Dilorom Karimova
Dilorom Karimova — Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti, kino va teatr aktrisasi.
Biografiyasi
tahrirDilorom Abdumalikovna Karimova 1948-yil 9-fevral kuni Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. Otasi Abdumalik Ibrohimov — jurnalist, pedagog, yurist kasbida faoliyat yuritgan. Onasi Muazzam Ibragimova kasbi shifokor boʻlgan. Ulugʻ Vatan urushi yillarida Toshkentdagi gospitalda faoliyat yuritgan. Dilorom Karimova maktabda oʻqiyotgan davrida astronomiya faniga juda qiziqqan va astronom boʻlishni orzu qilgan. Unda koinotga, yulduzlar, sayyoralar tizimi, oʻzga gallaktikalarni oʻrganishga qattiq qiziqish boʻlgan. Ammo maktab yaqiniqa dramatik toʻgarak boʻlib, u ham yosh qizning diqqatini oʻziga jalb qilgan. Diloromning ota-onasi ziyolilardan boʻlishgan, ular oila bilan birgalikda teatrlarga — Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatri hamda Yosh tomoshabinlar teatriga spektakllarni tomosha qilish uchun borib turishar edi. Dilorom ham bu spektakllarning hammasiga borar edi, uning boʻyi kichkina boʻlganligi uchun tomoshalarni turib tomosha qilardi. U teatrni tik turib tomosha qilar ekan, qalban sahna ortidagi olamga talpinar edi. Aynan ana shunda Diloromning qalbida teatrga nisbatan muhabbat uygʻonadi va u ana shu tuygʻu taʼsirida drama toʻgaragiga yozilib, u yerda shugʻullana boshlaydi[1].
Faoliyati
tahrirDilorom Karimova faoliyatini 1967-yildan boshlagan. Uning sanʼatdagi birinchi ustozi Ahmad Yunusov edi.Lekin Ahmad Yunusov aktrisaning sanʼatdagi qobiliyatiga qaramay, unga ilm yoʻlini tanlashni maslahat beradi. Otasi ham sanʼat institutiga kirishiga qarshi boʻladi. Lekin har gal televizion spektakllardan soʻng Diloromni tomoshabinlar mehr bilan olqishlashayotganining guvohi boʻlgach, qiziga sanʼat yoʻlidan ketishiga rozilik beradi. Ahmad Yunusov esa Diloromni tibbiyot oliygohida oʻqishga undayveradi. Dilorom sanʼat oliygohiga hujjat topshirgani uchun hatto tarsaki ham yeydi. Sanʼat oliygohini bitirib, Hamza nomidagi milliy teatrda ish boshlaydi va bir qator ajoyib rollar yaratadi. Birgina „Parvona“ spetaklidagi Nazokatning kelinoyisi obrazi uning iqtidorini xalqqa tanitishga yordam beradi. Aktrisa keyinchalik faoliyatini televideniyeda davom ettiradi. „Ostonasi tillodan“, „Oltin beshik“ koʻrsatuvlariga rejissyorlik qiladi, filmlarga ssenariylar yozadi. Koʻpchilikka manzur boʻlgan „Quyoshi botmaydigan yurt“ serialining ham muallifi, ham rejissyori. 2017-yilda otasi xotirasiga bagʻishlangan „Poʻrtana“ nomli kitobi nashr etiladi. u otasi haqida shunday soʻzlaydi: „Otamdan menga meros boʻlib dard qoldi. Shu bois dardni his etadigan inson boʻlib ulgʻaydim. Bugun otamning yoshidan oʻtib, otamday qarib qolgan boʻlsam-da, u kishi bilan bogʻliq xotiralar hanuz meni qoʻyib yubormaydi“. Dilorom Karimova uchun ertaklar alohida ahamiyatga egadir. Aktrisaning aytishicha, aynan ertaklar uni gʻam-gʻussa, umidsizlik va hasratdan asraydi. U hayotida sehrgar paydo boʻlib, uning armonlarini roʻyobga chiqarishiga ishonadi. Dilorom Karimovaning oʻzi ham ertaklar haqida shunday deydi: „Men hanuzgacha ertaklarda yashayman. Bu narsa menga hayotda juda katta yordam beradi: gʻazab va jahlni ketkazadi, tevarak-atrofga tamomila boshqa nigoh bilan qarashni oʻrgatadi“."Yoriltosh" va „Malikai Husnobod“ — Dilorom Karimova ijrosida jaranglagan oʻzbek xalq ertaklarining ikki toʻplamidir[2]. „Aktyorlik kasbi bizni dunyoga qalbimizni ochishga, boshqalarning dardi va azoblarini his etishga majbur qiladi“.
Ijro etgan rollari
tahrirTeatr va spektaklarda oʻynagan rollari:
tahrirF.Shiller. „Qaroqchilar“ — Amaliya;
V.Rozov. „Oqshomdan tushgacha“ — Nina;
Uygʻun. „Parvona“ — Mamlakat;
F.Minulin."13-rais" — Xarisova;
P.Qodirov."Yulduzli tunlar" — Xonzoda;
N.Erdman."Alvido hayot" — Mariya;
J.Puare."Aldagani xotin yaxshi" -Sofi.
Filmografiya
tahrir„Opa-singillar“ television seriali
„Zabarjad”
„Narigi sohilda qolgan bolalik“
„Novda“
„Parizod“
„Tanho qayiq“
„Ilhaq“ nomli badiiy filmlar.
Unvonlari
tahrir„Ilhaq“ filmidagi roli bilan yana bir bor tomoshabinlar qalbidan joy olgan aktrisa Dilorom Karimova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 27-avgust kuni imzolagan „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida“gi farmoniga binoan Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirlanadi[3].
Manbalar
tahrirBu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |