Berdaq (taxallusi; asl ismi Berdimurod Qargʻaboy oʻgʻli) (1827Moʻynoq tumani1900)—shoir, qoraqalpoq adabiyoti asoschisi. Avval ovul maktabida, soʻng madrasada tahsil koʻrgan. Alisher Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli va qoraqalpoq shoiri Kunxoʻja asarlarini chuqur mutolaa qilgan, ulardan oʻrgangan. U tarixni va xalq ogzaki ijodini yaxshi bilgan. Berdaqning lirik sheʼrlarida, dostonlarida qoraqalpoq xalqining 18— 19-asrlardagi ijtimoiy hayoti oʻz ifodasini topgan. U oʻz davri voqealariga, ijtimoiy munosabatlarga zukko shoir sifatida baho beradi. Asarlarida tenglik, insonparvarlik, adolat va vatanparvarlik gʻoyalari ilgari suriladi. Berdaqning ijodida mehnatkash xalqning ahvoli asosiy mavzudir („Boʻlgan emas“, „Soliq“, „Bu yil“, „Umrim“ va boshqalar). Shoir haqiqat uchun, mehnatkash ommaning baxti va kelajagi uchuy fidokor kurashchilarni orzu qiladi („Xalq uchun“, „Menga kerak“ va boshqalar). Tarixiy mavzudagi „Avlodlar“, „Omongeldi“, „Azadosbiy“, „Ernazarbiy“ asarlarida shoir xalq qahramonlarini faxr bilan kuylaydi. Berdaqning „Avlodlar“ asari tarixiy voqealar solnomasi boʻlib, qoraqalpoq xalqi bilan boshqa turkiy xalqlar hayotidagi mushtarak voqealar qalamga olinadi, qabila va xalqlarning kelib chiqishi haqidagi fiqolari bayon qilinadi. Berdaq baʼzi taʼmagir ruhoniylarning kirdikorlarini fosh etadi („Yaxshiroq“, „Shekilli“ va boshqalar), ayollar huquqini himoya qiladi, yoshlarni vatanni sevishga, maʼrifat choʻqqilarini egallashga chaqiradi („Oʻgʻlimga“, „Ahmoq boʻlma“ va boshqalar).

Berdaq
Tavalludi 1827
Vafoti 1900

Sheʼriy mushohadalari va hayotga kurashlarida Berdaq mehnatkashlarning baxtiyor yashashini orzu qildi. Berdaq xalqni baxtli qilish haqida oʻylar ekan, Alloxdan madad soʻraydi („Yordam ber“), baxt haqida fikr yuritadi („Izladim“), odil podshoni orzu qiladi („Kerak“), baxtiyor yashaydigan jamiyat qurilishiga umid qiladi. Berdaq ijodi xalq ogʻzaki adabiyoti anʼanalariga yaqin turadi. Ijodining serqirraligi, asarlarining gʻoyaviy va badiiy yuksakligi bilan qoraqolpoq adabiyoti tarixida asosiy mavqeyni egallaydi. Uning koʻpgina asarlari oʻzbek va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda Berdaq tavalludining 170 yilligi keng nishonlangan(1998). Toshkent shahridagi hiyobonlardan biriga "Berdaq" nomi berildi va byusti oʻrnatildi. Shoir tugilgan joy — Boʻzatovda ham byusti oʻrnatilgan(1998). Nukus shahrida unga atab haykal qoʻyilgan, musiqali drama teatri, koʻcha va maktabga Berdaqning nomi berilgan.

Manbalar tahrir

  • Tanglauli shigʻarmalari, Nokis. 1956; Tanlangan sheʼrlar, T., 1958; Sheʼrlar, T., 1976.

Ad:. Qurbonboyev B., Berdaq va oʻzbek adabiyoti, T., 1986.


Telegram: http://t.me/berdaqo6/

Baltabaev Berdaq

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil