Husayn Soʻfi (1372-yilda vafot etgan, Urganch) — 13591372-yillarda Xorazm hukmdori. Muʼiniddin Natanziyning maʼlumotlariga koʻra, qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan Oltin Oʻrda amiri Nangudayning oʻgʻli.

Husayn Soʻfi
Xorazmshoh
Mansab davri
1359 – 1372
Vorisi Yusuf Soʻfi
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 1372-yil
Urganch
Mansubligi Qoʻngʻirot soʻfilari

Kelib chiqishi

tahrir

Boʻriboy Ahmedovga koʻra, Nanguday Oʻzbekxonning beklarbegisi Qutlugʻ Temur xonadoniga mansub boʻlgan. XIV asrning birinchi yarmida Xorazmning rivojlanishida hukmdor Qutlugʻ Temur va uning rafiqasi Toʻrabekxonim alohida rol oʻynagan. Qutlugʻ Temur Xorazmni Oʻzbekxon qoʻl ostida boshqargan va Qutlugʻ Temur vafotidan keyin uning oʻrnini Nanguday egallagan, Nanguday 1361-yilda Saroyda Keldibek tomonidan oʻldirilgan. Qoʻngʻirot soʻfilar sulolasining asoschisi Husayn Soʻfi Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonning qizi Shakarxonimga uylangan.

Xorazm mustaqilligi uchun kurash

tahrir

1359-yilda Xorazm Oltin Oʻrda xonligi boshqaruv tizimidan mustaqil boʻladi. Husayn Soʻfi Oltin Oʻrdadan mustaqillikka erishgan Xorazm hukmdorlarining qoʻngʻirot soʻfilari sulolasining asoschisi hisoblanadi. Soʻfi soʻzi tasavvufchi – musulmonlarning maʼlum bir diniy mazhabiga ergashuvchi degan maʼnoni anglatadi.

Husayn Soʻfining Yusuf Soʻfi, Oq Soʻfi degan ikki ukasi boʻlgan. Oq Soʻfi ham Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonning qiziga uylangan[1].

Qoʻngʻirot soʻfilarining tangalari

tahrir

Husayn Soʻfi dinorlar zarb ettirgan. Oltin Oʻrda xonlarining unvonlari va ismlari oʻrniga XIII asr 80-yillarda Xorazm kumush tangalarida eʼtiqod timsoli boʻlgan islomiy iboralar qoʻllangan: „Kuch yagona, qodir Allohnikidir“, „Allohdan oʻzga iloh yoʻq, Muhammad Allohning elchisidir“. Tanga segmentlarida toʻrtta xalifaning ismlari bor boʻlgan. Shu tangada yana Xorazmda zarb qilingan degan yozuv ham boʻlgan[2].

Amir Temur bilan jang

tahrir

1365-yilda Husayn Soʻfi oʻsha paytda Chigʻatoy ulusi tarkibida boʻlgan Xiva va janubiy Xorazmni egallaydi. Keyinchalik bu yerlar uchun Amir Temur bilan oʻrtasida nizo kelib chiqadi. Qoʻngʻirot soʻfilari sulolasi 13721388-yillarda Amir Temurga qarshi mustaqillik uchun kurash olib borishgan. 1372-yilda Urganchni Amir Temur qamal qilgan paytda Husayn Soʻfi vafot etadi va ehtimol, Toʻrabekxonim maqbarasiga dafn etilgan. Amir Temur uning ukasi Yusuf Soʻfini Xorazmga hokim etib tayinlaydi.

Manbalar

tahrir
  1. Zadixina K. L., Uzbeki delti Amu-dari // Trudi Xorezmskoy arxelogo-etnograficheskoy ekspeditsii. Moskva, 1952,s.326
  2. „Opisanie monet Xorezma vtoroy polovini XIV v | Muzey deneg“. 2019-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-oktyabr.

Adabiyotlar

tahrir
  • Б. А. Ахмедов. Государство кочевых узбеков. Москва, "Наука", 1965