Chatqol biosfera qoʻriqxonasi

Chatqol biosfera qoʻriqxonasi — Toshkent viloyatining Parkent tumani togʻli hududida, Chatqol togʻ tizmalarining janubi-gʻarbida joylashgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1990-yil 21-iyundagi qarori bilan Chatqol qoʻriqxonasi (1947) negizida Ugom-Chatqol davlat tabiat milliy bogʻi tashkil etilishi munosabati bilan uning janubiy qismida alohida qoʻriqlanadigan hudud tarzida ajratilgan. Toshkent viloyati tabiatini muhofaza qilish boshqarmasiga qaraydi. Gʻarbiy Tyanshanning ulkan va noyob oʻsimliklari, hayvonot va qushlarini oʻrganish, saqlab qolish va koʻpaytirish maqsadlarida ish olib boradi. Umumiy maydoni 9900 ga. Qoʻriqxona hududi sharqda deyarli Namangan viloyati, janubi-gʻarbda Ohangaron tumani togʻli hududlariga yaqin boradi. Relyefi har xil balandliklar (1100–4000 m), qoyali choʻqqilar va tik qiyaliklar bilan tavsiflanadi. 1000–1500 m balandlikda lyossimon tuproqlar, undan yuqorida togʻ oʻrmon va oʻtloqi tuproqlarning turli shakllari rivojlangan. Iqlimi kontinental, yanvar oyining oʻrtacha harorati –7°C, iyul oyiniki 23–25°C, yillik yogʻin miqdori 700-800 mm. Qoʻrikxona hududidagi asosiy suv havzalari Boshqizilsoy, Shovvasoy va ularning irmoklari. Qoʻriqxonada oʻsimliklarning 1300 ga yaqin turi, shu jumladan, dorivor oʻsimliklardan jenshen, togʻ yon bagʻirlarida 40 dan ortiq daraxt va buta turlari oʻsadi. Asosiy daraxtlari tol, terak, qora archa, savur archa, yongʻoq, pista, qayin, zirk, chetan, doʻlana, yovvoyi olma, togʻolcha va boshqa Hayvonot dunyosida 30 dan ortiq sut emizuvchilar turi, shu jumladan, togʻ qoploni, qoʻngʻir ayiq, togʻ echkisi, yelik, tulki, boʻrsiq, qobon (yovvoyi choʻchqa) va boshqa, qushlarning 140 dan ortiq turi – bedana, qirgʻiy, qora laylak, kaklik, qumri va boshqa (qushlardan qora laylak, qirgʻiy uya qurib bola ochadi), umurtqasizlarning 19 turi uchraydi. Gʻarbiy Tyanshan uchun noyob boʻlgan oʻsimliklarning 33 turi, hayvonlarning 3 turi, qushlarning 4 turi Xalqaro va Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Qoʻriqxona oʻsimliklar soni tiklanib, hayvon va qushlar soni koʻpaymoqda. Qoʻriqxona Maydontol maydonining baland togʻ qoyalarida togʻ echkisi va kiyiklar tasviri tushirilgan petrogliflar (Teraklisoy petrogliflari) topilgan (1965)[1].

Chatqol biosfera qoʻriqxonasi. Boshqizilsoy daryosi

Suratlari

tahrir

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. "Chatqol biosfera qoʻriqxonasi" OʻzME. Ch-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir