Edward Said (talaffuzi: Edvard Said) (arabcha: إدوارد وديع سعيد) (1-noyabr 1935-yil — 24-sentabr 2003-yil) — Falastin mandatli hududida tugʻilgan amerikalik adabiyotshunos olim va intellektual. Said uzoq yillar davomida Columbia universitetida adabiyot oʻqituvchisi lavozimida ishlagan. Olim postkolonial izlanishlar yoʻnalishi asoschisi hisoblanadi.

Edward Said
Tavalludi 1-noyabr 1935-yil
Vafoti 24-sentyabr 2003-yil(2003-09-24)
(67 yoshda)
New York, AQSh
Fuqaroligi AQSh va Falastindagi Britaniya mandati

Britaniya va Amerika maktab va universitetlarida tahsil olgan Said oʻz taʼlimi va ikki madaniyat muhitida shakllangan qarashlari yordamida Gʻarb va Sharq madaniyatlari bir-birini madaniy va siyosiy anglashidagi kamchiliklarni koʻrsatib bergan. Xususan, olim Yaqin Sharqdagi Isroil-Falastin mojaridagi xato qarashlar haqida yozgan. Saidga Antonio Gramsci, Frantz Fanon, Aimé Césaire, Michel Foucault hamda Theodor Adorno kabi faylasuf olimlar ishlari taʼsir koʻrsatgan.

Madaniyat tanqidchisi oʻlaroq Said „Orientalism“ (1978) asari bilan tanilgan. Kitobda oriyentalizm tamoyili, xususan, Gʻarbning Sharq xalqlari madaniyatini tushunishiga asos boʻlgan qarash va metodlar tanqid qilinadi. Saidning matnlarni tahlil qilish modeli adabiyot nazariyasi, adabiy tanqid hamda Yaqin Sharq sohalaridagi akademik ishlarni, xususan, ularda oʻrganilayotgan jamiyatlar qay yoʻsinda koʻrib chiqilishi, taʼriflanishi hamda belgilanishini tubdan oʻzgartirdi. „Oriyentalizm“ kitobi Yaqin Sharqni oʻrganib kelgan olimlar, faylasuflar hamda adabiyotshunoslar orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Said Falastin milliy kengashi aʼzosi boʻlgan, ommaviy ravishda Isroil hamda arab davlatlari siyosatini, ayniqsa, oʻz xalqlari manfaatlariga zid chora koʻrga musulmon tuzumlarni tanqid qilgan. Olim Isroildagi falastinliklarga teng siyosiy va inson huquqlari berilishi uchun Falastin davlatini tuzishni qoʻllagan.

1999-yil Said doʻsti Daniel Barenboim bilan Gʻarb-Sharq devon orkestriga asos solgan. Isroillik, falastinlik hamda arab musiqachilaridan iborat orkestr qarorgohi Seville shahrida joylashgan. Said ilmiy ishlaridan tashqari musiqaga ham qiziqqan, pianinoni mahorat bilan chalgan. Shuningdek, Barenboim bilan musiqa boʻyicha suhbatlarini oʻzida jamlagan „Parallellar va paradokslar: Musiqa va jamiyatda tadqiqotlar“ (inglizcha: Parallels and Paradoxes: Explorations in Music and Society) (2002) kitobini yozgan.

Havolalar

tahrir