Chumqor togʻi
Chumqor togʻi — Jizzax viloyatining janubidagi togʻ. Turkiston tizmasining bevosita davomi. Oʻzbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning Sugʻd viloyati hududlarida joylashgan. Togʻning suvayirgʻich qismidan Oʻzbekiston va Tojikistonning davlat chegarasi oʻtgan. Chumqor togʻi, asosan, kenglik boʻylab choʻzilgan, faqat Qoshtepa dovonidan gʻarbdagi qismi janubi-gʻarbga yoʻnalgan. Chumqor togʻi sharqda Guralash dovonidan boshlanib, shimoli-gʻarbda Zarafshon daryosi yaqinida (Gʻubdintogʻda) tugaydi. Umumiy uzunligi 80 km dan ziyod. Kengligi oʻrtacha 16 km. Balandligi 2000—3000 m. Eng baland joyi 3405 m (Bozorxonim choʻqkisi). Chumqor togʻi Lattaband dovoniga yetgach, ikki tarmoqqa ajralgan, janubiy qismi — Qizilqanor togʻi (Tojikiston hududida), shimoliy qismi — Lattaband togʻi.
Chumqor togʻi gersin burmalanishida shakllangan antiklinal. Asosan, paleozoyning gilli slanetslari, qumtoshlari, ohaktoshlaridan tashkil topgan. Suvayirgʻich qismi oʻtkir, qoyali. Janubiy yon bagri nisbatan nishabroq, Sangzor daryosi va uning chap irmoklari bilan kesilgan. Togʻning etaklarida boʻz, yon bagʻirlarida togʻoʻrmon jigarrang, qoʻngʻir, togʻ oʻtloq dasht tuproqlar tarqalgan. Boʻz tuproqlarda rang, yaltirbosh, chalov, bugʻdoyiq, karrak, oq kovrak, gulhayri, betaga va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Butalardan doʻlana, pista uchraydi. 1800—3000 m balandliklar orasi archazor. Togʻ-oʻrmon jigarrang, qoʻngʻir tuproqlar tarqalgan. Pista, irgʻay, zirk, baland boʻyli oʻtlar ham oʻsadi. 3000 m dan yuqorida subalp oʻtloqlari (qoʻngʻirbosh, rang, taran, anjabor, taktak) boshlanadi. Togʻ etagida lalmikor dehqonchilik, mevachilik, sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |