Komil Allamjonov

oʻzbek jamoat arbobi

Komil Ismoilovich Allamjonov — (1984-yil 18-sentabrda tugʻilgan) — oʻzbek davlat va jamoat arbobi, jurnalist. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot kotibi (2017-yil 1-dekabr[1] — 2018-yil 3-oktabr), Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi direktori vazifasini bajaruvchi (2018-yil 28-noyabr[2] — 2019-yil 2-fevral), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi (2019-yil 4-fevral[3] — 2020-yil 29-yanvar), 2020-yil 31-yanvardan[4] boshlab Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashining raisi. Shuningdek, 2022-yil 26-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari.

Tarjimai holi tahrir

1984-yil 18-sentyabrda Toshkentda mexanik va hamshira oilasida tugʻilgan. Otasi — Shokir-Qoriyev Ismoil Allamjonovich (1957-yil 9-mayda tugʻilgan) VAZ AJ da avtoslesar, onasi — Shokir-Qoriyeva Gulnora Ashirovna (1961-yil 12-yanvarda tugʻilgan) Toshkent shahridagi 3-son tugʻruqxonada katta hamshira boʻlib ishlaganlar.

2006-yilda Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat va madaniyat institutini „Televideniye va radio rejissyori“ mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2010-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlab, „Iqtisodchi“[5] mutaxassisligi boʻyicha ikkinchi oliy maʼlumotga ega boʻlgan. Ingliz tili boʻyicha bilimlarini oshirish maqsadida Garvard universitetida oʻqigan.

Ish faoliyati tahrir

Mehnat faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati bosh mutaxassisi, keyinchalik Davlat soliq qoʻmitasi axborot xizmati bosh mutaxassisi, 2005—2009-yillarda DSQ axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi, 2009—2013-yillarda DSQ axborot xizmati rahbari — qoʻmita raisining matbuot kotibi lavozimlarida ishlagan.

2010-yilda mamlakatning eng yaxshi matbuot xizmati rahbari sifatida „Oltin qalam“ mukofoti bilan taqdirlangan.

Komil Allamjonov rahbarligida Davlat soliq qoʻmitasining soliq.uz[6] interaktiv sayti ishlab chiqilgan va ishga tushirilgan. 2015-yil qoʻmitaning rasmiy sayti Milliy internet-tanlovda „Davlat boshqaruvidagi eng yaxshi sayt“ deb tan olingan[7].

Davlat soliq qoʻmitasi Axborot xizmati rahbari sifatida faoliyati davomida oʻzbek va rus tillarida chop etiladigan „Soliq info“ („Soliq maʼlumotlari“) gazetasini tashkil etish tashabbuskori boʻldi. 2013—2016-yillarda u gazetada bosh muharrir sifatida ishladi. Gazeta nafaqat Oʻzbekiston buxgalterlari va auditorlari, balki mamlakat soliq idoralari xodimlari uchun ham professional maslahatchi boʻldi.

Shuningdek, u toʻgʻridan-toʻgʻri Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining departament boshliqlari boʻlgan buxgalterlar, maʼruzachilarning malakasini oshirish uchun tizimli kurslarni yaratishda bosh-qosh boʻldi. Kurslar Toshkent shahrida ham, mamlakatning boshqa hududlarida ham tashkil etilgan.

U rahbarligining 16 yilligida „Oʻzbekiston davlat soliq tizimi-islohot va rivojlanish yoʻlida“ kitob-albomi, shuningdek soliq organlari tashkil topganligining 20 yilligi munosabati bilan „Oʻzbekiston soliq tizimi mustaqillik yillarida“ fundamental albomi chop etildi. Nashrda Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliq tizimining shakllanishi va oʻzgarishi tarixi qadimgi davrlardan zamonaviy bosqichga qadar batafsil bayon etilgan.

U Oʻzbekiston soliq organlari xodimlarining axloq kodeksini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi boʻlgan.

Barcha darajadagi taʼlim muassasalari uchun: 1-4 sinflar uchun „Iqtisodiyot va soliqlar boʻyicha alifbo“, 5-7 sinflar uchun „Iqtisodiyot va soliqlar darslari“ va 8-9 sinflar uchun „Soliq asoslari“ qoʻllanmalar hammuallifi sanaladi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari uchun „Tadbirkorlik va biznes asoslari“ deb nomlangan qoʻllanma ishlab chiqilgan boʻlib, unda tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortish boʻyicha maxsus bob mavjud. Iqtisodiy boʻlmagan universitetlar uchun „Soliqlar va soliqqa tortish“ darsligi tayyorlandi[8].

2009-yildan 2013-yilgacha har yili, uch bosqichda: tuman, viloyat va respublika bosqichlarida boʻlib oʻtgan"Bolalar uchun soliq bilimlari!" ijodiy tanlovi loyihasini tashkil etgan[9][10].

Prezident matbuot kotibi tahrir

2017-yil 1-dekabrda Asadjon Xoʻjayev oʻrniga Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi qilib tayinlangan. Shuningdek, Prezident Ijro etuvchi apparati rahbarining oʻrinbosari lavozimini egallagan[11].

K.Allamjonov davrida Prezident matbuot xizmatining isloh qilish ishlari boshlanib, axborot taqdim etishning mohiyati oʻzgardi, yaʼni davlat rahbari va davlat organlarining jamiyat uchun ochiqligiga yoʻnaltirildi.

Ilk bor ikki tomonlama muloqot qilish imkonini beruvchi aloqa yoʻlga qoʻyilib, bu nafaqat rasmiy xabarlarni taqdim etish, balki ommaviy axborot vositalarini qiziqtiruvchi maʼlumotlarni soʻrab olish imkoniyati yaratildi. K.Allamjonov Shavkat Mirziyoyevning mamlakat boʻylab va xorijga qilgan safarlarini yoritib borishni tashkil qilish bilan shugʻullangan. Ushbu safarlarni yoritish sifati va mazmuni yangi darajaga koʻtarildi. Reportajlarda, rasmiy xabarlardan tashqari, uchrashuvlarning eng qiziq va oʻziga xos jihatlari bayon etila boshlandi, imzolangan hujjatlarning ahamiyati haqida tushuntirish va izohlar berildi. OAVga taqdim etiladigan fotomateriallar mavzusi kengaydi.

Umuman olganda, K.Allamjonov Prezident matbuot xizmati ochiq va shaffof ishlashiga erishib, ommaviy axborot vositalari davlat rahbarining tashqi va ichki faoliyati haqida tezkor va toʻliq axborot olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirdi.

„Kabinet“ va „Eksklyuziv“ loyihalarining muallifi. „Kabinet“ — amaldorlar va siyosatchilar oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari, erishgan natijalari va kelgusidagi faoliyatlari istiqbollari haqida soʻzlaydigan platformadir. „Eksklyuziv“ loyihasi doirasida xorijlik siyosatchilar va moliyachilarga Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish masalalari boʻyicha fikr bildirish imkoniyati taqdim etilgan edi.

Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati tomonidan bir qator filmlar suratga olindi. „Janob Prezident“[12] filmida Shavkat Mirziyoyev aholi turmushini yaxshilash, hokimiyatning jamiyat uchun ochiq boʻlishining ahamiyati, oilaning inson hayotidagi oʻrni toʻgʻrisida va boshqa masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bayon etgan. „Ilohiy yoʻl sari“[13] filmi — maʼrifatli islom asoschisi, islom dini taʼlimotlariga koʻra Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba hisoblanuvchi „Al-Jomiʼ as-sahih“ asarining muallifi Imom Al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan. „Prezident afv etdi“ filmida 2700 mahbusning afv etilishi haqida hikoya qilinadi.

Komil Allamjonov fikr almashish, shu jumladan matbuot xizmati faoliyatini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish uchun Facebook, Twitter va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifalarini yurita boshladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori tahrir

2018-yil 28-noyabrda Komil Allamjonov Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi[14].

Oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun, yaʼni OAV va hokimiyatning birgalikda ishlashining yangi infratuzilmasini tashkil qilish, mamlakatda yaratilayotgan mediakontent sifatini yaxshilash, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish maqsadida Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat 2019-yil 2-fevral kuni kuchga kirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi. Komil Allamjonov Agentlik direktori vazifasini bajaruvchisi qilib tayinlandi[15]. Agentlik direktori oʻz maqomiga koʻra Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga tenglashtirilgan[16].

Komil Allamjonov davlat axborot siyosatini ishlab chiqish uchun masʼul boʻlib, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning axborot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish ishlarini olib borish barobarida fuqarolarning soʻz va axborot erkinligi boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishini nazorat qilgan, OAV, noshirlik va axborot-kutubxona faoliyati rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash va koʻmaklashish bilan shugʻullangan.

K.Allamjonov Agentlik rahbari sifatida OAV ning jamiyatdagi rolini oshirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratgan. Shu davr mobaynida:

  • hokimiyatning barcha organlarida matbuot xizmatlari tashkil qilindi, ularning faoliyati yanada ochiqroq boʻlishiga erishildi, matbuot kotiblarining maqomi koʻtarildi;
  • davlat organlarining 400 nafardan ortiq matbuot kotibi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi negizida malaka oshirish kurslarida tahsil oldi;
  • 128 nomlanishdagi yangi ommaviy axborot vositalari ochildi;
  • OAVni roʻyxatdan oʻtkazish soddalashtirildi, ushbu xizmat onlayn-formatda koʻrsatilib, ruxsat beruvchi tartibotdan xabardor qiluvchi tartibotga oʻzgartirildi;
  • Xorijiy OAVning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtishi mexanizmi soddalashtirildi;
  • OAVni himoya qilish va soʻz erkinligini taʼminlash bilan shugʻullanuvchi YXHT va YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlari oʻrnatildi, shuningdek Avstriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus va Rossiya kabi bir qator mamlakatlarning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan idoralararo darajasidagi ikki tomonlama hamkorlik yoʻlga qoʻyildi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning blogerlar va jurnalistlar bilan tarixiy uchrashuvi oʻtkazildi;
  • media hamjamiyati tomonidan Oʻzbekiston jurnalistlarining kasbiy ahloq kodeksi qabul qilindi;
  • Internet tarmogʻida milliy kontentni rivojlantirish dasturi qabul qilindi;
  • tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish koʻrinishidagi jazo chorasini bekor qilish boʻyicha tashabbus koʻrsatildi;
  • OAV sohasini kelgusida yanada liberallashtirishga, soha subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boshlandi.

YXHT OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Arlem Dezirning 2019-yil aprelda OAV saytlarini bloklashni toʻxtatish toʻgʻrisidagi chaqirigʻiga javoban Agentlikning saʼy-harakatlari bilan bir qator xorijiy yangiliklarga ixtisoslashgan resurslar va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning veb-saytlaridan Oʻzbekistonda toʻliq foydalanish keyingi oydayoq tiklandi. Ular qatorida „BBC Uzbek“, „Voice of America“, „Amerika ovozi“, „Radio Free Europe/Radio Liberty“, „Eurasianet.org“, „Deutsche Welle“, „Amnesty International“, „Human Rights Watch“, „Reporters sans frontieres“, „AsiaTerra“, „Fergana Agency“ va boshqalarni[17] kiritish mumkin.

Ushbu qadam mamlakatning xalqaro imiji yaxshilanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, matbuot erkinligi boʻyicha keyingi reytingda 4 pogʻonaga[18] koʻtarilish imkoniyatini berdi. Umuman, 2017-yildan 2020-yilgacha boʻlgan davr ichida Oʻzbekiston reytingda 13-pogʻonaga koʻtarildi va bugungi kunda 156-oʻrinni egallab turibdi.

2019-yilning 11-oktyabrida Samarqand shahrida YXHT vakillari va YXHT ga aʼzo davlatlarning vakillari bilan mamlakatda soʻz erkinligi boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Bu ushbu mavzu boʻyicha Oʻzbekistonda oʻtkazilgan birinchi tadbir hisoblanadi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil qilindi[19]. K.Allamjonov mamlakatda kitobxonlikni ommalashtirish va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi. Shu davr mobaynida Agentlik tomonidan butun respublikada kutubxonalar tarmogʻining faoliyatini tiklash va yangi axborot-kutubxona markazlarini ochish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi. Ushbu yoʻnalishda erishilgan ahamiyatli yutuqlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • „Kitoblar karvoni“ aksiyasining ilk bor oʻtkazilishi, ushbu tadbir doirasida 1,5 mln. kitob tarqatildi;
  • butun respublika boʻyicha 186ta kutubxona qurilishi boshlandi;
  • Milliy umumtaʼlim elektron kutubxona tashkil qilindi[20];
  • Namangan shahrida Nodirabegim nomidagi shahar kutubxonasi toʻliq rekonstruksiya qilindi[21];
  • olis va borish qiyin boʻlgan joylardagi aholini kitoblar bilan taʼminlash uchun „Bibliobuslar“ loyihasi[22] amalga oshirildi;
  • kutubxona xodimlari maqomini oshirish va respublikada Oʻzbekiston axborot-kutubxona tizimi xodimlari uchun rasmiy kasb bayrami belgilandi[23].

K.Allamjonov rahbarligida noshirlik-poligrafiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar boshlandi[24]. Koʻzi ojizlar va koʻrishda nuqsoni borlar uchun kitoblarni Brayl shriftida chop etadigan bosmaxonani rekonstruksiya qilish va texnik modernizatsiyalash boʻyicha loyiha amalga oshirildi[25], Agentlik tuzilmasiga kiruvchi bosmaxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirishga qaratilgan bir qator choralar qabul qilindi. Poligrafiya tarmogʻi uchun mutaxassislarni tayyorlaydigan mamlakatdagi yagona kollej kapital taʼmirlandi va modernizatsiya qilindi[26].

Koʻzi ojiz va koʻrishda nuqsoni bor fuqarolarni har xil turdagi adabiyotlar bilan taʼminlash, shuningdek ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida sharoitlarni yaxshilash maqsadida K.Allamjonovning tashabbusi va faol koʻmagida „Koʻngil koʻzi“[27] loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Loyiha amalga oshirilishi barobarida oʻquvchilar Brayl shriftida chop etilgan oʻquv va badiiy yoʻnalishdagi kitoblardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar, koʻzi ojiz va yaxshi koʻrmaydiganlar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus internatlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi[28].

Kelajak avlod uchun folklor namunalarini saqlab qolish, oʻzbek xalqining madaniy merosini targʻib qilish, shuningdek koʻzi ojiz va koʻrishda nuqsoni bor bolalar uchun mediamahsulotlar ishlab chiqish maqsadida K.Allamjonovning faol ishtiroki va qoʻllab-quvvatlashi orqali 2019-yil fevralida „Bolalik kunlarimda“[29] loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida taniqli artist va musiqachilar oʻzbek va dunyo xalqlari ertaklariga ovoz berdilar, bu ertaklardan barcha erkin foydalanishi uchun telegram-kanalda joylashtirildi. K.Allamjonov Agentlik rahbari sifatida OAV, soʻz erkinligi, taʼlim va boshqa sohalarga oid koʻplab qonunchilik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etgan.

2020-yilning yanvar oyida Milliy mass-medialarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan jurnalist va blogerlar guruhi K.Allamjonovga Milliy mass-medialarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha Jamoat fondi Vasiylik kengashining raisi lavozimini egallashni taklif qildi. 2020-yil 31-yanvarda Fond taʼsischilari majlisining qarori bilan K.Allamjonov ushbu lavozimga tasdiqlandi.

2022-yil 26-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Manbalarga koʻra, oʻrinbosarlik lavozimi yangi tashkil etildi hamda Allamjonov endi jamoatchilik fikrini oʻrganish va axborot siyosatiga masʼul boʻladi.[30]

Tadbirkorlik faoliyati tahrir

Komil Allamjonov „Avtotest“ innovatsion avtomaktab[31] va Milliy TV telekanali asoschisi hisoblanadi. 2017-yil 8-sentyabrda Milliy TV tomonidan oʻtkazilgan Oʻzbegim festivalida[32] eng katta osh tayyorlangan boʻlib, ushbu natija Ginnes rekordlar kitobida qayd etilgan[33].

Mukofotlar tahrir

Shaxsiy hayoti tahrir

Oilali, 4 nafar farzandi bor.

Manbalar tahrir

  1. Prezident matbuot kotibi tayinlandi
  2. Komil Allamjonov naznachen i. o. glavi UzAPI
  3. Komil Allamjonov prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi
  4. Komil Allamjonov vozglavil fond podderjki mass-media
  5. Rahbariyat
  6. Luchshiy sayt organa gosudarstvennogo upravleniya i vlasti
  7. „„Turkiston“ saroyida „MIT.uz — 2015“ gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi“. 2021-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-sentyabr.
  8. GNK rabotaet nad dovedeniem do soznaniya molodeji nalogovoy gramotnosti
  9. Конкурс знатоков налогов, 23–oktabr 2020–yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 7–sentabr 2020–yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  10. „NALOGOVIYe ZNANIYa — DYeTYaM!“
  11. Oʻzbekiston prezidentining matbuot kotibi tayinlandi
  12. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hujjatli filmda oilaning hayotidagi oʻrni hamda nima uni baxtli qilishi toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
  13. Telekanal „Rossiya-Kultura“ pokajet xudojestvenniy film „Stranitsi Istini. Imam al-Buxari“
  14. Allamjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori v. b. etib tayinlandi
  15. Komil Allamjonov naznachen ispolnyayuщim obyazannosti direktora Agentstva informatsii i massovix kommunikatsiy
  16. Yangi agentlik direktori maqomi Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga tenglashtirildi
  17. Bloomberg: Uzbekistan otkrivaetsya miru posle dolgoy izolyatsii
  18. Uzbekistan Unblocks Foreign Media, Rights Groups Websites
  19. Provodimaya rabota po obespecheniyu svobodi slova i pechati v Uzbekistane obsujdena s uchastiem mejdunarodnix ekspertov
  20. „„Milliy umumtaʼlim elektron kutubxona“ loyihasini amalga oshirish mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi“. 2020-yil 22-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-sentyabr.
  21. „Namanganda Shavkat Mirziyoev topshirigʻidan soʻng qayta taʼmirlangan axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi“. 2020-yil 22-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-sentyabr.
  22. „Bibliobuslar“ qishloq aholisiga xizmat koʻrsatadi
  23. Oʻzbekistonda 21-may Kutubxonachilar kuni sifatida nishonlanadi
  24. V Tashkente otkrilsya profkolledj po podgotovke spesialistov v sfere izdatelsko-poligraficheskoy deyatelnosti
  25. Allamjonov: „Koʻzi ojiz 3000 bola risoladagidek taʼlim ololmayapti“
  26. Komil Allamjonov i Saida Mirziyoeva otkrili kolledj pri AIMK, 14–avgust 2020–yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 3–sentabr 2020–yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  27. Musiqa va sanʼat maktablariga toʻlov tartibi boʻyicha hukumatga taklif beriladi — Komil Allamjonov
  28. AOKAning „Koʻngil koʻzi“ loyihasi doirasidagi „Sovgʻalar karvoni“ xayriya aksiyasi boshlandi
  29. Bolalar uchun oʻzbek xalq ertaklarining audio talqinlari tayyorlanadi
  30. Komil Allamjonov Prezident administratsiyasi rahbariga oʻrinbosar boʻldi
  31. AvtoTest: Uzbek Innovation to Reduce Traffic Accidents Worldwide
  32. Toshkentda „Oʻzbegim“ festivali boshlandi
  33. V UZBYeKISTANYe PRIGOTOVILI RYeKORDNO BOLShOY PLOV VYeSOM 6 TONN