Gandalf
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Gandalf (talaffuzi: Gendalf) — J. R. R. Tolkien afsonalarining, xususan „Hobbit: Yoxud borib qaytish“ va „Uzuklar hukmdori“ romanining asosiy qahramonlaridan biri. „Silmarillion“ va Tolkienning boshqa asarlarida ham tilga olingan.
Yaratilish tarixi va ehtimoliy prototiplari
tahrirGendalf — J. R. R. Tolkinga begona boʻlmagan skandinav va britan afsonalarida keltirilgan dono sehrgar va anʼanaviy qahramondir. „Gendalf“ nomi, toʻgʻriroq talqinda, „Gandalv“ shaklida oʻrta asr norveg dostoni — „Dvergatal“da „quyi svartalvlar“ (gnomlar)dan biri sifatida taʼkidlab oʻtilgan. Gendalf Tolkinning „Hobbit“ boʻyicha dastlabki qoralamalarida gnomlar boʻlinmasini boshlab boruvchi, boʻyi baland boʻlmagan „asoli chol“ sifatida tasvirlanadi. Yakuniy talqinda esa dostondagi qirol Torin Eman qalqon, sehrgar esa Gendalf nomini oladi (muallif avvalroq sehrgarni Bladortin deya nomlamoqchi boʻladi, biroq bu nom unga jiddiy emasdek tuyuladi). Nom tanlanishida qadim island lahjasidagi „gandr“ — „sehrli aso“ va „alfr“ — „elf“ soʻzlari ham asos boʻladi.
Gendalf tashqi qiyofasining prototipi sifatida „Togʻ ruhi“ nomli shveytsar pochta qogʻozida tasvirlangan ulkan qubbali shlyapa kiyib olgan va ohuga qoʻl uzatib oziqlantirayotgan soqolli qariya surati xizmat qilgan.
Gʻarb folklorshunoslari tomonidan Gendalf personaji Merlin va Skandinav sanami Odinga ham qiyoslanadi. Oʻtgan asrning 60-yillaridan „Uzuklar hukmdori“ning mashhurligi Gendalfga nisbatan ham omma orasida qiziqish yuqorilashini taʼminladi.
Gendalfning Oʻrtayerda paydo boʻlishi
tahrirGendalfning haqiqiy ismi — Olorin. Baʼzan u elflar orasida ularning qiyofasida paydo boʻladi. Oʻzining dono nasihatlari va kelajakdan ajoyib bashoratlari bilan boʻlishadi. Olorin oʻz vaqtining katta qismini Lorienda oʻtkazadi.
Istari — donishmandlarining boshqa vakillari qatorida Valar kengashi tomonidan tanlanib, Oʻrtayerga elflar va odamlarga Sauronga (Qora Hukmdor) qarshi kurashda yordam berish uchun joʻnatiladi. Olorin dastlab bu tanlovga rozi boʻlmaydi, biroz oʻtgach esa yordamga yoʻl oladi. Oʻrtayerda u turli nomlar bilan, jumladan, Kulrang Gendalf nomi bilan ham taniladi.
Gendalf Oʻrtayer boʻylab kezib yurib, koʻplab xalqlar bilan tanishadi, oʻzining beqiyos maslahatlari bilan ularga yordam berib taniladi. Dunyoning turli burchaklarida uni turlicha atashadi:
Mening turli-tuman mamlakatlarda koʻplab ismlarim bor. Elflar orasida Mitrandir, gnomlar orasida Tarkun; oʻsha uzoq yoshlik yillarimda esa unutilib ketgan Gʻarbda Olorin edim, janubda — Inkanus, shimolda esa Gendalf, sharqda esa boʻlmaganman.
Gendalf va hobbitlar
tahrirGendalfning hobbitlar xalqi bilan qachon qiziqib qolgani maʼlum emas. U hobbitlarni juda yaxshi koʻrgan va aynan ularning kelajakda muhim oʻrin tutishini sezgan. Gendalf hobbitlar orasida „sehrgar“ va „afsungar“ sifatida tanilgan. „Hobbit“ kitobida Bilboning tilidan hikoya qilinishicha, Gendalf Qariya Tukga oʻzi qadalib qoluvchi, afsun bilan sugʻuriluvchi sehrli olmos tugmalar hadya qiladi. Yoz Oʻrtasi bayramida uyushtiradigan moʻjizaviy mushakbozlik unga yaxshigina mashhurlikni keltiradi. Shu oʻrinda eslab oʻtish oʻrinliki, aynan Gendalf Uchinchi Davrning 2758-59-yillarda Shir hobbitlariga Uzoq Qish davomida ochlikdan qutulishlarida yordam beradi.
Oʻylab topilgan biografiyasi
tahrirDol-Guldurdagi aygʻoqchilik, Yakka Togʻga sayohat va Uzuk uchun jangning boshlanishi
tahrirUchinchi Davrning 1100-yillarida Istari sehrgarlari va Elflar yetakchilari sharqdan kelgan yovuz kuch Quyuq Oʻrmonning janubida Dol Guldur qal’asini qurib olganliklarini sezib qolishadi. Ular bu toʻqqiz nazguldan biri ekanligini taxmin qiladir. Vaqt oʻtishi bilan yovuzlik sharpasining Sauronligidan qoʻrqib, hamma xavotirga tusha boshlaydi. 2063-yilda Gendalf Dol Guldurga otlanadi, Sauron esa kuch toʻplash uchun Sharq tomon qochib ketadi.
2460-yilda Sauron katta kuch bilan qaytadi. Uch yil oʻtib, unga qarshi Oq Kengash tuziladi. Kengashning boshi Oq Saruman boʻladi. Lorien Qirolichasi Galadriel esa Kengash boshi Gendalf boʻlishini xohlaydi. Gendalf esa bunga rozi boʻlmaydi. U 2850-yilda Dol Guldurga yashirincha keladi va tutqunlikda qiynalayotgan, Torin Emanqalqonning otasi Erebor qiroli Train Ikkinchidan Yakka Togʻ xaritasini va gʻorga kirish kalitini oladi. Sauron keyinchalik oʻz maqsadlarida — Rivendell, Shir va Lotlorienga hujumda foydalanmoqchi boʻlgan, Yakka Togʻdan gnomlar qirolini quvib chiqargan ajdarho — Smaugdan xavotirda Gendalf yangi sarguzashtga shaylanadi.
2941-yilning martida Gendalf Bridagi tamaddixonalardan birida Trainning oʻgʻli Torin Emanqalqon bilan tanishib qoladi. Torin Yakka Togʻni qaytarish ilinjida yuradi, Gendalf esa uning qiyofasida Oʻrtayerni Smaugdan qutqaruvchi qahramonni koʻradi. Torin oʻz boʻlinmasiga 12 gnom qarindoshini toʻplaydi, Gendalf esa Bilbo Beggins ismli hobbitni tanlaydi.
Oʻzining hujrasiga yaxshigina oʻrnashib olgan hobbit Bilboni sarguzashtga koʻndirish oson kechmaydi. Bilbo baribir safga 14-ishtirokchi — qulfbuzar boʻlib qoʻshiladi. Shundan soʻng Gendalf gnomlar boʻlinmasini Rivendell tomon boshlab boradi. Sayohat davomida tosh trollar gʻorida Gendalf Gondolin qiroli Turgonning qilichi — Glamdringni topib oladi. Gendalf Torin boʻlinmasiga Tumanli togʻlarni kesib oʻtishda koʻmaklashadi. Aynan shu manzilda Bilbo „sehrli uzukni“ topib oladi. Bilbo uni Gollum atalmish maxluqdan yutib olganini aytadi. Bir qancha vaqt davomida Bilbo koʻrinmas qilib qoʻyuvchi uzukni Gendalfdan sir tutib keladi. Gendalf gnomlarni Quyuq oʻrmon chegarasida yolgʻiz qoldiradi: Torin Gendalfning yordamisiz ham Smaugni Bard Kamonchi nayzasi bilan oʻldirishi oqibatida safarni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Besh Qoʻshin jangida esa orklar va varglar kuchi Temir Tepaliklar gnomlari, Esgarot kishilari va Quyuq oʻrmon elflari bilan ittifoqda magʻlub etiladi.
Bilbo tomonidan topib olingan uzukni hobbitning jiyani Frodoga berilishiga erishgan Gendalf unda qora lahjada bitilgan yozuvlarni koʻrib qoladi. Yosh hobbitni esa Rivendell tomon yoʻllaydi. Oʻzi esa Istari kengashi va Izengard boshi Saruman bilan uchrashuvga ketadi. Saruman uzukni qoʻlga kiritish oʻtida yonadi va Gendalfni Ortxankka bandi etadi. Baland minoradan Gendalfni Radagast Qoʻngʻir tomonidan yuborilgan ulkan burgut — Gvaixir qutqaradi.
Rivendelldagi kengashga yetib kelgan Gendalf Sarumanning sotqinligi haqida soʻzlaydi va uzuk birodarligi boʻlinmasini boshlab borishga rozi boʻladi. Boʻlinma uzukni Orodruin vulqonigacha olib borishi va yoʻq qilishi zarur edi. Gendalf oʻz hamrohlarini Moriya yerosti yoʻlidan olib oʻtishga harakat qiladi, u yerda esa balrogga duch keladilar. Balrog bilan jangda Gendalf Moriya koʻprigidan qulab tushadi. Boʻlinmadagi hamrohlar uni halok boʻldi deya oʻylab, yoʻlda davom etadilar. Gendalf mayalardan boʻlgani tufayli u oʻlmaydi. Uning ruhi (fea) Vaqtsizlik sarhadlari tomon eltiladi. Eru Iluvatar tomonidan oʻz vazifasini tamomlashi uchun qaytariladi.
Sarumanning qulashi va uzuk uchun jangning yakuni
tahrirGendalf qora kuchlar tomon oʻtib ketgan Sarumanning oʻrnini egallaydi va Oq Gendalf shaklida Rohanning orklardan xalos etilishida qoʻshimcha kuchlarni bilan yordamga yetib keladi.
Gondor tomon otlangan Gendalf Minas-Tirit mudofaasini tashkil etishda taxt vorisi Denetor II’ga yordam beradi. Denetorning xudkushligidan soʻng Gondor poytaxtini oʻzi himoya qiladi. Rohandan kelgan qoʻshin va Isildurning vorisi Aragorn boshchiligida boshlab kelingan dunedaynlar bilan Afsungar-Qirolga qarshi jangda gʻolib boʻladi. Asosiysi — uzukning yoʻq qilinishi ekanligini tushungan Gendalf Aragorn va Gʻarbdan kelgan katta qoʻshin bilan Mordorning Qora darvozalari tomon yoʻl oladi. Bundan maqsad Yovuz Hukmdorning eʼtiborini Frodo va Semdan chalgʻitish edi. Frodo va Sem uzukni yoʻq qiladilar, Aragorn esa Gondor qiroli sifatida toj kiyadi.
Shu bilan Gendalfning vazifasi ham oʻz poyoniga yetadi va u Bilbo, Frodo, Galadriel, Elrond bilan Kulrang Bandargohda xayrlashib Valinorga qaytib ketadi.