Foydalanuvchi:GoPhy0709/qumloq
QIVOMUDDIN ITQONIY
tahrirOlimning to‘liq ismi 𝐐𝐢𝐯𝐨𝐦𝐮𝐝𝐝𝐢𝐧 𝐀𝐦𝐢𝐫 𝐊𝐨𝐭𝐢𝐛 𝐢𝐛𝐧 𝐀𝐦𝐢𝐫 𝐔𝐦𝐚𝐫 𝐢𝐛𝐧 𝐀𝐦𝐢𝐫 𝐆‘𝐨𝐳𝐢𝐲 𝐅𝐚𝐫𝐨𝐛𝐢𝐲 𝐈𝐭𝐪𝐨𝐧𝐢𝐲 bo‘lib, u 1286 yilda Sayhun daryosi sohilidagi Farob shahriga qarashli Itqon qasabasida tug‘ilgan. Olim Itqoniy, Farobiy, Turkistoniy va O‘troriy nisbalari bilan tanilgan. Laqabi Qivomuddin bo‘lgan. Ba’zi manbalarda ismi Lutfulloh ekani ham takidlangan. Hanafiy fiqhida yuksak ilm sohibi bo‘lgani va bu mazhabga taassub darajasidagi bog‘liqligi sabab “Abu Hanifa” kunyasini olgani ham zikr qilinadi. O‘zi kabi ota-bobolarining ismida ham “amir” so‘zining uchrashi uning davlat arbobi oilasiga mansub bo‘lganiga ishora qilmoqda. U avval Itqonda tahsil oldi va o‘z davri olimlaridan Ahmad ibn As’ad Harifoniydan ilm o‘rgandi. Shuningdek, Nishopurda Abul Barakot Nasafiyning darslarida ham hozir bo‘ldi.
Hanafiy fiqhida va arab tili ilmlarida zamonasining peshqadam olimlaridan sanalgan Itqoniy 720/1320 yilda Damashqqa, ayni shu yili hajga yo‘l oldi. Qaytishda esa Qohira va Bag‘dodga safar qildi. Bag‘dodda qozilik va “Mashhadi Abu Hanifa” madrasasida mudarrislik qildi. 747/1346 yilda ikkinchi marta Damashqqa bordi va Zahabiydan keyin “Dorul hadisiz Zohiriyya” hamda “Ganjiyya” madrasalarida mudarrislik vazifalarida ishladi. Bu yerda xufton namozlaridan birida imomning, ehtimol shofe’iy mazhabiga mansubligi sababidandir, ruku’dan qaytayotganda qo‘llarini ko‘targanidan asabiylashib, namozini qaytarib o‘qigan va imom bilan bahslashib qolgan. Mana shu mavzuga doir bir risola ham ta’lif etgan Itqoniyga shofe’iy faqihi Taqiyyuddin Subkiy qarshi chiqqan va asariga raddiya yozgan. Bu voqealardan keyin Itqoniyning nufuziga futur yetgani va vazifasidan olingani naql qilinadi. Manbalarda uning 757/1356 yilda Qohiraga ketishi ham ushbu voqealar bilan bog‘langan.
Misrdagi taniqli mamluk sarkardalaridan Sarg‘atmish Nosiriy yurtiga tashrif buyurgan Itqoniyni shaxsan o‘zi kutib olgan. Uni o‘zi qurdirgan Sarg‘atmishiyya madrasasiga mudarris etib tayinlagani, u yerda faqatgina hanafiy fiqhini o‘qitishini va shuningdek, “Hidoya” kitobiga sharh yozishini buyurgani manbalarda aks etgan. Qohirada al-Jome’ul Mardiniyda ham dars bergan Itqoniyning yetishtirgan shogirdlari ichida eng mashhuri bir necha bor Halab va Damashq qoziligiga tayinlangan Abul Valid ibnush Shihnadir. Olimning “kotib” unvonini olganidan ayni vaqtda xattot ham ham bo‘lgani anglashilmoqda. Uning ko‘chirgan kitoblaridan biri Abu Zayd Dabusiy qalamiga mansub “Hidoya” asari bo‘lib, u Sulaymoniya kutubxonasida (Lolali, №690, var.261a) saqlanadi.
Itqoniy 1357 yilda 73 yoshida Qohirada olamdan o‘tgan. Uning janozasiga katta jamoat yig‘ilgan va olim Qohira tashqarisidagi Qubbatun Nasr mavzesi yaqiniga dafn etilgan.
Olimning ilmiy merosi
tahrirItqoniyning kalom ilmiga doir ikkita asari ma’lum. Bular “ar-Risola al-alo’iyya” va “ar-Risola shaddahot al-mu’tazila” asarlaridir. Ikkala asarning qo‘lyozmalari ham Niderlandiyadagi Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi (№OR 706, var.21b-29a; №OR 706, var.34b-38a).
Olimning yana bir qator asarlari bizga ma’lum. 1.“At-Tabyin” nomli asari Ahsikasiyning “al-Muntahab fi usulil mazhab” nomli asarining sharhi hisoblanadi. 716/1316 yilda yozilgan ushbu asarning bir nechta nusxalari mavjud bo‘lib (Sulaymoniya kutubxonasi., Jorulloh Afandi, №508-509; Lolali, №745; Fotih, №1311; To‘pqopi Saroyi Muzey Kutubxonasi, Ahmad Uchinchi, №342), Sobir Nosir Mustafo Usmon tarafidan Azhar universitetida doktorlik dissertatsiyasi doirasida asarning tahririy tanqidi amalga oshirilgan (1980). 2. “G‘oyatul bayon va nodiratul aqron” (Sulaymoniya kutubxonasi., Domad Ibrohim Posho, №625-626; Asad Afandi, №827-832; Ismixon Sulton, №154-159; Yangijome’, №490-502). Hanafiy fiqhining eng mo‘‘tabar manbalaridan “Hidoya” asarining sharhidir. Muqaddimada qayd etilganiga ko‘ra, muallif sharhni 721/1321 yildagi Qohira ziyorati asnosida boshlagan, Bag‘dod va Arrondaligida ishni davom ettirgan, nihoyat Damashqqa ikkinchi kelishida 747/1346 yilda asarni tamomlagan. 3. “Risola fi tarki raf’il yadayn” (Sulaymoniya kutubxonasi., Fotih, №2269/3; Lolali, №3706/15; Lola Ismoil, №98/9). Bu risolada namozda ruku’dan avval va keyin qo‘llarni ko‘tarish xususidagi bahs qalamga olingan. 4. “Qasidatush Shafo ma’a sharhihi” (Sulaymoniya kutubxonasi., Domad Ibrohim Posho, №1151/3; Hoji Mahmud Afandi, №3930/1). Arab tili grammatikasi bo‘yicha yozilgan mazkur asarning matni ham, sharhi ham Itqoniyga oid. 5. “ash-Shomil fi sharhi Usulil Pazdaviy”. Pazdaviy qalamiga mansub “Kanzul vusul” asarining eng yirik sharhlaridan biri. Ba’zi manbalarda asarning tugallanmay qolgani takidlansa-da, avtograf nusxa bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nusxadan (Sulaymoniya kutubxonasi., Jorulloh Afandi, №487, var.1a; Jorulloh Afandi, №485, 488, 489, 500) asarning 1352 yil 6 oktyabrda Qohirada yakunlangani ma’lum bo‘lmoqda. 6. “Vardatul arvoh fil asmoil marviyya fil muannasatis samo’iyya” (Sulaymoniya kutubxonasi., Lola Ismoil, №706/23). 7. “al-Lubob fil ilmil hisob” (Sulaymoniya kutubxonasi., Yangijome’, №301/6). 8. “Durar” (Manzumatud durar) (Sulaymoniya kutubxonasi., Lolali, №1328/1, avtograf). Sirojuddin Muhammad ibn Muhammad Sajovandiyga oid “al-Faroiz as-Sirojiyya”ning manzum shakli bo‘lib, 710/1310 yilda Buxoroda qalamga olinganidan qirq yil o‘tib, amir Sarg‘atmishga taqdim qilingan. Shuningdek, Itqoniyning “Risola fi ‘adami sihhatil jum’a fi mavzi’ayn minal Misr” nomli bir asari ham bo‘lgani manbalarda keltirilgan.
Itqoniy o‘zining bebaho asarlari bilan hanafiy mazhabi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. O‘z davrida mazkur mazhab himoyasi uchun bel bog‘lagan kishilardan bo‘lgan. Kamolposhozoda (𝐯𝐚𝐟.𝟗𝟒𝟎/𝟏𝟓𝟑𝟒) o‘zining “ar-Risola fi tabaqotil mujtahidin” nomli asarida “mujtahid” unvonini olgan 50 dan ortiq hanafiy olimlar qatorida Itqoniyni ham sanab o‘tgan.
Manbalar
tahrirFoydalanilgan adabiyotlar
tahrirFoydalanilgan adabiyotlar
1. Kholmuminov, F., & Sotvoldiev, O. (2020). Yunini Copy Of Sahih Al-Bukhari. The Light of Islam, 2020(4), 21–30.
2. Ibn Rafi’. Al-Vafoyot. Tahqiq: Solih Mahdiy Abbos. 2/205
3. Qurashiy. Al-Javohirul muziyya. Giza. 1993. 4-jild
4. Laknaviy. Favoidul bahiyya. Qohira. B.50
5. Mo‘minov. O‘rta Osiyo tarixida hanafiy mazhabi. Almati. 2015. B.44–45