Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi
Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi — madaniy-maʼrifiy muassasa; Respublikadagi keksa muzeylardan. Fargʻona shahrida joylashgan.
Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi | |
---|---|
Asos solingan sana | 1934-yil |
Joylashuvi | Oʻzbekiston Respublikasi Fargʻona viloyati |
Direktor | Bahodir Xoshimov |
Sayt | museumfergana.uz |
Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi Vikiomborda |
Tarixi
tahrirFargʻona tarixi muzeyi Oʻzbekiston Respublikasidagi eng keksa muzeylaridan biridir. Muzeyga ilk bor 1894-yilda Yangi Margʻilon (Hozirgi Fargʻona shahri) shahrida oʻtgan savdo koʻrgazmasi vaqtida asos solingan. Oradan maʼlum bir vaqt oʻtib, 1895-yilda Fargʻona viloyati harbiy Gubernatori tomonidan Gubernatorlik binosining, Gubernator xonasi yaqinida Fargʻona vodiysiga oid tarixiy buyumlarni saqlash uchun 2 ta xona ajaratilgan.1897-yilda muzeyning nizomi tasdiqlangan boʻlsa, 1899-yilning 26-may kuni „Fargʻona viloyat xalq muzeyi“ning (uning birinchi nomi shunday edi) tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Bu vaqtga kelib muzeyda 2223 dona tarixiy buyum va kitoblar yigʻilgan edi.
1911-yilda Fargʻona shahridagi oʻzgarishlar natijasida muzey yopildi va faqat 1920-yilda Fargʻonadagi siyosiy tizimning oʻzgarishi natijasida, hokimiyat sovetlar qoʻliga oʻtgach, muzey qayta ochildi. Bu vaqtga kelib muzeyning maqsad va vazifasi ham butunlay oʻzgargan edi. Muzeyning nomi esa, „Fargʻona shahar ilmiy muzeyi“ deb atala boshlandi. Muzey eski Konstantinovskaya koʻchasidagi binolarning birida 1984-yilga qadar faoliyat olib bordi. 1985-yildan Fargʻona shahrining boshqa qismiga, maxsus muzey uchun qurilgan binoga koʻchib oʻtdi[1].
1922—1927-yillarda muzey ekspozitsiyasida qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, numizmatika, tabiat, tarix va etnografiya boʻlimlari mavjud edi.
1938-yildan esa, muzey „Viloyat oʻlkashunoslik muzeyi“ nomi ostida faoliyat koʻrsata boshladi. Bu vaqtga kelib eksponatlar soni 15 mingdan oshgan edi. 1951-1960-yillar oraligʻida Leningrad universiteti bitiruvchilari va keyinchalik, muzeyda xodim boʻlib ishlagan N. G. Gorbunova va B. Z. Gamburglar izlanishi va oʻlka, Fargʻona vodiysiga oid qazilma ishlarini olib borishi natijasida muzey 5000 ga yaqin tarixiy va arxeologik buyumlarga boyidi.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, Fargʻona viloyatining ijtimoiy hayotida muzeyning roli keskin ortdi. Fargʻona Vodiysining tarixiy allomalari Ahmad al-Fargʻoniyning 1200 yillik va Burhoniddin al-Margʻiloniyning 900 yillik yubileylari "Fargʻona tarixi muzeyi" xodimlarning sa'y-harakatlari natijasida amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning 1998-yil 12-yanvardagi 1913-sonli „Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish toʻgʻrisida“gi Farmoni[2], Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-martdagi 98-sonli „Muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalari toʻgʻrisida“gi va 2002-yil 9-yanvardagi „Noyob zargarlik sanʼati asarlarini asragan holda foydalanish va saqlanishini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar toʻgʻrisida“gi qarorlari muzey faoliyatini yanada jonlantirib yubordi[3].
Tavsifi
tahrirBugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyi barcha turdagi zamonaviy texnika vositalari bilan taʼminlangan bo‘lib, ular ilmiy-tadqiqot ishlarida katta samara bermoqda.
Hozir muzeyda 5 ta (tarix, tabiat, sanʼat, ilmiy-oqartuv va fond) boʻlim va 10 ta (tasviriy sanʼat, metal va sopol buyumlar, maxsus mato buyumlar, hujjatlar, gazeta va plakatlar, yogʻoch buyumlar, arxeologiya va numizmatika, tabiat, fotonegativ va suratlar) zaxiraxonalar faoliyat koʻrsatib turibdi. Muzey binosi 3 qavatdan iborat boʻlib, asosiy koʻrish zali ikkinchi qavatda joylashgan. Muzey xorijiy mamlakatlardagi muzeylar bilan ham hamkorlik (Angliya, Yaponiya, Rossiya) ishlarini amalga oshiradi[4]. Shuningdek, Toshkent shahrida 1980—1990-yillar oraligʻida Fargʻona muzeyi tarixiy eksponatlari bilan bir necha koʻrgazmalar tashkil etilgan.
Shuningdek, bugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyining tumanlarda 8 ta tarmogʻi mavjud[5].
Filial
tahrirBugungi kunda Fargʻona viloyati oʻlkashunoslik muzeyining Fargʻona volyatida 8 ta tarmogʻi mavjud.
- Shohimardon qishlogʻida Hamza Hakimzoda Niyoziy muzeyi
- Fargʻona tumani Kaptarxona qishlog‘ida Usmon Yusupov memorial muzeyi
- Yaypan shahrida Oʻzbekiston tumani tarixi muzeyi
- Margʻilon shahar tarixi muzeyi[6]
- Margʻilon shahridagi Uvaysiy uy-muzeyi
- Uchkoʻprik tumanidagi Ziyovuddin Xaziniy uy-muzeyi
- Oltiariq tuman tarixi muzeyi
- Erkin Vohidov uy-muzeyi[7]
Muzeydagi oʻgʻrilik
tahrir2022-yilda muzeyni tartibga solish va ularning moddiy bazasini qayta koʻrib chiqilgan vaqtida, 100 ga yaqin muzeyga oid asarlar, tarixiy materillar aslidan qalbakisiga almashtilgani maʼlum boʻldi[8]. Bu holat aynan qachon roʻy bergani haqida aniq maʼlumotlar berilmagan[9].
Manbalar
tahrir- ↑ „Farg'ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi“. 2023-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.01.1998 yildagi PF-1913-son lex.uz 12.01.1998
- ↑ „Eng mashhur diqqatga sazovor joylar“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ „FARGʻONA VILOYAT OʻLKASHUNOSLIK MUZEYI“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ Fargʻona muzeyi tarixidan (Wayback Machine saytida 2021-06-12 sanasida arxivlangan) museumfergana.uz
- ↑ „Marg’ilon shahar - Marg‘ilon tarixi muzeyi.“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ „ERKIN VOHIDOV MEMORIAL MUZEYI HAMDA HAZINIY UY-MUZEYI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ „Farg‘ona muzeyidagi sirli o‘g‘riliklar: Qimmatbaho eksponatlar qachon va qay holda qalbakisiga almashtirib qo‘yilgan? (video)“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
- ↑ „“Tuya qilingan” eksponatlar: Fargʻonada ham noyob asarlar qalbakilashtirilgan“. 2023-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyun.
Havolalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |