Mitan (Moʻyton)oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari tarkibiga singib ketgan qabila.

Mitanning koʻpchiligi hozirgi Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir va Moʻynoq tumanlarida yashagan (Qoʻngʻirot tumanidagi oʻzbeklar tarkibida ham uchrar edi). Mitanlarning ayrim guruhlari Afgʻonistonda (Balx viloyatida) yashaydi. Qoraqalpoq mitanlari oʻtmishda bir qancha katta va kichik qabila-urugʻlarga boʻlingan. Oʻzbek mitanlarining koʻpchiligi XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Zarafshonning oʻrta oqimida yashagan. 1920-yilda Samarqand viloyati mitanlardan 7 mingga yaqin kishi roʻyxatga olingan. Ishtixon, Nurota, Bulungʻur tumanlarida ozroq qismi Karmana atroflarida hamda Qashqadaryoning quyi oqimlarida yashagan. Zarafshon vodiysida yashovchi mitanlarning bir qismi oʻtroq oʻzbeklarga aralashib, oʻz urugʻ nomlarini unutganlar.

Mitan etnogenezi toʻliq oʻrganilmagan. Ayrim olimlar miloddan avvalgi VI asr va milodiy I asr oʻrtalarida Shimoliy Mesopotamiyada, Eronda, Ozarbayjonda (Urmiya koʻli atrofida), Armanistonning togʻli hududlarida yashagan, Gerodot, Gekatey, Strabon, Polibiy kabi antik tarixchilar matiyenlar deb nomlagan xalqlarni mitanlarning ilk ajdodlari deb taxmin qiladilar.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot tahrir

  • Materiali Vserossiyskoy perepisi, vip. 5, ch. T., 1923;
  • Materiali po rayonirovaniyu Sredney Azii, kn.1,ch,1, Buhara — T., 1926.