Gʻulom Zafariy (1889 — 1938 yy.) — shoir va dramaturg.

Gʻulom Zafariy
Tavalludi 1889
Vafoti 1938
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR

Tarjimayi holi

tahrir

U 1889 yili Toshkentning Beshyogʻoch dahasiga qarashli Kattabogʻ mahallasida tavallud topgan. Avval eski maktabda, keyin xususiy rus maktabida, Xoʻja Ahmad va Koʻkaldosh madrasasida taʼlim oldi[1].

1912–1914 yillarda Oʻsh shahrida oʻqituvchilik qildi. 1914 yildan boshlab Toshkentdagi Abdulla Avloniy tomonidan tashkil etilgan “Turon” truppasida aktyor va dramaturg sifatida faoliyatini davom ettiradi. 1917 yildan “Ishchilar dunyosi” jurnali, shuningdek, bilim yurtlarida faoliyat koʻrsatdi. Adib 1919–1921-yillarda "TurkROSTA" gazetasining Eski shahar boʻlimida mudir, 1922–1923-yillarda Buxorodagi musiqa texnikumida mudir muovini boʻlib ishlaydi. 1923-yilda xalq maorif komissarligiga qarashli Oʻzbek teatr bilim hayʼatiga rais vazifasida ishlaydi va Turkiston oʼlkasining turli hududlaridan folklor namunalarini toʼplash bilan shugʼullanadi. 1925-yilda Oʼzbekiston ijtimoiy shoʼrolar jumhuriyati Bosh siyosiy ong-bilim tarqatuv idorasi talabi bilan Termizga borib, musiqa bilim yurtida mudir boʼlib ishlaydi[2].

Gʻulom Zafariy Termizda 1927-yildacha faoliyat koʻrsatdi. Shundan soʼng Toshkentga kelib, ijod bilan mashgʼul boʼldi. Qoʼqon, Andijon shahar teatrlarida adabiy emakdosh va rejissor sifatida ish olib bordi. 1929–1931-yillarda u Samarqandda ochilgan Musiqa institutida boʼlim mudiri, Kitoblar palatasida direktor lavozimlarida ishladi. 1932-yilda GPU tomonidan millatchilikda gumon qilinib, Sibirga surgun qilinadi. U Sibir ayozlarini yengib, 1935-yilda oʼz yurtiga qaytib keladi. Adibni 1937-yilda "xalq dushmani' deb eʼlon qilishadi va u shu yili 29-oktabrda ikkinchi bor qamoqqa olingan, 1938-yil 4-dekabrda qatl etilgan.

1914-yildan "Oyina", "Sadoyi Fargʻona", "Al-Isloh" kabi nashrlarda sheʼr va maqolalarini eʼlon qila boshlaydi. Shu yildan boshlab, “Baxtsiz shogird” nomli bir pardali pyesa yozadi; “Bahor”, “Gunafsha”, “Toʻsqinchilik”, “Yorqinoy”, “Rahmli oʻqituvchi”, “Mozorlikda”, “Maqtangan kishi”, “Tatimboy ota” kabi pyesalar, “Choʻpon Temir” (1924), "Vannaycha", “Yoshlar endi berilmas” (1926) "Gulyor" nomli dostonlar yaratadi. Gʻulom Zafariy dramaturg sifatida “Halima” pyesasi bilan mashhur boʻlgan. “Halima” 1920 yilda yozilgan boʻlib, oʻsha yilning 14 sentyabrida “Turon” truppasida Mannon Uygʻur tomonidan sahnalashtirilgan. Mazkur asar toʼngʼich milliy musiqali drama boʼlib, uning musiqiy bezagini ham muallifning oʼzi mashhur sozanda Shorahim Shoumarov hamda mulla Toʼychi Hofiz yordamida bajargan. Аyni chogʼda «Halima» oʼz davrida milliy opera sifatida baholangan. Professor Fitrat ham ushbu asarni opera deb atagan.

Oʼzbek musiqa madaniyati tarixida u musiqiy sahnaviy asarlar muallifi, milliy musiqa namunalari toʼplovchisi hamda tadqiqotchisi sifatida tanilgan. Gʼulom Zafariy va uning safdoshlari (Fitrat, V.Uspenskiy, Elbek) jonbozligi tufayli uyushtirilgan ilk musiqiy-folklor ekspeditsiyalari natijasida musiqa merosini toʼplash va oʼrganish tizimiga asos solindi: 1920-yillar boshida Buxoroda Tanbur chizigʼining nusxasi topildi, 1923—24 yillarda "Buxoro Shashmaqom", 1925 yilda Sh.Shoumarovdan Toshkent-Fargʼona maqom yoʼllari ilk bor notaga yozib olindi. Elbek bilan Fargʼonaga uyushtirilgan ekspeditsiya natijalari asosida milliy musiqiy folklorning birinchi (garchand nota yozuvisiz bajarilgan boʼlsa-da) tizimli nashri — "Аshulalar" toʼplami tayyorlandi[3].

  1. „Gʻulom Zafariy-1889-1938/“. 2021-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-oktyabr.
  2. Jadidlar.Gʻulom Zafariy [Matn]: risola./ O.Usmonov, - Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2022. - 156 b.
  3. O‘zbek-ziyolilari.G‘ulom Zafariy