Mozori Sharif madrasasi
Mozori Sharif madrasasi – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 20-uyda joylashgan. Uni 1882-yilda Muhammad Rahimxon II (Feruz) buyrugʻi va uning oʻgʻli Toshhovuz hokimi – Iso toʻra mablagʻlari hisobidan usta Qalandar Koʻchim qurgan.
Madrasa | |
Mozori Sharif madrasasi
| |
Mozori Sharif madrasasining yuqoridan koʻrinishi | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Xorazm viloyati |
Shahar | Xiva |
Manzil | Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 20-uy |
Mulkdor | Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Kichik |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Meʼmor | Qalandar Koʻchim |
Binokorlik tashabbuschisi | Muhammad Rahimxon II |
Homiylar | Iso toʻra |
Asosiy sana: | |
Maqomi | Davlat himoyasida |
Bino maydoni | 28,6x15,8 m |
Mozori Sharif madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
tahrirMozori Sharif madrasasi Pahlavon Mahmud majmuasining janubi-sharqiy tomonida va Pahlavon Mahmud maqbarasiga kirish eshigidan sharqiy tomonda joylashgan. Madrasa 1882-yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II buyrugʻi bilan xorazmlik usta Qalandar Koʻchim tomonidan barpo etilgan. Unga sharqiy tomonidan Otajonboy madrasasi tutashib turadi. Yodgorlikka kirish eshigi uning janubiy devorida joylashgan va ravoqli galereya orqali katta arkadan hovliga kiriladi. Madrasaning faqat kirish qismigina sirlangan yashil gʻisht bilan bezatilgan. Muhammad Rahimxon II ning oʻgʻli Iso toʻra maʼlum muddat davomida Toshhovuz (Turkmanistonda joylashgan shahar) hokimi boʻlgan va Pahlavon Mahmud maqbarasi yonida „Mozori Sharif“ („Zodagonlar maqbarasi“) deb nomlanuvchi maqbara qurish uchun mablagʻ ajratgan. Madrasa qurilishi haqida xivaliklar ichida turli rivoyatlar mavjud[3].
Birinchi rivoyatga koʻra, kichikroq qilib bitkazilgan bu madrasa qurilishiga tashabbuskor shaxs Haj safaridan qaytib kelayotganda Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida betob boʻlib qolgan va agar sogʻ-salomat yurtiga qaytib kela olsa, Xivada shu shahar nomiga atab bir madrasa qurishni niyat qilib qoʻygan ekan. Kelgach bergan vaʼdasida turib, madrasani qurdiribdi va „mening Mozori Sharifim“ shu yerda ekan deb, xudoga shukronalar keltiribdi. Xiva xonligi davridagi shoirlar toʻgʻrisida tazkira tuzgan Hasanmurod qori Laffasiyning bergan maʼlumotlariga koʻra, bu madrasada 1906-yilda 54 yoshida vafot etgan Toʻra Murodtoʻra dafn qilingan. Murodiy taxallusi ostida sheʼrlar yozgan Toʻra Murodtoʻra Muhammad Rahimxon II – Feruzning ukasi boʻlgan[4].
Ikkinchi rivoyatga koʻra, oʻsha davrdagi Xiva xoni – Feruzning oʻgʻli Iso toʻra Makka ziyorati paytida Istanbulda betoblanib qoladi. Shundan keyin Iso toʻrani ayonlari kajavaga solib, Hajga olib borishadi va olib kelishadi. Xivaga qaytib kelganidan soʻng u xonga boʻlib oʻtgan voqealarni aytib beradi. Muhammad Rahimxon II (Feruz) unga: „Hajga borish yoʻlida qiyinchiliklarni boshdan kechirish lozim“, – deb aytadi. Oradan biroz vaqt oʻtgach, xonning maslahatiga amal qilgan Iso toʻra yana Makkaga Haj safarini oʻtash uchun boradi. Ziyoratdan qaytgach Afgʻoniston shimolida joylashgan Mozori Sharif shahrida yana kasal boʻlib qoladi. Xivaga kelgach soʻgayib ketgan Iso toʻra qarindoshlari uchun ushbu shahar nomiga atab Mozori Sharif degan kichik madrasa qurdiradi[3].
Qurilish uslubi
tahrirMadrasa (28,6x15,8 m) bir qavatli, bosh tarzi janubga qaragan. Peshtogʻi yashil rangli sirkor koshinlar bilan „bantak“ uslubida bezatilgan. Darvozasi va uning tepasidagi toʻsin yogʻoch oʻymakorligida ishlangan. Bosh tarzidagi xochsimon gumbazli miyonsaroy orqali hovliga oʻtiladi. Hovli (11,6x6,2 m) atrofida balxi gumbazli hujralar joylashgan. Mozori sharif madrasasida darsxona va masjid uchun alohida xonalar qurilmagan[5].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ 3,0 3,1 „Xiva - Mozori Sharif madrasasi“. 2024-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „Mozori Sharif madrasasi“. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil