Modarixon maqbarasi (oʻzbekcha: xonning onasi; shuningdek, Hazira Modarixon, Daxmai Modarixon) – oʻzbek davlatchiligida hukmron sulola vakillaridan boʻlmish oqsuyak ayollar dafn etilgan ilk maqbaralardan biri. Maqbara 1825-yil Nodira tomonidan qurdirilgan boʻlib, Qoʻqonda joylashgan. 2017-yildan boshlab esa Qoʻqon madaniyati tarixi muzeyi tarkibiga kiritilgan[1]. Maqbara, shuningdek, Dahmai shohon majmuasining bir parchasidir[2][3].

Modarixon maqbarasi
حزیره مادرخان

Modarixon maqbarasining old koʻrinishi
Umumiy maʼlumot
Manzili Fargʻona viloyati
Shahar Qoʻqon
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi tugagan 1825
Balandligi
Aylana uzunligi 7,5X8,7 m
Binoning ichki maydoni xonaqoh, chillaxona, qorixona, xilxona, oshxona
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Hasanboy gilkor

Tarixi

tahrir
 
Nodira (1792—1842)

Hazira Modarixon maqbarasining qurilishi Nodira nomi bilan bogʻliq. Nodira qaynonasi Ming Oyim sharafiga bagʻishlab uning qabri ustidan maqbara qurishni buyurgan. Qurilish Nodirabegim buyrugʻi bilan boshlanib, bosh meʼmor etib usta Hasanboy gilkor tayinlangan. Hasanboy gilkor tirikligida daxmaning ancha qismi qurib bitkazilgan. Uning vafotidan soʻng qurilishni shogirdlari davom ettirgan. Maqbara keyinchalik xon avlodidan yoki haramidan boʻlgan oqsuyak ayollar dafn etiladigan maqbaraga aylangan. „Hazira-Modarixon“ nomi esa maqbara majmuining bunyod qilinishi tarixini ochib beradi. „Modarixon“ oʻzbek tilida „Xonning onasi“ maʼnosini anglatadi. Ushbu tarixiy obidaning qurilishi 1825-yilda yakunlangan. Islom dini qabrlar atrofini tosh yoki gʻisht bilan oʻrash, yodgorlik qurish, musulmonlarni qabr tepasida ibodat qilishini yoqlamaydi. Shunga qaramay, Fargʻona vodiysida qadimdan qolgan anʼanalarga binoan qabrlar atrofida turli xil murakkab meʼmoriy majmualar – „Hazira“lar qurish odati boʻlgan. Bunday majmualar asosi atrofi toʻsiqlar bilan oʻralgan qabr boʻlib, unga yaqin joyga xotirlash uchun masjid-ziyoratxonalar bunyod etilgan[4][5]. 1850–1851-yillarda maqbara Xudoyorxon tomonidan taʼmirlangan.

Arxitekturasi

tahrir

Arxitektura majmuasi gumbazli peshtoqli binoni, masjid va hovlini oʻz ichiga olgan. Daxma qurilgan davrda xonaqoh, chillaxona, qorixona, xilxona va oshxona kabi tarkibiy qismlardan iborat boʻlgan. Biroq keyingi oʻtgan 2 asr mobaynida maqbaradan faqat kirish peshtoqi saqlanib qolgan. Daxmai shahon majmuasidan farqli ravishda bu majmua kirish qismida nozik naqshlardan foydalanilgan boʻlib, naqshli koshin va ganchli stalaktitlarlar bilan toʻldirilgan geometrik tasvirlar nozik, yupqa gulli naqshlar bilan uygʻunlashtirilgan. Kirish qismining oʻng tomonidagi olti qirrali koshinlardan birida sirli meʼmor tomonidan maqbara qurib bitkazilgan 1825-yil qayd etib qoʻyilgan[6].

Tavsifi

tahrir

Maqbara gumbazi ichki qismi spiral-qovurgʻasimon ganchli tasvirlar bilan bezatilgan. Pastqam kirish joyi va nozik gulli koshin naqshlar bilan bezatilgan asosiy yoʻlak binoni chiroyli va mutanosibligini taʼminlab turadi. Asosiy kirish qismidagi egilgan burchak shifti oppoq ganchli stalaktitlar bilan bezatilgan.

Kirish qismining orqa qismida moviy gumbaz qad rostlagan, uning ichki qismiga spiral shaklida qovurgʻasimon ganch bilan ishlov berilgan. Undan keyin janoza namozlarini ado etish uchun moʻljallangan masjid boʻlgan. Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan. Majmuani bezatishda koshinlardan foydalanilgan. Koshinlar yordamida gulli naqshlar hosil qilingan. Masjidning chiqish qismi hovliga qaragan, u atrofi toʻsiqlar bilan oʻraglan sagʻanalar tomon olib chiqadi. Katta boʻlmagan peshtoq, baland boʻlmagan gumbaz, mayolikali mayin oʻsimlik naqshli eshiklar bino chiroyini yanada ochgan. Asosiy kirish qismidagi choʻqqi oppoq ganjdan qilingan kaskadli oʻymakorlik bilan ishlangan. Oʻng tomondagi olti qirrali plitkalarning birida maqbaraning qurilganlik sanasi – 1241 hijriy yili, yaʼni 1825 yilda koʻrsatilgan. Manbalarga koʻra, Modarixon maqbarasini qurilishi va bezatilishda Rishton tumani kulollari va ganj oʻymakorlaridan iborat mahalliy ustalar ishtirok etgan. Maqbara ganch oʻymakorligining ajoyib namunasi sifatida ham e’tirof etib kelinadi[7].

Rekonstruksiyasi

tahrir

Daxmadagi peshtoq bilan gumbaz (7,5X8,7 m) hamda bosh fasad burchaklariga ishlangan qirrador ikki minora bugungi kunga qadar saqlanib qolgan[8]. 2021-yil 3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan „Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori asosida Modarixon maqbarasi rekonstruksiya qilinishi kerak boʻlgan madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgan[9]. 2024-yil 1-yanvar kuni qabul qilingan „Oʻzbekiston Respublikasida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Vazirlar Mahkamasining yana bir qarori asosida Modarixon maqbarasi rekonstruksiyasi uchun 5 mln soʻm ajratildi[10].

San’atda

tahrir

Xonanda Kanizaning „Marvarid“ nomli qoʻshigʻida „Nodirabegim uyqu topgan Modarixon“ degan satrlar mavjud[11].

Galereya

tahrir


Izohlar

tahrir

Modarixon maqbarasi Qoʻqon shahar, Yangi Chorsu dahasi, „Nonvoylik guzar“ MFY, Katta qabriston hududida joylashgan.

Manbalar

tahrir
  1. Qo‘qon, muzeyi „“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibiga nimalar kiradi?“. Society.uz. https://society.uz/uz/news/detail/news/735.+Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  2. Мавзолей, Модарихон „Туры в Узбекистан“. Anur Tour. Anur Tour. Qaraldi: 23-oktabr 2024-yil.
  3. Мавзолей, Модари-хан „«Модари-хан»“. BookA Tour. Qaraldi: 23-oktabr 2024-yil.
  4. Modarixon, maqbarasi „Modarixon“. Meros.uz. Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  5. Mamadaliyev Xushnudbek, Islomjonovich. MONOGRAFIYA, 2022, Toshkent shahri, A.Navoiy ko‘chasi, 30 uy: «Fan ziyosi» nashriyoti, 23.10.2024 — 35-bet. ISBN 978-9943-747-45-. 
  6. Modarixon, daxmasi „Daxmai Modarixon ayollar - xon sulolasi vakillari dafn etilgan maqbara“. Ferganatourism.uz. https://ferganatourism.uz/kokand-2/album/khazira-modarikhan.+Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  7. Modarixon, maqbarasi „O‘zbekistonning anʼanaviy meʼmorchilik bezaklari“. Hamkorlar. Qaraldi: 23-oktabr 2024-yil.
  8. Tarixiy, yodgorliklar „O‘ZBEKISTONNING ME’MORIY YODGORLIKLARI TARIXI FANIDAN O‘QUV USLUBIY MAJMUA“. renessans-edu.uz. https://renessans-edu.uz/files/books/2023-11-13-07-23-09_438789a07654a653ccd6b5e4bb811321.pdf.+Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  9. Madaniy meros, obyektlari „Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“. lex.uz. lex.uz. Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 12.01.2024 yildagi PQ-20-son „O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“. lex.uz. https://lex.uz/docs/-6759699.+Qaraldi: 15-oktabr 2024-yil.
  11. Kaniza „Marvarid“. UZLYRICS. Qaraldi: 23-oktabr 2024-yil.