Larisa Moskalyova – Oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida qoʻshiq ijro etuvchi oʻzbek xonandasi. U „Marvarid“ taxallusida ham ijod qiladi[1][2].

Larisa Moskalyova
Umumiy maʼlumot
Tavalludi 28-sentyabr 1974-yil (1974-09-28) (49 yosh)
Kasbi Qoʻshiqchi, Taekvondo murabbiyi
Janr Pop, jaz, rok, shoshmaqom
Faoliyat yillari 1992-hozirgacha
Veb-sayt Rasmiy sayt

Biografiyasi tahrir

Larisa Moskalyova – 1974-yil 28-sentyabrda Oʻzbekiston SSRning Jizzax shahrida tugʻilgan. Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi davlat madaniyat institutini aʼlo baholarga tamomladi. Madaniyatshunoslik yoʻnalishi boʻyicha magistr darajasiga ega.

Bolaligidan oʻz hayotini sahnaga bagʻishladi va turli musiqiy guruhlarda vokalchi sifatida faoliyat yuritdi. 1992-yildan „Ilhom“ nomli teatrida spektakllarda rol ijro etdi[3]. Undan keyin esa, „Oloviddin“ nomli musiqa va drama teatrida ishladi. Bir yildan ortiq vaqt davomida u "Sport" davlat telekanalida „Rondo“ interaktiv tok-shousining boshlovchisi sifatida ishlagan. Shuningdek, Larisa Oʻzbekistonda taekvondo (WTF) boʻyicha qora belbogʻni himoya qilgan birinchi ayol boʻldi. U Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi aʼzosi boʻlgan va shu bilan birga muvaffaqiyatli murabbiylik faoliyati bilan ham shugʻullangan.

Yutuqlari tahrir

  • Polsha musiqalar tanlovi, Toshkent
  • Koreys musiqalari tanlovi, Toshkent, 1-oʻrin
  • „Tong yulduzi“ televizion tanlovi, Moskva, 1-oʻrin
  • „Oʻzbekiston – mening ona Vatanim“ vatanparvarlik qoʻshiqlari respublika televizion tanlovi. Toshkent, Gran-pri
  • Samarqanddagi „Sharq taronalari“ xalqaro folklor festivali, faol ishtirokchi
  • „Sado“ estrada qoʻshiqlari Respublika teletanlovi, 1-oʻrin
  • „Tarona“ mukofoti, 1999-yil
  • „Discovery“ xalqaro musiqa tanlovi, 3-oʻrin, Bolgariya
  • Oʻzbekiston xalq artisti[4]
  • Qoraqalpogʻiston xalq artisti[5]

Shaxsiy hayoti tahrir

Oʻzining yakkaxon faoliyatida, Isroil, Germaniya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Ozarbayjon, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa mamlakatlarda ijodiy safarlarda boʻldi. Faoliyati davomida 2 ta musiqiy filmda rol ijro etgan. Farruh Zokirovning „Manzura“ va „Super yulduz“ musiqiy kliplari shular jumlasidandir. Oʻzbekiston va xorijda oʻtkazilgan Oʻzbekiston mustaqillik bayramlari va konsertlarida faol qatnashdi. Larisa turmush qurgan, ikki nafar farzandi bor. U yosh shogirdlari bilan musiqa yozishni va ijro etishni yaxshi koʻradi.

Manbalar tahrir