Dilshod Otin

Oʻzbek va tojik shoirasi, maʼrifatparvar
(Dilshodi Barnodan yoʻnaltirildi)

Dilshod Otin, Dilshodi Barno (forscha: دلشاد برنا)[1], Barno (taxalluslari; asl ism: Dilshod Rahimqul soʻfi qizi yoki Rahmonqul Soʻfi Istaravshani qizi[1]; 1800-yil, Oʻratepa – 1907-yil, Qoʻqon) – oʻzbek va tojik shoirasi, maʼrifatparvar.

Dilshod Otin
Tavalludi
Dilshod Rahimqul soʻfi qizi

1800-yil
Vafoti 1907-yil
Qoʻqon
Kasbi Shoira

Hayoti

tahrir

Dilshod Otin 1800-yil Oʻratepada tugʻilgan. Otasi Rahmonqul Soʻfi Istaravshani shoir boʻlib, undan savod oʻrgangan. 1812-yili Umarxon Oʻratepani bosib oladi va boshqa asirlar kabi Dilshod Otinni ham Qoʻqonga olib keladi. Umarxon saroyidan qutilgan Dilshod Otin Toshmaxdum ismli odamning xonadonidan panoh topadi. Soʻng oʻzbek tilini mukammal oʻrganadi va Dilshodi Barno taxallusi ostida tojik va oʻzbek tillarida gʻazallar yozadi[1].

Avvaliga qaynonasi bilan, uning vafotidan keyin 51 yil maktabdorlik qilib, xotin-qizlarga xat-savod oʻrgatadi. Uning maktabida 891 nafar oʻzbek qizi tahsil olgan boʻlib, ulardan Anbar Otin, Toʻtiqiz, Xayriniso, Bahriniso kabi shoiralar uning shogirtlari hisoblanadi.

Dilshod Otin gʻazal, muxammas, masaddas, chiston va boshqalar bilan birga xotiranomalar ham yaratgan. Uning 91 ta oʻzbekcha va 51 ta tojikcha sheʼri, „Tarixi muhojiron“ („Muhojirlar tarixi“) badiiy-tarixiy asarining oʻzbekcha va tojikcha 3 qoʻlyozma nusxasi („Tazkirai Barno“, „Sabot ul-bashar maa tarixi muhojiron“ – „Inson matonati va muhojirlar tarixi“, „Muntaxab alashʼori Barno“ – „Barnoning tanlangan sheʼrlari“) bizgacha yetib kelgan. Bularda oʻzaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar oʻz ifodasini topgan.

Turkistonni chor Rossiyasi bosib olishiga boʻlgan munosabatda shoira zamondoshlaridan ilgarilab, bu hodisaning barcha oqibatlarini toʻgʻri tushungan. Shu jihatdan Dilshod Otin sheʼriyati xalq taqdirining badiiy yilnomasi darajasiga koʻtarildi. Shu bilan birga shoira baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishondi („Bu jabru zulmat albat muvaqqat…“, „Fargʻona“ va boshqalar), turkistonliklarni doʻst-inoq yashashga undadi („Xaloyiq, borsangiz…“, „Tarixi muxosara“ va boshqalar). Dilshod Otin lirikasida muhabbat va sadoqat mavzusi, vatan va inson ozodligi masalasi uygʻunlashib ketgan („Sochim sunbul deyurlar…“, „Falakda suzuvchi oy…“ va boshqalar).

Dilshod Otinning „Tarixi muhojiron“ asarida XIX asr Qoʻqon xonligidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy voqealar aks etgan. Ayollarni maʼrifatli, erkin, jamiyatning teng huquqli aʼzolari boʻlishga chorlagan. Shuningdek, asarda Oʻratepa va Qoʻqonda yashagan 30 dan ortiq shoir va shoiralar ijodi haqida maʼlumot keltirilgan. Dilshod Otin asarlari qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1207). Asarlari oʻzbek va tojik tillarida nashr qilingan.

Oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan zullisonayn shoir Dilshod Otin 1907-yilda Qoʻqonda vafot etgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Tanlangan asarlar, T., 1972;
  • Zebunniso, Dilshod va Anbar Otin sheʼriyatidan, T., 1981.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Qodirova M., Dilshod, T., 1971.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet. 

Havolalar

tahrir