Markazlashgan Mo'g'ullar davlatining tashkil topishi

Markazlashgan Mo'g'ullar davlatining tashkil topishi

Mo'g'ullar haqida ko'plab ma'lumotlar bo'lib, ular menva (menu) nomi ostida Xitoyning Tan sulolasi solnomasida ilk bor tilga olinadi.Ular Oltoy va Janubiy Sibir hududlaridagi turkiy qabilalarga yaqin bo'lgan. Hatto ba'zi olimlar ular o'rtasida qarindoshlik bo'lganliklari ehtimolini ko'rsatishadi. Mo'g'ullar elat sifatida XIII asrda shakllangan. X-XI asrlarda Amur daryosi bo'ylarida yashagan 16 ta urug'larga bo'lingan tatarlarning tarkibiy qismi sifatida ularning bir urug'idan alohida, mo'g'ul (moxe) qabilasi vujudga kelgan deb hisoblanadi.

XI-XII asrlarda mo'g'ullar ijtimoiy hayotida urug'-aymoqchilik munosabatlari kuchli bo'lib, ularning ko'pchiligi ko'chmanchi chorvachilik bilan, o'rmonda yashagan ayrim urug'lar ovchilik va baliqchilik bilan shug'ullangan. Mo'g'ullar diniy e'tiqodida shomonlik mavjud bo'lgan. Mo'g'ullarda ayniqsa olovga topinish muqaddas sanalgan. Zero, olovni mensimaslik, unga tupurish, iflos narsa tashlash yoki suv sepib o'chirish kabi hollar katta gunoh deb hisoblangan hamda buni sodir etganlar munosib jazolangan. Urug' qabilachilik munosabatlari mo'g'uljamiyatining asosini tashkil etadi. Oila ijtimoiy birlik bo'lib, bir necha oila aymanlar (urug'lar)ni hosil qilgan. Bir necha aymanlar birlashuvidan ovullar (urug'lar birlashmasi), ovullar birikuvidan o'rdalar (qabilalar), o'rdalar qo'shiluvidan esa uluslar (elatlar) tarkib topgan. Mulkiy tabaqalanish natijasida hayotning o'zi ularni harbiy ittifoqlariga birlashishni majbur qiladi. Bu qabila sekin-asta kuchayib borib, 1135-1139-yillari Xitoyga bir qancha yurishlar qilishadi. Hatto Xitoy imperatorlari 1147-yili mo'g'ullar bilan ittifoq tuzishga majbur bo'lishadi.

XII asr o'rtalariga kelib Baykal ko'li atrofida yashovchi turkiy va tungus-manjur qabilalarining ko'pchiligi mo'g'ullar rahnamosi Esugay Bahodir ta'siriga o'ta boshlaydi. Lekin unga qarshi turgan tatar, markit qabilalarini bo'ysundirish oson bo'lmaydi. Esugayni tatarlar ziyofat paytida xiyonotkorona o'ldirishgandan so'ng, uning o'g'li Temuchinning ta'siri mo'g'ullar ichida ko'tarila boshlaydi.

Chingizxonning haqiqiy ismi — Temuchin. Onasi O'elun Fujin, otasi Yasugay Bahodir o‘g‘lini o‘z asirligidagi tatar qabilalari boshlig‘i Temuchin sharafiga ataydi. “Chingizxon” esa uning unvoni. “Xon” — hokim, “Chingiz” — o‘sha davrda “ummon” ma’nosini anglatgan, hozirda esa bu so‘z “hokim” deb tarjima qilinadi. "Chingiz" so'zi tarixchi Rashididdinning yozishicha, "kuchli", "buyuk" degan ma'nolarni anglatadi. Chingizxon taxminan 1155-yili O'non daryosi yaqinidagi Delpun Bo'ldan mavzesida tug'ilgan. Otasini zaharlab o'ldirishgandan so'ng, oila uydan quvulgan va hech narsasiz qolishib, tilanchiga aylanishadi. Chingizxon 14 yoshida katta baliq tutib, uyga olib keladi. Bekter ismli akasi qo'lidan tortib oladi va hech kimga bermay yeb qo‘yadi. Bu Chingizxonni qattiq g'azablantiradi. U akasini quvib kamon bilan o'ldirmaguncha qo‘ymadi. Qotillik jazosiz qoladi - onasi faqat Chingizxonni qattiq so‘kib qarg‘aydi. Ochlik va muhtojlik Chingizxonni vaxshiy qilib qo‘ygandi. Keyinchalik Temuchin qabilalarni turli yo'llar bilan birlashtiradi. 1186-yilda u boshqa bir mo'g'ul sarkardasi Jamuxa yordamida raqibi markitlarni bo'ysundiradi. Ba'zi ma'lumotlarga qaraganda, bu g'alabadan so'ng mo'g'ul no'yonlari va navkarlar uni olqishlab, mo'g'ul hukmdori - xon deb e'lon qilishgan ekan. XIII asr boshida yana bir boshqa kuchli qabila -tatarlarni ham mag'lubiyatga uchratadi. Temuchin 1203-yili kerayitlarning xoni O'ngxonni mag'lub etib, qo'ng'irot va naymanlar ustidan o'z hukmronligini o'rnatadi. Mo'g'ullarni birlashtirish chog'ida Temuchin kuchli harbiy tuzilmani tashkil etadi. Unga ko'ra mo'g'ul qabilalari mingliklarga bo'lingan bo'lib, u butun bir boshli harbiy okrug vazifasiga to'g'ri kelar edi. Temuchin juda intizomli, sadoqatli va o'ta jangovar harbiy tuzilmani yaratishga erishdi. O'z hokimiyatini to'liq mustahkamlab olgach, 1206-yilda Chingizxon nomini olgan Temuchin mo'g'ul qabilalarini birlashtirib, yarim ko'chmanchi mo'g'ul davlatini tashkil etadi. G.Xidoyatovning fikricha, bosh shaman butun xalq oldida Temuchinga Dengizxon, ya'ni okean hukmdori unvonini qabul qilishini buyurayotganini e'lon qilib, bu nom asrlar osha davom etishiga va Mo'g'ulistonning chin farzandlariga baxt-saodat keltirishiga ishonch bildirdi. Keyinchalik bu nom turli tillarda Chingizga aylandi.

O'z davlatini kuchaytirib, uning barqarorligini mustahkamlash maqsadida Chingizxon mo'g'ullardan ko'p sonli yaxshi qurollangan, intizomli va uyushgan qo'shin tuzadi. Qo'shin yuzboshi, mingboshi, tumanboshilar tomonidan boshqarilgan. Mo'g'ul qo'shini intizomligi bilan emas, balki harbiy yurisblardagi g'oyatda cbaqqonligi va janglardagi botirligi bilan ham ajralib turar edi. Asosiy qo'shindan tashqari Chingizxon ixtiyorida "keshik" deb yuritilgan maxsus gvardiya tashkil etiladi. Keshik favqulodda sodir bo'ladigan xavf-xatarga qarshi tashlash uchun doimo jangovar holatda turar edi.

Chingizxon imperiyasi hududlarini kengaytirish maqsadida o'z qizlarini qo'shni mamlakat shohlariga uzatgan va kuyovlarni ataylab turli xil janglarga sarkarda qilib jo'natgan. Ko'pincha kuyovlari jangdan omon qaytmagan va o'sha mamlakatga qizini qirolicha qilib, uning hududini o'z imperiyasiga qo'shib olgan.

Davlat ma'muriyatini markazlashtirish maqsadida Chingizxon Qoraqurum qal'asini o'z davlatini poytaxtiga aylantiradi. Mo'g'ullarning dastlabki ma'murlari uyg'urlardan bo'igan. Chingizxon 1206-yilda naymanlarni, 1207-1208-yillarda uyg'urlarni bo'ysundiradi. 1211-1214-yillarda Chingizxon Xitoyga hujum qilib katta o'ljalar bilan qaytadi. Chingizxon 1218-yili Xitoyga hujum qilib, Pekin shahrini egallaydi hamda Shimoliy Xitoyni mo'g'ullar davlatlga qo'shib oladi. Xitoyni bosib olinishi natijasida Chingizxon o'z qo'shinini zamonasining eng yaxshi harbiy qurol-aslaha bilan ta'minlaydi. Sababi Xitoy zamonasining ilg'or harbiy texnika san'atiga ega davlat edi. 1218-1219-ylliarda Chingizxon Sharqiy Turkiston va Yettisuv viloyatlarini qo'lga kiritib, Kuchluk davlatini tugatadi. Shunday qilib, XIII asrning 20-yillari boshida Go'bi sahrosining sharqiy chegarasidan to Tangritov (Tyanshan) tizmasining g'arbiy etaklarigacha bo'lgan viloyatlar Mo'g'ullar davlati hukmronligi ostida birlashtirilgan edi. Atiga 4 yil (1219-1223) ichida Chingizxon qo'shinlari O'rta Osiyo va Kavkazni egallab, Janubiy Rus dashtlariga chiqadi. Botuxon yurishlari (1237-1242) natijasida Rus, Ukraina, Ruminiya, Moldova, Chexiya, Polsha, Vengriya istilo qilinib, Germaniya chegaralariga yorib kirildi. G'arbiy Osiyoda 1258-yil Bag'dodni fatx etgan Xuloku Kichik Osiyo va Suriyaga yurishlar qiladi. Janubda esa Dehli sultonligiga chopqinlar uyushtiriladi. Natijada 1310-yilga kelib 3.75 mln km² maydonda qudratli davlat qurildi.

Adabiyotlar

tahrir

R.Shamsutdinov, H.Mo'minov. O'zbekiston tarixi. Toshkent: Sharq, 2013. 165 b; Улуғбек Мирзо. Тўрт улус тарихи. Тошкент: Чўлпон, 1994. 352 б.

Manbalar

tahrir

Рашидаддин, Сборник летописей, т. 1-3, М. Л., 1952-1956.