjidi guzarida[1], Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdor Subxonqulixonning xotini Sitorai Mohi Xossa tomonidan bunyod etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Hujjatda madrasa zamon Bilqisi (Podshoh Bibi) Buxoro shahridagi Registoning gʻarbida, Shodimbiy otaliq masjidi guzarida yogʻoch va pishiq gʻishtdan xonaqoh, jome masjidi va oʻn toʻqqiz hujra qurdiradi. Madrasa gʻarbida voqif mulki, shimolida yoʻl, sharqida hovuz, janubida Shodimbiy otaliq madrasasi mavjud boʻlgan. Malika bu yerda kambagʻal miskinlar taʼlim olishi uchun madrasa qurdirgan. Madrasa va masjid faoliyatini taʼminlash maqsadida Xutfar tumanidagi Shoʻrcha mavzesida 1000 tanob xurri xolis yeri vaqf qilingan. Mutavvali voqifning oʻzi boʻlgan. Vaqf mablagʻlari esa ushrdan olingan. Boli hovuz madrasasiga oid yana bir qator vaqf hujjatlari topib oʻrganilgan. Madrasa Buxoro taʼlim tizimidagi uchinchi darajali toifadagi oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblangan. Tarixiy hujjatlarning birida madrasada banoraspoʻsh toifaga mansub mulla Ashur Muhammad ismli mudarris taʼlim berganligi toʻgʻrisida maʼlumot mavjud. Abdulxoja Abdiy oʻz asarida Boloyi hovuz madrasasida „Nodir“ taxallusi bilan ijod qilgan mulla Doʻst talabalarga dars berganligini yozib qoldirgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 22 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Boloyi hovuz madrasasi 19 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Madrasa
Boloyi hovuz madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Sitorai Mohi Xossa
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Sitorai Mohi Xossa
Asosiy sana:
XVIII asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 19 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht

Manbalar

tahrir
  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.