Buvayda tumani — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1959-yil 14-dekabrda tugatilib, uning hududi Uchkoʻprik va Bagʻdod tumanlariga qoʻshib yuborilgan. 1973-yil 26-dekabrda qayta tuzildi. Tuman hududi Qoʻqon shahridandan shimolroqda joylashgan. Buvayda tumani viloyatning Bagʻdod, Uchkoʻprik, Dangʻara, Oltiariq tumanlari, Namangan viloyatining Pop tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,28 ming km2. Aholisi 173,6 ming kishidan ziyod (2011). Buvayda tumanida 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Alqor, Bekobod, Beshterak, Buvayda, Jaloyir, Oqqoʻrgʻon, Uzumzor, Yangiqadam, Yangiqoʻrgʻon, Qoʻngʻirot, Qoʻrgʻonobod, Qum maxalla ) bor. Markazi — Ibrat (Yangiqoʻrgʻon) qishlogʻi. Buvayda nomi Bibiubayda nomidan olingan

Buvayda tumani
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Ibrat
Asos solingan sanasi 1959-yil
Hokim Bexzod Ibragimov [1]
Rasmiy tili oʻzbek
Aholi (2008) 173,6 [2]
Zichligi 620 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar - 99,7%
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 280 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Buvayda tumani xaritada
41°0′18.4″N 71°31′19.2″E / 41.005111°N 71.522000°E / 41.005111; 71.522000

Tabiati

tahrir

Buvayda tumani relyefi asosan tekislik. Iqlimi kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati — 2,3 °C, iyulniki 27,5 °C. Yiliga 120-130 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 218 kun. Bahor va kuzda kuchli shamollar esadi. Gilli, qumoqli, sugʻoriladigan oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Shimoliy va shimoli-gʻarbda barxan, doʻng qumlar uchraydi. Soʻx suvi Bekobod, Bachqir, Kartan, Buvayda ariqlari orqali keladi. Tuman shimoldan Bagʻdod kollektori, Achchiqkoʻl va boshqa kanallar oʻtgan. 7 suv inshooti, 140 dan ziyod artezian va drenaj qudugʻi bor. Ekinzorlar Soʻx daryosi, Katta Fargʻona kanali, Katta Andijon kanali hamda yer osti suvlaridan sugʻoriladi. Qumli yerlarda qandim, cherkez, yulgʻun, yantoq, oqbosh oʻsadi. Turli kaltakesaklar, oʻqilon, chipor ilon, shtraux qurbaqaboshi va boshqalar yashaydi.

Aholisi

tahrir

Tumanda 200,6 ming kishi istiqomat qiladi. Shundan shaharda 97,6 ming kishi (52,6%) ni, qishloqda 76 ming kishi (43,8%) ni tashkil qiladi. Aholini 99,7% ni oʻzbeklar, 0,1% ni tojiklar, 0,1% ni qirgʻizlar tashkil etadi.

Tarixiy obidalari

tahrir

Tarixiy obidalardan 15—16-asrlarga oid Bibi Buvayda maqbarasi, Boʻston Buva maqbarasi (Sulton Boyazid Bistomiy), Podshopirim (Fargʻona vodiysida islomni targʻib qilgan. Shoh Mahmud Jalil ismli imom nomi bilan boglik rivoyat bor), Bandikushod, Soʻfi Azizlarning maqbaralari bor.

Xoʻjaligi

tahrir

Xoʻjaligi asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan boʻlib, yetakchi tarmogʻi paxtachilikdir. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 16104 ga, shu jumladan 8620 ga paxta, 5370 ga donli ekinlar, 1930 ga yem-xashak ekinlari, 170 ga sabzavotpoliz ekinlari, 915 ga mevazor va tokzorlar bilan band. Buvaydaning oqqoʻrgʻon anjiri qadimdan mashhur. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 31,5 ming qoramol, 19 ming qoʻy va echki, 34 ming parranda, 25 ot, 580 dan ziyod asalari uyasi bor (2000). Pillachilik rivojlangan.

Sanoati

tahrir

Sanoati qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ip yigiruv va toʻquv fabrikasi, tikuvchilik trikotaj fabrikasi, meva va sabzavotlarni qayta ishlash (jumladan, anjir qiyomi ishlab chiqarish sexlari), gilam toʻqish, gʻisht zavodlarii, qurilish taʼmirlash tashkiloti, aksiyadorlik jamiyati, 304 kichik va xususiy korxona, taʼmirlash ustaxonasi, avtokorxona bor.

Ijtimoiy soha

tahrir

Tumanda 15 km li temir yoʻl (Toshkent — Namangan), 11 km li xalqaro, 49 km li respublika, 100 km viloyat ahamiyatiga ega avtomobil yoʻllari mavjud. Ichki avtomobil yoʻllarining uzunligi 718 km.

1999/2000 oʻquv yilida 51 umumiy taʼlim maktabi, 2 litsey, gimnaziya, nafis sanʼat va sport maktablarida 31 ming oʻquvchi taʼlim oldi. 54 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 8 sanʼat saroyi, muzey, 25 dorixona, 780 oʻrinli 4 kasalxona, 52 oʻrinli sanatoriy, qon quyish stansiyasi, 3 poliklinika, 53 tibbiy punkti boʻlib, ularda 245 vrach, 1368 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. Yer ostidan chiqarilgan shifobaxsh suv yoniga kurort qurilgan va uni yanada kengaytirish moʻljallanmoqda. Aholiga 178 savdo shoxobchalari xizmat koʻrsatadi. 1950-yildan „Buvayda koʻzgusi“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 2030)[3].

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

tahrir