Kommuna Ismoilova

O‘zbekiston xalq artisti

Kommuna Ismoilova (1927-yil 15-dekabr, Xiva) — xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1964). Urganch pedagogika institutining havaskorlik toʻgaragida Xorazm termalarini ijro etib tanilgan. Ikkinchi jahon urushi yillari Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar konsert brigadasida ishtirok etgan. Xorazm musiqali drama teatrida (1946), Oʻzbek ashula va raqs ansamblida (1947), Oʻzbek davlat estradasida (1948—1951), Oʻzbek davlat filarmoniyasida (1952—1959), Oʻzbekiston televideniye va radiosi oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri hamda maqom ansamblida (1959—1988) yakkaxon xonanda. 1985-yildan Z. Gʻaniyeva nomidagi Veteran ayollar ansambli qatnashchisi. Kommunna Ismoilova Navo maqomidan Chapandozi Navo va uning Qashqarchasini, Rost maqomidan Savti Ushshoq Qashqarchasini, Saraxborlar taronalarini, Nasri Bayet taronalarini va xorazmcha Rost maqomining Nasri Ushshoq shoʻbasini (ʻʻShitob aylab’’) va boshqa maqom parchalarini ijro etgan. Oʻzbek xalq qoʻshiqlari va zamonaviy ashulalardan „Uylanma“, „Yoshlik chogʻimda“, „Shifokorlar“ va boshqalar, bastakorlardan Y.Rajabiy, F. Sodiqov, K. Otaniyozov, M. Mirzayev asarlari, turli xalqlar (rus, ukrain turkman, qozoq) qoʻshiqlari Ismoilova repertuaridan oʻrin olgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil