Chuchukmiya
Chuchukmiya (Solodka obiknovennaya – Glycyrrhiza glabra L.) – dukkakdoshlar oilasiga mansub oʻsimlik.
Biologik morfologiyasi
tahrirChuchukmiya (shirinmiya, qizilmiya) koʻp yillik oʻsimlikdir. Poyasi tik oʻsuvchi, boʻyi 50-200 sm, shoxlangan yoki shoxlanmagan boʻlib, tuklar bilan qoplangan. Barglari toq, patsimon, murakkab. Oʻsimlikning ildiz sistemasi taraqqiy etgan boʻlib, 5–6 m chuqurlikkacha boradi. Gullari ikki jinsli, sariq, mayda, barg qoʻltigʻidan oʻsib chiqqan, yarim soyabon gul toʻplamini tashkil qiladi. Mevasi 3-7 urugʻli, pishganda ochilmaydigan dukkak. Urugʻi qattiq, mayda silliq, moshrang.
Aprelning oxiridan iyungacha gullaydi, mevasi asosan avgust-sentyabr oylarida pishadi.
Tarqalishi
tahrirChuchukmiya, asosan, Yevropa va Osiyoda keng tarqalgan. Uni Yevropaning janubiy-sharqiy qismida, Kavkazda va Oʻrta Osiyoda tabiiy holatda koʻrish mumkin. Oʻzbekistonning Amudaryo, Sirdaryo toʻqayzorlaridagi katta maydonlarda oʻsadi.
Chuchukmiya toʻqayzorlardan tashqari, daryo yoqalari, ariq va zovur boʻylarida, shoʻr va qumli yerlarda, togʻ yon bagʻirlarida, gohida ekinzorlar orasida ham uchrashi mumkin.
Tarkibi
tahrirChuchukmiya tarkibida glitsirizzin deb nomlanuvchi triterpen birikmadan tashqari 27 ta har xil flavonoidlar (likviritin, likviritozid, likviritinenin va boshqa), glyukoza, qand, kraxmal, sististerin, dioksistigmasterin, biroz efir moylari, askorbin kislotasi, asparagin va boshqa moddalar bor. Shuni aytish kerakki, glitserrizinning mazasi yoqimli, u qandga nisbatan 40 barobar shirinroqdir.
Xalq tabobatida qoʻllanilishi
tahrirAbu Ali ibn Sino chuchukmiya ildizi vositasida buyrak, qovuq, meʼda, oʻpka kasalliklarini davolagan.
Xalq tabobatida chuchukmiya ildizidan tayyorlanadigan sharbat va kukunlar terlatuvchi, yengil surgi, nafas yoʻli shamollashi bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarda, balgʻam koʻchiruvchi, nafas qisishida yordam beruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Uning ildizidan tayyorlangan qaynatma siydik haydovchi, meʼda hamda oʻn ikki barmoqli ichak jarohatini davolovchi xususiyatga ega. Ildizining qaynatmasi qoʻziqorindan zaxarlanganda ichiladi. Shifokorlarning fikricha, chuchukmiya organizmni yoshartiruvchi xususiyatga ega. U bronxial astma, meʼda yarasi kasalliklarni davolashda ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ildizining sharbati tinchlantiruvchi hamda ogʻriq qoldiruvchi xususiyatga ega.
Uy sharoitida chuchukmiyadan dori-darmon tayyorlash uchun 16 gr maydalangan ildizi olinib, 1 stakan suvga solinadi va 10 daqiqa davomida qaynatiladi, 1 soat davomida tindirilib qoʻyilgach suziladi. Kuniga 1 osh qoshiqdan 4-5 mahal isteʼmol qilinadi. Mazkur qaynatma yuqorida koʻrsatib oʻtilgan xastaliklarga davo boʻladi. Yoki 40 gr chuchukmiya ildizi kukuni 80 gr turp, 300 gr asal bilan aralashtirib halim holiga keltiriladi va ikki hafta davomida isteʼmol qilinadi.
Farmasevtikada qoʻllanilishi
tahrirIlmiy izlanishlar chuchukmiya tarkibidagi glitsirrozin kislotasi oʻzining tuzilishi boʻyicha inson buyrak usti bezlarida yetishtiradigan gormon – kortizonga oʻxshashligini koʻrsatdi. Klinik tekshiruvlarda shu narsa ayon boʻldiki, glitserrizin kortizon singari kasalliklarda suv-tuz mutanosibligini meʼyorlashtiradi, shamollashdan muhofaza qiladi, allergiyani davolaydi.
Ilmiy tibbiyot amaliyotida chuchukmiya ildizi asosida tayyorlanadigan quyuq va quruq ekstraktlar, ildiz kukuni, sharbati, damlamalar shamollash bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarda balgʻam koʻchiruvchi, yengil surgi, teri kasalliklarini davolovchi dori sifatida foydalaniladi. Chuchukmiyadan olinadigan koʻkrak eleksiri („Grudnoy eleksir“) balgʻam koʻchiruvchi vosita sifatida tavsiya qilinadi.
Chuchukmiyadan tayyorlangan preparatlar yurak faoliyati yaxshi boʻlmaganda, gipertoniya hamda homiladorlikda tavsiya etilmaydi.
Sanoat va qishloq xoʻjaligida qoʻllanilishi
tahrirChuchukmiyadan sanoat miqyosida tush, gutamin hamda koʻnchilik korxonalari uchun qimmatbaho boʻyoqlar olinadi. Hozirda chuchukmiya jahon bozorida juda qadrlanadigan xom ashyo hisoblanib, uni yetkazib beradigan asosiy xoʻjaliklar Oʻrta Osiyo respublikalari, jumladan, Qozogʻistondir. Mamlakatimizda esa Amudaryo qayir yerlarida shifobaxsh chuchukmiya yetishtirishga ixtisoslashgan xoʻjaliklar tashkil etilgan. Shuningdek Qoraqalpogʻiston, Surxondaryo viloyatida ham chuchukmiya ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
Chuchukmiya chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa hisoblanadi. Chunki uning tarkibida oqsil, kletchatka, provitamin A va boshqa foydali moddalar bor. Undan oziq-ovqat sanoatida turli xil taʼmli sharbatlar, likyorlar, shirinliklar tayyorlanadi.
Yana qarang
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Shifobaxsh neʼmatlar M.Nabiyev, V.Shalnev, A. Ibrohimov Toshkent – „Mehnat“ – 1989
Havolalar
tahrir- Chuchukmiya qiyomi[sayt ishlamaydi]
- Botanika va oʻsimliklar fiziologiyasi[sayt ishlamaydi]
- Dorivor oʻsimliklarning tabiatda va inson hayotidagi roli