Leptomeningit
Leptomeningit (yun. leptos – yumshoq va menings – parda) – bosh miya va orqa miyadagi oʻrgimchak toʻrisimon yumshoq pardalarning yalliglanishi (qarang Araxnoidit); meningitga xos alomatlar rivojlanishi, shuningdek, yalligʻlanish tufayli orqa miya suyuqligida oʻzgarishlar roʻy berishi bilan kechadi. L.ning oʻtkir va surunkali shakli, adgeziv (yopishqoq), gemorragik, yiringli, serozli, kista hosil qiladigan va aralash turlari farq qilinadi. Qaysi soha koʻproq yalligʻlanganiga qarab, kasallik har xil koʻrinishda boʻladi: bosh miya asosi L.da optoxiazmal soha zararlansa, bir yoki ikkala koʻz xiralashadi yoki koʻr boʻlib qoladi. Interpedunkulyar soha zararlanganda esa koʻz soqqasi harakati oʻzgarib, koʻzga narsalar qoʻshaloq koʻrinadi yoki koʻz yumilib qoladi va hokazo[1].
Sabablari
tahrirLeptomeningitning kelib chiqishiga turli xil infeksiyalar (gripp, zotiljam, sil), zaharlanishlar, jarohatlar va boshqa kasalliklar (gaymorit, frontit, otit) sabab boʻlishi mumkin. Kasallik oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali turda kechadi.
Klinik manzarasi
tahrirLeptomeningit bosh miyaning tepa qismida boʻlsa, mahalliy miya belgilari Jekson koʻrinishdagi tutqanoq xurujlari kuzatiladi (bunda alohida mushaklar guruhida klonik qaltirashlar boʻladi). Bu xurujlar keyin katta tutqanoq xuruji va hushdan ketish bilan davom etadi. Leptomeningit bosh miya ensa chuqurchasida boʻlsa, mahalliy miya belgilaridan miyacha ataksiyasi, mushaklar tonusining pasayishi, adidoxokinez, dizmetriya, bosh aylanish, nistagm paydo boʻladi. Umumiy miya belgilari ham uchraydi. Koʻrish nervining soʻrgʻichida dimlanish, bosh ogʻriq, qusish bilan davom etadi. Leptomeningit miyacha-koʻprik burchagida boʻlsa, un da V—VII—VIII kbm nervlarining zararlanish belgilari kuzatiladi. Optiko-xiazmal leptomeningitda qattiq bosh ogʻriq bilan birga koʻrishning pasayishi, koʻruvnervining soʻrgʻichida dimlanish kuzatiladi. Koʻrish maydoni toraygan boʻlib, oq va boshqa ranglarni sezish kamaygan boʻladi. Baʼzi bemorlarda koʻzni harakatlantiruvchinervning zararlanishi, koʻzga narsalarning ikkita boʻlib koʻrinishi, gʻilaylik, yuqori qovoqning pastga tushib qolishi belgilari namoyon boʻladi. Bemorda haroratning biroz koʻtarilishi, bosh ogʻriq, koʻz olmasida ogʻriq, titrash, butun tananing qaqshab ogʻrishi, oyoqlarda holsizlik, yurakning tez urishi, leykotsitoz, ECHT baland boʻladi. Orqa miya suyuqligi tarkibi oʻzgarmagan boʻladi.
Davosi
tahrirAntibiotiklar, urotropin 40% 3—5—10 ml tomir ichiga glukoza bilan yuboriladi. Vitaminlar C, B guruhi, nikotin kislota, magneziy sulfat, glitserin, laziks, diakarb, lidaza, shishasimon tana, biyoxinol buyuriladi. Ogʻriq va qaltirashga qarshi dorilar qoʻllanadi. Konservativ davo yordam bermasa, jarrohlik yoʻli bilan (kista, chandiq) davolanadi. Kasallikning tiklanish davrida radonli vannalar, ozokerit, balchiq bilan davolash, shifobaxsh badantarbiya, uqalash tavsiya etiladi[2].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |