Imom Buxoriy ordeni
„Imom Buxoriy“ ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan biri. 2022-yil 15-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun asosida taʼsis etilgan[1].
„Imom Buxoriy“ ordeni | |||
---|---|---|---|
| |||
Mamlakat | Oʻzbekiston | ||
Turi | Orden | ||
Taqdirlash asosi | Islom dini sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgan olimlar ilmiy faoliyatini oʻrganish va keng jamoatchilikka yoyish | ||
Holati | topshiriladi | ||
Statistika | |||
Taʼsis sanasi | 2022-yil 15-avgust | ||
Navbat | |||
Toʻngʻich mukofot | Mustaqillik ordeni | ||
Kenja mukofot | Amir Temur ordeni |
Orden muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al Buxoriy sharafiga nomlangan.
Bu orden bilan Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari markaziy osiyolik tarixiy allomalarning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazganligi, hadislarning ezgu, umuminsoniy gʻoyalarini keng ommaga yoyganligi, markaziy osiyolik allomalarning asarlarini ilmiy izohli tarjima qilgani, ularning islom diniga oid asarlarini toʻplashdagi va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishdagi faol ishtiroki uchun mukofotlanadi[2].
„Imom Buxoriy“ ordeni bilan mukofotlangan shaxsga Oʻzbekiston respublikasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti ham beriladi[2].
Tavsifi
tahrir„Imom Buxoriy“ ordenining qalinligi 0,15 mikron qalinlikda boʻlib, u 750 probali oltin bilan qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Orden ikkita qoplamali medalondan iboratdir[2].
Birinchi medalon 42 mm diametrli, sakkiz qirrali yulduz koʻrinishidadir. Yulduz shakli burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oraligʻi 47 mm boʻlgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashtirilgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil rangli emal bilan ishlov berilgan bargsimon shakllar joylashtirilgan. Sakkiz qirrali yulduz 2,5 mm li 72 dona fianit toshlari bilan bezatilgan[2].
Ordenning markazida 28 mm diametrli medalon joylashtirilgan boʻlib, u arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklidadir. Doiraning markazida koʻk rangli emal fonida ochiq holatdagi kitob va uning yuqori qismida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning pastki qismida 2 mm li kattalikdagi bosh harflar bilan „ILM — NUR“ soʻzlari yozilgan[2].
Ikkinchi medalonning aylanasi boʻylab oq emal fonida 2,5 mm li bosh harflar bilan „MUHAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY“ yozuvi bitilgan boʻlib, yozuvlar 2,5 mm li ikkita brilliant bilan ajratilgandir[2].
Ordenning orqa tomoniga 2 mm li botiq harflar bilan mukofot raqami yoziladi[2].
Tasvir va yozuvlar boʻrtma shakldadir. Ordenning umumiy ogʻirligi 55 gramm[2].
„Imom Buxoriy“ ordeni eni 24 mm li, yuzasi shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadagʻichga kichik ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan[2].
Shoyi lentaning oʻrtasidan 10 mm li yashil rangdagi yoʻl oʻtgan. Uning ikki chetidan 2 mm li ikkita oq chiziq bilan hoshiyalangan. Shoyi lentaning chekka qismlaridan 5 mm li koʻk rangdagi yoʻl oʻtgan[2].
Qadagʻichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqish uchun toʻgʻnogʻichsimon moslama mavjud[2].