Gistologiya (grekcha: ἱστός [gisto] va λόγος [logiya]) — odam va hayvonlar organizmining toʻqimalari haqidagi fan. "Gistologiya" terminini birinchi boʻlib nemis olimi K. Mayer taklif etgan. Gistologiya toʻqima va aʼzolarning evolyutsiyasi, rivojlanishi (gistogenez), mikroskopik va oʻta nozik tuzilishi, kimyoviy tarkibi, vazifasi (gistofiziologiya), shuningdek, ularning tuzilishi bilan faoliyati oʻrtasidagi bogʻlanishni oʻrganadi.

Gistologiya odam va hayvonlar anatomiyasi, fiziologiya, patologik anatomiya, patologik fiziologiya, biokimyo, embriologiya va bir qancha klinik fanlar bilan chambarchas bogʻlangan. Gistologiyaning asosiy boʻlimlari: hujayralar haqidagi fan — sitologiya; toʻqimalar haqidagi fan — umumiy Gistologiya; aʼzolarning mikroskopik tuzilishi haqidagi fan — xususiy Gistologiya Zamonaviy Gistologiya maqsadlari va tekshirish usullariga qarab bir necha tarmoqqa boʻlinadi: hujayra, toʻqima va aʼzolar hamda ulardagi ayrim strukturalar (mas, kollagen, elastik tolalar), hujayra organoidlari (mitoxondriyalar, endoplazmatik toʻr, Golji kompleksi, lizosomalar va hokazo)ning funksiyasi haqidagi taʼlimot — gistofiziologiya, hujayra va toʻqimalar rivojlanishining turli bosqichlarida hamda hayot faoliyati davrida roʻy beradigan biokimyoviy jarayonlarni oʻrganadigan sitokimyo vagistokimyo, hujayra va toʻqimalarning eng nozik (submikroskopik) tuzilishi haqidagi taʼlimot — elektron mikroskopiya shular jumlasidandir. Bundan tashqari, normal toʻqima va aʼzolarning mikroskopik tuzilishini oʻrganadigan tasviriy Gistologiya, tajriba (eksperiment) vaqtida hayvon toʻqimalarida roʻy beradigan morfologik oʻzgarishlarni tekshiradigan eksperimental Gistologiya, patologik holatdagi toʻqima va aʼzolarning morfologik oʻzgarishlarini oʻrganadigan patogistologiya ham bor. Gistologiya fanining shakllanishi mikroskop takomili bilan uzviy bogʻlangan. Birinchi eng oddiy mikroskopni golland olimi Gene Yansen va oʻgʻli Zaharias 1591-yil kashf etgan.

17—18-asrlarda Gistologiyaga oid maʼlumotlar qisman anatomiyaga, qisman fiziologiyaga ayrim bob boʻlib kirdi. Gistologiya 19-asrdagina mustaqil fan boʻlib maydonga keldi. 19-asrning 30-yillarida nemis biologi T. Shvann Gistologiya fanida erishilgan yutuqlar hamda oʻzi yasagan axromatik mikroskopdan foydalanib, hayvon va oʻsimliklar hujayralardan tuzilgan va hujayralardan rivojlanadi, degan nazariya (hujayra nazariyasi)ni asosladi. Shundan keyin Gistologiya tez rivojlana boshladi. Toʻqimalarni organizmdan tashqarida undirish, ayrim toʻqimalarda jarroxlik operatsiyalari oʻtkazish usullarini joriy qilish tufayli Gistologiyaning tadqiqot koʻlami boyidi. Sitofotometriya, radioavtografiya, ultrabinafsha nurlar bilan oʻtkaziladigan mikroskopiya, interferension mikroskopiya, differensial sentrifugalash, elektron mikroskopik gistokimyo va b. zamonaviy usullarning qoʻllanishi tekshirilayotgan birikmalarning joylashuvinigina emas, balki ularning miqdorini organizmning normal hayot faoliyati jarayonida va patologik jarayonlarning taraqqiy etishini oʻrganishga imkon berdi. Gistologiya yuksak nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan fanlar qatoriga kiradi. Soʻnggi vaqtda elektron mikroskop yordamida toʻqima, hujayralarning oʻta nozik tuzilishini oʻrganish usuli keng rivoj topdi. Toshkent davlat tibbiyot instituti (1-Toshkent tibbiot akademiyasi) olimlari (Oʻzbekistan Fanlar akademiyasi ning akademik KL.Zufarov, professorlar V.M. Gontmaxer, A.Y. Yoʻldoshev va b.) samarali ilmiy izlanishlar olib borib, 1987-yilda muhim ilmiy kashfiyot qildilar. Ular dunyoda birinchi marta goʻdak bolalarda ichak orqali soʻrilgan ekzogen oqsil moddalar buyrakda parchalanishini va qayta soʻrilishini isbotlab, pediatriya, diyetologiya, nefrologiya, fanlarining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshdilar.

Gistologiya tibbiyot, chorvachilik va veterinariyaning dolzarb muammolari bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlanmoqda.

Ld.: Zufarov K. A. i dr., Atlas "Elektronnaya mikroskopiya organov i tkaney", T., 1971.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil