Islom shoir Nazar oʻgʻli
Islom shoir Nazar oʻgʻli (1874, Narpay tumani – 1953.17.7) – oʻzbek baxshisi. Oʻzbekiston xalq shoiri (1940). Narpay dostonchilik maktabi vakili. Ernazar shoirning shogirdi. Bobosi Rajab shoirdan doʻmbira chertishni, terma va doston kuylashni oʻrgangan. 22 yoshida dostonchi sifatida tanilgan, 30 ga yaqin xalq dostonlarini, koʻpgina xalq qoʻshiq va ertaklarini yod bilgan. Oʻzbekiston shahar va qishloqlarini kezib, „Alpomish“, „Kuntugʻmish“, „Goʻroʻgʻli“, „Orzigul“, „Ravshanxon“, „Gulixiromon“, „Yakka Ahmad“ dostonlarini, Maxtumquli, Berdaq, Mashrab va boshqalarning sheʼrlarini kuylagan. Islom shoir repertuaridagi ayrim dostonlarda oʻzbek xalq eposining ijtimoiy adolatsizlik va unga qarshi kurash gʻoyasi („Orzigul“, „Zulfizar bilan Avazxon“ va boshqalar), xalqchillik mavzui („Kuntugʻmish“ va „Sohibqiron“) oʻz ifodasini topgan. „Boʻl omon“, „Mehribonlar, hormangiz“ va boshqa termalarida mehnat kishisining turmushi tarannum qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida chop etilgan „Jangnoma“ (1941), „Qahramonnoma“ (1942) toʻplamlarida oʻzbek jangchilarining mardlik va jasoratligi ulugʻlangan. Islom shoirning urushdan keyingi yillar ijodida ijodiy mehnat („Obodlik uchun“, „Tinchlik boʻlur barqaror“), tinchlik uchun kurash („Tinchlik jarchisi“, Nozim Hikmatga bagʻishlangan) mavzulari muhim oʻrin egallaydi. Islom shoir asarlari badiiy mukammalligi, zamonaviyligi, tilining xalq iboralari, maqollar, hikmatli soʻzlarga boyligi bilan ajralib turadi. Undan „Orzigul“, „Gulixiromon“, „Sohibqiron“, „Erali va Sherali“, „Kuntugʻmish“, „Tohir va Zuhra“ kabi dostonlar va bir qancha termalar yozib olib, nashr etilgan. Ayrimlari qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan. Narpay tumanida koʻcha va maktabga Islom shoir nomi berilgan. 1975-yilda shoir tavalludining 100 yilligi nishonlandi.
Islom shoir Nazar oʻgʻli | |
---|---|
Tavalludi | 1874 |
Vafoti | 17-iyul 1953 |
Manbalar
tahrir- Tanlangan asarlar, T., 1953.
Adabiyot
tahrir- Sobirov O., Islom shoir Nazar oʻgʻli (hayoti va ijodi), T., 1967.[1]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |