Kaʼba

Ka‘ba musulmon olamining muqaddas maskani erur
(Ka'badan yoʻnaltirildi)

Kaʼba (arabcha: الكعبة al-kaʿba) — kub shaklidagi bino boʻlib, Saudiya Arabistonining Makka shahridagi Masjid al-Haram masjidining ichida joylashgan. Masjid dastlabki Kaʼba atrofida bunyod etilgan. Kaʼba Islom olamida eng muqaddas joy hisoblanadi. Qibla, musulmonlar namoz vaqtida yuzlanadigan joy Kaʼbadir. Musulmonlar tarafidan amalga oshiriladigan Haj va Umra Kaʼba atrofida amalga oshiriladi. Al-Haram masjidining maydoni Kaʼba bilan qoʻshib hisoblanganda 193 000 kv.m tashkil qiladi. Masjid bir vaqtning oʻzida 130 ming musulmonni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Haj ibodati mavsumining odamlar toʻplanib yuradigan vaqtida bir necha bor koʻngilsizliklar yuz bergan. Vaqt oʻtishi bilan ziyorat amallari kuchli tartib ostida qilinmoqda. Kaʼbaning bir burchagidan Qora tosh joy olgan. Haj amallari paytida Kaʼbaning atrofida Tavof amali bajariladi. Kaʼba butun dunyo musulmonlari uchun namoz vaqtida Qibla vazifasini oʻtaydi. Kaʼba 5 martadan 12 martagacha rekonstruksiya qilingan. Musulmon rivoyatlarida keltirilishicha Kaʼba Odam alayhissalom tomonidan qurilgani aytiladi. Qur’onda keltirilishicha esa Kaʼbaga Ibrohim alayhissalom asos solgan. Qur’onda aytilishicha Kaʼba insoniyat tomonidan Allohga ibodat qilish uchun bunyod etilgan birinchi inshootdir.Kaʼba (arab. — kub) — islom dinining eng muqaddas ibodatxonasi, musulmonlarning bosh sajdagohi. Saudiya Arabistonining Makka sh.da. Baytul Harom (Muqaddas uy), Baytulloh (Allohning uyi) deb ham yuritiladi. Uni ziyorat qilish — haj va umraning asosiy amallaridan biri.

Kaʼba Haram masjidi (qarang al-Masjid al-Harom)ning markazida joylashgan, bal. 15 m va poydevori 12x10 m oʻlchamda toshdan qurilgan bino; meʼmoriy yodgorlik. Kaʼba burchaklari taxminan dunyo tomonlari yoʻnalishida joylashgan. Sharqiy burchagi asvod rukni („qora burchak“) yoki oddiy rukn deb ataladi. Unga yerdan taxminan 1,5 m balandda tokcha qilinib, „qora tosh“ (arabcha „hajar al-asvod“) joylangan. U Kaʼbadagi asosiy tavof qilinadigan narsa, yer yuzidagi odamlarga Alloh tomonidan yuborilgan, Alloh qudratining belgisi hisoblanadi. Hoz. vaqtda u bir-biriga qoʻshilib ketgan qora-qizgʻish tusdagi uch sinikdan iborat; meteorit degan taxmin bor. Shim. burchagi Iroq burchagi, gʻarb burchagi — Suriya burchagi, jan. burchagi esa — Yaman burchagi deb ataladi. Kaʼbaga qora mato (kisva) qoplab qoʻyiladi, matoga oltin va kumush harflarda xoshiya qilib Kaʼba va hajga taalluqli oyatlar yozilgan. Shim.-sharqiy devorda 2 m cha balandlikda oʻyma naqsh bilan bezatilgan kumush zanjirli eshik bor. Kaʼbaga chiqiladigan gʻildirakli zinapoya oʻyma naqsh bilan, kumush qoplab jozibador bezatilgan. Kaʼba ichkarisida uchta ustun boʻlib, koʻpdan koʻp chiroq osilgan, sovgʻa qilingan Qurʼon nusxalari saqlanadi. Shim.gʻarbiy devorning tomidan tilla suvi yugurtirilgan tarnov koʻrinib turadi, u almizob yoki mizob ar-rahma deb ataladi. Shu tarnov bilan gʻarbiy burchak oraligʻi qibla hisoblanadi. Kaʼbani tosh yotqizilgan yoʻlka oʻrab turadi. Bu yoʻlkadan ziyoratchilar yurib aylanib oʻtishadi (tavof qilishadi). Eshik roʻparasida Ibrohim maqomi bor, u tosh inshoot boʻlib, Kaʼbani tiklayotganda Ibrohim (alayhissalom) shu toshda turgan deydilar. Toshda odam izlari koʻrinadi. „Qora tosh“ yaqinida muqaddas Zamzam bulogʻi bor.

Kaʼba islomdan ilgari ham arab qabilalarining muqaddas ibodatxonasi hisoblangan, unda qabila xudolarining 360 sanami saqlangan. Har yili arab qabilalari Kaʼbaga haj qilishga kelib turganlar. Haj qilish odati keyinchalik islomga ham oʻtgan.

Kaʼba ibodatxonasining qurilishi haqida turli rivoyatlar bor. Aytishlaricha, Odam Ato Baytullohni bunyod etgan, keyin uning oʻgʻli Shis qurgan. Toʻfon paytida Kaʼba havoga koʻtarib qoʻyilgan. Keyin yana buzilgan. Ibrohim (alayhissalom) Makkaga oʻz oʻgʻli Ismoilni olib kelganda Alloh unga Kaʼba poydevorini tiklashni buyurgan. Ibrohim Alloh amrini bajargan va Allohga sigʻinuvchi barcha odamlarga uni ziyorat qilishni vasiyat etgan. Kaʼbaga keyin Makkaning jurhum, xuza, quraysh qabilalari navbatma-navbat qarab turishgan. Kaʼba bir necha bor sel va toshqinlardan zarar koʻrgan. Rivoyat qilishlaricha, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bu yerda taʼmirlash ishlarida qatnashgan va oʻsha vaqtda birinchi bor unga vahiy kelgan.

Kaʼba Yasrib (Madina)da qibla deb eʼlon qilingach (bungacha Quddusga qarab ibodat qilinar edi), uning ahamiyati juda oshib ketdi. Kaʼba islomning din sifatida shakllanishida katta rol oʻynadi. Kaʼbani dinsizlardan ozod qilish va uni sanamlardan tozalash Muhammad sollallohu alayhi va sallamning zimmalariga tushdi, ungacha bu vazifani Ibrohim (alayhissalom) bajargan edilar. Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshchiligidagi musulmonlar 629-yil Makkaga kichik haj qilishdi, 630-yil Makkani egallashdi va Kaʼba atrofidagi sanamlar, uning ichidagi Xubal deb atalgan butni, yozuvlarni yoʻq qilishdi. Shu yili Abu Bakr (ra) rahbarligida birinchi haqiqiy musulmon haji ado etildi. Butparastlarga haj qilish man etildi. 631-yilda Muhammad sollallohu alayhi va sallam oxirgi marta haj ziyoratchilariga boshchilik qildilar.

Xalifa Umar (roziallohu anhu) davrida Kaʼba yonidagi uylar buzib tashlandi va uning atrofida Haram masjidi qurildi. 683-yilda Kaʼbani umaviy qoʻshinlari oʻqqa tutdi. Keyin u qayta tiklanib, kengaytirildi. 929-yil Makkani qarmatlar bosib oldi va „qora tosh“ni olib ketishdi. Oradan 20-yil oʻtgach, bu toshni qaytarib olishga muvaffaq boʻlindi. Asta-sekin Kaʼba tevaragida turli inshootlar, jumladan, asosiy musulmon mazhablarining minbarlari tiklandi. Ular saudiy hukmdorlar 20-asrning 50—60-y.larida olib borgan katta taʼmirlash vaqtida olib tashlandi. 1980-yil Makkadagi masjid va Kaʼbani bir guruh ekstremist isyonchilar bosib oldi. 2 haftadan soʻng masjid tozalanib, isyonchilar tor-mor qilindi.

Kaʼba butun dunyo musulmonlarining eng muhim markazi va birligi ramzi boʻlib keldi, hozir ham shunday boʻlib turibdi. Islom dinidagi barcha oqimlar uning muqaddasligi va alohida rolini tan oladilar. Har yili dunyoning hamma chekkalaridan musulmonlar haj ibodatini ado etish uchun bu yerga keladilar.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil