BorsakelmasOrol dengizining shimoliy gʻarbiy qismidagi orol. Qozogʻistonning Kiziloʻrda viloyatida. Uzunligi 27 km, eni gʻarbda 11,5 km, sharkda 2,5 km. Maydoni 133 km² (1961). Qirgʻoqlari asosan tekis, past, janubiy qirgʻogʻi bir oz baland va qoyali. Yer yuzasi tepalik va soyliklardan iborat pasttekislik. Aksari qismining balandligi 100 m, eng baland joyi 113 m. B. da doimiy va muvaqqat koʻllar, sohilida shoʻr koʻllar uchraydi. Orolning shimoliy yarmi qumli pasttekislik, unda qum tepalari va taqirlar koʻp. Borsakelmas asosan paleogen (yuqori eotsen) ning mergelli va qumli gillari hamda kvarsli qumlaridan, janubiy eng baland qismi quyi va oʻrta oligotsenning gil, alevrit va qumtoshlaridan tashkil topgan. Orolning shimoliy va sharqining gil yotqiziqlari ustini golotsenning choʻkindi jinslari qoplagan. Iqdimi kontinental; iyulning oʻrtacha temperaturasi 26°, yanvarniki — 11°, oʻrtacha yillik yogʻin 120–160 mm. Borsakelmas da koʻproq boʻzqoʻngʻir tuproqlar, taqirli tuproqlar, shoʻrxoklar tarqalgan. Siyrak choʻl oʻsimliklari, koʻproq shuvoq, shoʻra, burgan, shoʻrtob va shoʻrxok yerlarda qiyoq, qamish oʻsadi, ondasonda saksovulzorlar uchraydi. Qumli yerlarda qizilcha, kauchukli xondrilla, yantoq, yovvoyi suli oʻsadi. Bahorda qoʻngʻirbosh, lola, bugʻdoyiq, ravoch kabi efemer oʻsimliklar oʻsadi. B. da sut emizuvchilarning 13 turi, parrandalarning 202 turi, sudralib yuruvchilarning 8 turi yashaydi. Shuningdek xos hayvonlardan qoʻshoyoq, olaxurjun, yumronqoziq, saygʻoq, jayran, qulon, tulki, tipratikan, dumaloqbosh kaltakesak, zaharli qalqontumshuq ilon, chiporilon, suvilon, parrandalardan bulduriq, yilqichi, suv burgutlari, miqqiy, toʻrgʻay, qarqunoq, qargʻa, zogʻcha, chumchuqlar bor. Toʻqayzorlarda oʻrdak, loyxoʻrak, baliqchi qushlar, dengiz boʻyida qoravoylar galagala boʻlib yashaydi. B.da oʻsimlik va hayvonlarni saqlash va koʻpaytirish maqsadida 1939-yilda Borsakelmas qoʻriqxonasi tashkil etilgan. 1961-yildan eʼtiboran dengiz sathining pasayishi natijasida orolning maydoni kengayib bormoqda, hozirda u quruqlik bilan tutashdi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil