Majlisiy
Majlisiy (taxallusi; XV asr oxiri, Xorazm — XVI asrning birinchi yarmi, Buxoro) – shoir.
Majlisiy | |
---|---|
Tavalludi |
XV asr oxiri |
Vafoti |
XVI asrning birinchi yarmi Buxoro |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Hayoti
tahrirMajlisiy XV asrning oxirida Xorazmda tavallud topgan. Aniq ismi maʻlum emas[1]. Hayoti va ijodi haqida ayrim maʼlumotlar Nisoriyning „Muzakkir ul-ahbob“(„Doʻstlarni eslatuvchi“) tazkirasida uchraydi. Unga koʻra Majlisiy asli Xorazmlik boʻlib, keyinroq Buxoroga koʻchib borgan. Ubaydulloxon va uning oʻgʻli Abdulazizxonlar saroyida xizmat qilgan.
„Mavlono Majlisiy, — deydi Hasanxoʻja Nisoriy, — nadim va majlisoro kishi edi…soʻz goʻyini balogʻat chavgoni bilan olur edi. Yaxshi ash’ori va margʻub soʻzlari bor. Qasidalari koʻp, yaxshi va latif gʻazallari bor“[2].
Majlisiyning sheʼrlari Boburga ham manzur boʻlgan. Biroq, Nisoriyga koʻra, Bobur bilan Majlisiy oʻrtasida bir anglashilmovchilik roʻy berib, ularning aloqasi tamomila uzilib qolgan.
Shuningdek, uning sheʼrlari ham bizga qadar saqlanib qolmagan yoki nomaʼlum boʻlib kelmoqda. Uning adabiy merosidan bizga yetib kelgan asari faqatgina „Qissayi Sayfulmuluk“ ishqiy sarguzasht dostoni hisoblanadi. Ushbu doston 4000 misradan iborat boʻlib, masnaviyda, hazaj bahrida, qissa ichida qissa shaklida yozilgan. Tuzilishi va voqealar bayoni jihatidan folklor asarlariga yaqin turadi. Misr shohi Osimning yolgʻiz oʻgʻli Sayfulmulukning Fatina shohi Shohbol qizi Badeuljamolga gʻoyibona sevgisi va unga erishish yoʻlidagi sarguzashtlari, umuman insonning oʻz baxti uchun kurashi va bu jarayonda uning kamol topishi tasvirlangan. Asarda adolat, yaxshilik va ezgulik madh etilgan, podshohlar adolatga chaqirilgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish gʻoyalari ilgari surilgan. Nishotiy „Xusnu dil“ dostonini undan ilhomlanib yozgan[1].
Oʻzbek adabiyotida dostonning folklor varianti ham yaratilgan. Asar Oʻrta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan, qozoq (Said Garay, 1904), turkman (Kurbonali Maʼrufiy), tatar, rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Qozonda qayta-qayta nashr etilgan (1807, 1849, 1883, 1914). Toshkentda dastlab 1916-yil chop qilingan. Toʻla boʻlmagan ikki qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (ivn. № 3425, 8205).
Adabiyotlar
tahrir- Qissai Sayfulmuluk, T., 1959.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.
- ↑ N.M.Mallayev. O'zbek adabiyoti tarixi. Toshkent: "O'qituvchi", 1976.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Majlisiyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |