Mugʻ qalʼa hujjatlari — Mugʻ qalʼa xarobalaridan topilgan hujjatlar majmuidan iborat oʻziga xos arxiv qoldigʻi (milodiy VII asr oxiri — VIII asr boshi). Uning tarkibidagi jami 80 hujjatdan 74 tasi fanda shartli ravishda "milliy sugʻd yozuvi" yoki Samarqand sugʻd yozuvi deb nomlangan yozuvda bitilgan. 3 ta hujjat xitoy yozuvida boʻlib, mazkur arxiv mazmuniga daxldor emas. Xitoycha matn bitilgan qogʻozning orqa toza yuzasidan yozuv materiali sifatida foydalanilgan. 2 ta hujjat arab yozuvini kufa usulida bitilgan va arxiv mazmuniga aloqador. 1 ta hujjat teri yuzasiga qadimiy turk-runiy yozuvda bitilgan[1].

Mugʻ togʻi hujjatlari
Orginal tili Sugʻd, xitoy, arab va qadimgi turkiy tillari
Yozilgan sana taxm. VII asr 2-yarmi — 722

Topilishi tahrir

1932-yil bahorida Tojikiston SSR Zahmatobod tumani Xayrabod qishlogʻi aholisi Mugʻ qal’asi qoʻrgʻonining xarobalaridan toʻqima savat va hujjatlarni topishgan. Hujjatlar tushunarsiz yozuvda ipak qogʻoziga yozilgan boʻlgan. Bir necha oylar mobaynida hujjatlar yuqori Zarafshon qishloqlarida qoʻldan-qoʻlga oʻtib yurgan. Hujjatlar respublika poytaxti Dushanbega olib kelingan. Bu yerda hujjatlar sugʻd tilida yozilganligi aniqlangan. Hujjatlardan fotonusxa olinib, Leningradga professor A. A. Freymanga joʻnatilgan. 1933-yil dekabrida 91 ta Mugʻ togʻi hujjatlari Leningradga olib kelingan. Freyman hujjatlar roʻyxatini „Sugʻd toʻplami“da eʼlon qilgan[2].

Mazmuni tahrir

Hujjatlarning mazmun doirasi xilma-xil, ularning bir turkumi huquqiy (nikoh va bu munosabat bilan oila mulkiy munosabatlari haqidagi masalalarni aks ettiradi) munosabatlarga oid. Hujjatlarning yana biri tegirmon ijarasi, ikkinchisi yer mulkchiligi haqidagi hujjatlardir.

Bir turkum hujjatlar diplomatik yozishmalar toifasiga kiradi. Hujjat mazmun eʼtibori bilan arab fathi voqealari bilan bevosita aloqador, unda xalifalik noibining Movarounnahrdagi amiri Abdurrahmon binni Subhning Panch (Panjakent, Panjikent) hokimi Devashtichni ogohlantirish va doʻq-poʻpisasi ifoda topgan. Yana biri diplomatik maktub Devashtich tomonidan Rust hokimi Afarunga yozilgan boʻlib, arablarga qarshi harbiy kuchlarni birlashtirish masalasiga ishorat qiladi.

Arxiv hujjatlarning kattagina guruhi framandar (xoʻjalik ishlari boʻyicha nozir) nomiga yozilgan Devashtichning buyruqlaridir. Yana bir qancha hujjatlar Sugʻd davlatining xoʻjalik munosabatlarini aks ettiradi. Ular orasida teri oshlash, charmgarlik, ziroatchilik, bogʻdorchilik va boshqa xoʻjalik sohalarining arab istilosi kunlaridagi ahvolini koʻrsatuvchi bir qancha hujjat namunalari bor. Yana bir guruh hujjatlarda moliyaviy munosabatlar aks etgan boʻlib, avvalo saroy ehtiyojlari uchun xarajatlar roʻyxati, turli xil toʻlovlar haqidagi axborotlar, soliq va boj yigʻmalari kabi bevosita moliyaviy iqtisod munosabatlari aks etgan[3].

Tarkibi tahrir

Chuqur tahlildan soʻng, 76 ta hujjat aniqlangan, jumladan, 72 ta sugʻd tilida, bitta arab, uchta xitoy va bitta turk tilidagi hujjatlar topilgan. Hujjatlar toʻplanib A, B, V belgilari bilan shifrlashtirilgan, yaʼni, A.I. Vasilyev topganlari A-hujjatlar, A. A.Freyman topganlari B-hujjatlar, A.Pulotiy topganlari V-hujjatlarga ajratilgan. Bularga asl nusxasi yoʻqolgan I-1 hujjatning fotonusxasi, A.Pulotiyda qolgan A-19 va pergamentga yozilgan hujjat kirmagan. Mugʻ togʻi hujjatlari turli materiallarga — charmga, taxtaga va qogʻozga yozilgan. Sugʻd hujjatlarining 36 tasi charmga, 23 tasi yogʻochga, atigi 15 tasi qogʻozga yozilgan. Baʼzi hollarda xitoy matnlarining orqa tomoni yozuv materiali sifatida ishlatilgan (B-27). Charm va pergamentdagi baʼzi hujjatlar avval ishlatilgan materiallarga yozilgan. Buning uchun avvalgi keraksiz matn oʻchirilgan va yangi matn yozilgan. Yangi yozuv koʻp hollarda materialning orqa tomoniga yozilar edi. Baʼzan materiallar ikkinchi marta ishlatilganda, avvalgi matn izi koʻrinib qolar edi; A-9 V (2 qator), B-9 V (8 qator)[4].

Tadqiq qilinishi tahrir

1934-yilda Freyman topilgan hujjatlarning batafsil paleografik tasnifini yozgan. Maʼlumotlar Mugʻ togʻi topilmalariga bagʻishlan¬gan maxsus „Mugʻ togi sugʻd hujjatlari“ toʻplamida eʼlon qilingan[5]. Shu toʻplamda hujjatlarning topilishi bilan bogʻliq jarayonlar[6], Mugʻ togʻi boʻyicha arxeologik tadqiqotlarning hisoboti ham nashr qilingan[7]. Akademik Krachkovskiy arab xatidagi hujjatni oʻqib, uning sanasini va shu hujjat orqali Mugʻ togʻi qoʻrgʻonining buzib tashlanishi haqidagi tarixiy jarayonni aniqlash imkoniyatiga ega boʻldi. Tadqiqotlar natijasida topilgan barcha hujjatlar VII asr oxiri — VIII asrning I choragi (722 yilgacha)ga xosligi aniqlandi. Freyman sugʻd hujjatlarini mazmuniga koʻra ikki guruhga — xatlar va xoʻjalik hujjatlariga ajratadi. Keyinchalik V. A. Livshits yana bir guruh hujjatlarini aniqlagan boʻlib, bular yuridik hujjatlar edi. Hujjatlarning aksariyati Panjikent hokimi Divashtich (Devashtich) nomi bilan bogʻliq boʻlgan. 1934-yilda Freyman xoʻjalik hujjatlarining ayrimlarini tarjima qilib, nashrini eʼlon qilgan[8].

Mugʻ qalʼa hujjatlari bugunga qadar toʻliq ilmiy nashr etilgan. Ularning dastlabki ilmiy nashrlari rus olimlari A. A. Freyman, M. N. Bogolyubov, V. A. Livshits, O. I. Smirnovalar tomonidan 1960-yillarning boshlarida amalga oshirilgan.

1990—1992-yillarda sugʻdshunos olim M. Isʼhoqov soʻnggi davrlarda sugʻdshunoslik sohasidagi yangi natija va xulosalar asosida Mugʻ qalʼa hujjatlarining katta turkumini oʻzbek tiliga tarjima qilib, ilmiy izohlar bilan nashr ettirdi[9].

Adabiyot tahrir

  • Sogdiyskiy sbornik. Sbornik statey o pamyatnikax sogdiyskogo yazika i kulturi, naydennix na gore Mug, L., 1934.
  • Sogdiyskiye dokumenti s gori Mug, M., 1962—63.

Manbalar tahrir

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 6-jild: Miriy—Parxish. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2003. M. Isʼhoqov maqolasi
  2. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 81-bet.
  3. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 6-jild: Miriy—Parxish. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2003. M. Isʼhoqov maqolasi
  4. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 81-82-betlar.
  5. Фрейман А.А. Опись рукописных документов, извлеченных из развалин здания на горе Муг в Захматабадском районе Таджикской ССР около селения Хайрабад и собранных Таджикистанской базой Академии наук СССР. //Согдийский сборник. –Л.: Изд. АН СССР, 1934. –С.33-51.
  6. Фрейман А.А. Находка согдийских рукописей и памятников материальной культуры в Таджикистане. (Предварительное сообщение).//Согдийский сборник. –С.7-17.
  7. Васильев А.И. Согдийский замок на горе Муг. (Предварительный отчет). //Согдийский сборник. –С.18-32.
  8. Is’hoqov M.M., Alimova R.R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 82-bet.
  9. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 6-jild: Miriy—Parxish. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2003. M. Isʼhoqov maqolasi