Nuriddin Sobuniy (arabcha: نور الدين صوبوني — Nuriddin Sobuniy — Toʻliq ismi: Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr Sobuniy (vafoti 1184-yil)) — Muhaddis.

Muhandis

Ism

Nuriddin Sobuniy

Tavalludi

Vafoti

1184-yil

Falsafa maktabi


Hayoti tahrir

Nuriddin Sobuniy Buxoroning ko‘zga ko‘ringan hanafiy va moturidiylikni tarqalishiga hissa qo‘shgan ulamolaridan biri boʻlib, ko‘pincha tabaqot kitoblarida ismiga „Imom“ va „Nuriddinlaqablari qo‘shib aytiladi. Kalomga oid manbalarda esa, ko‘p hollarda „Nuriddin Sobuniy“ deb zikr qilishgan. Taniqli faylasuf va olim Faxriddin Roziy uni „Nur Sobuniy“ deb aytishni yaxshi ko‘rgan. Nuriddin Sobuniyning hayoti haqida unchalik ko‘p maʼlumotlar bo‘lmasada, haj safariga borishi asnosida Iroq va Xuroson ulamolarining ilmiy majlislarida qiziqarli maʼruzalar bilan qatnashganligi va Faxriddin Roziy o‘zining eng ko‘p aqida borasidagi munozaralarini Nuriddin Sobuniy bilan ilmiy bahslar tarzida olib borgani maʼlum va mashhurdir. Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Nuriddin Sobuniy ilm va fazilatda Buxoroda shuhrat qozongan olimlardan biri boʻlib, u boy oilaga mansub bo‘lgan. O‘sha davrda Buxoro ilm-fan rivojlangan shaharlardan biri bo‘lgan. U yerda Abu Yusr Pazdaviy (vafoti 493/1099-yil), Alouddin Samarqandiy (vafoti 539/1144-yil), Alouddin Asmandiy (vafoti 552/1157-yil) va yaqin do‘sti va maslakdoshi Abu Ishoq Ibrohim ibn Ismoil ibn Ahmad Saffor Buxoriy Hanafiy (vafoti 534/1139-yil) kabi hanafiy mazhabi hamda moturidiyya taʼlimotini keng tarqalishiga nufuzli hissa qo‘shgan allomalar bilan zamondosh bo‘lgan.[1]

Faoliyati tahrir

Nuriddin Sobuniyning asarlari ko‘pchilik olimlar ixtilofda bo‘lgan, kalomga tegishli masalalarni tushunarli, sodda lug‘atda va yengil uslubda yozilganligi bilan ajralib turadi. Baʼzi olimlar o‘zlarining asarlarini yozishda Nuriddin Sobuniyning kitoblaridan naqllar, iboralar va dalillar keltirishgan. Saʼduddin Taftazoniy, Kamoliddin Bayoziy, Rog‘ib Bosho va Abbos Mahmud Aqqodlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Tarixiy manbalarda Nuriddin Sobuniy va shayx Rashiduddin o‘rtasida ilmiy munozaralar boʻlib o‘tganligi haqida maʼlumotlar mavjud. Bu shundan dalolat beradiki, Sobuniy fors tilini ham yaxshi bilgan. „Tabaqotu-s-saniyya fi tarojim i-l-hanafiyya“ asari muallifi Ahmad ibn Abdulqodir Tamimiy Nuriddin Sobuniyni Shamsu-l-aimma Kardariydan fiqh ilmini o‘rganganligini keltirgan. Shuningdek, Nuriddin Sobuniy kalom ilmini ustozi Abulmu’in Nasafiydan uning „Tabsiratu-l-adilla“ asari asosida o‘rgangan. U „al Imomul ajaall“ (buyuk imom), „Nuriddin“ (din ziyosi, din nuri), „Nosirul Haq“ (Haq yordamchasi), shuningdek, sovun tayyorlab sotganlari bois „Sobuniy“ taxalluslari bilan mashhur. Nuriddin Sobuniy haqida Ibn Qutlubg‘onning „Tojut tajorim“ Nosiriddin To‘raning „Tuhfat az-zoirin“, A.Sh. Juzjoniyning „Islom huquqshunosligi“ va boshqa manbalarda maʼlumotlar mavjud. Sobuniyning ustozlari Xorazmlik buyuk mutafakkir Shamsulaimma Kardariy (?—1167) hisoblanadilar. U alloma sifatida koʻplab asarlar muallifi hisoblanadi. Nuriddin Sobuniyning ayniqsa „Kitbul bidoya fi usuliddin“ kitobi mashhur. Nuriddin Sobuniyning „Al Muntaqo min ismatil anbiyo“, „Al Kifoya fil Hidoya“, „Kitbul bidoya fi usuliddin“ kabi kitoblari mavjud. Hazrat Nuriddin Sobuniy 1184-yil Buxoroda vafot etgan. Ul zoti sharifning qabrlari „Al quzzotus sab’a“ (Etti qozi) mozoridadir. „Tuhfat az zoirin“ kitobida yozilishicha, Hazrat Abu Bakr Tarxon mozoristoni yonida „Etti qozi“ mozoristoni bo‘lgan[2]. Abu Bakr Tarxon va „Etti qozi“ mozoristoni Sobiq Ittifoq zamonasida vayron etilgan edi. U toʻgʻrisida maʼlumotlar aniq saqlanmagan. Nuriddin Sobuniy toʻgʻrisida maʼlumotlar Atoqli oʻzbek adibi Sadriddin Salim Buxoriy kitoblarida mavjud. U oʻz zamonasining mashhur allomalaridan biri boʻlgan[3]. Muallif asar muqaddimasida „Al-kifoya“ nomli asarini tugatganidan so‘ng, baʼzi do‘stlarining iltimosiga ko‘ra bu iboralarni aniq va esda qolishi oson bo‘lgan asar yozishini iltimos qilganlarini bayon qiladi. Asar tahqiqi va nashri ilk bor 1969-yilda Misrlik olim Fathulloh Xulayf tomonidan amalga oshirilgan. U 1961-yilda Kembridj universtitetida o‘qib yurgan paytida ustozi Artur Jon Arberriy taklifi bilan Nuriddin Sobuniy hayotini o‘rgana boshlagan. Ispaniyadagi „Iskuriyol“ kutubxonasidan Nuriddin Sobuniyning „Al-bidoya“ asari qo‘lyozma fotonusxasini, shuningdek, 1964-1968-yillar Bayrut universtitetida o‘qib yurganda, Germaniyadagi nemis sharqshunoslik instituti doktori Van Ess yordami bilan „Tubingin“ kutubxonasidan yana bir fotonusxasiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng, qo‘lyozmaning ikki fotonusxasiga tayanib, kitobni tahqiq qilishga kirishadi va ishini muvaffaqiyatli yakunlaydi. 1979-yil Turkiyalik kalomshunos olim Bekir Topalo‘g‘li tarafidan Nuriddin Sobuniyning hayoti va ilmiy merosi ustida tadqiqotlar amalga oshirilgan va Topalo‘g‘li „Al-bidoya“ni nashr etgan. Shundan so‘ng asar muhimligi uchun yana yetti marta nashr etilgan. Bekir Topalo‘g‘lining tarjimasi bilan birga ushbu asar 367 sahifani o‘z ichiga oladi. Arab tilidagi matni 93 sahifadan iborat. Qolgan qismlari kirish, muallif haqida maʼlumot va istilohlar izohidan tashkil topgan. Nuriddin Sobuniy asarda iboralarni sodda va lo‘nda ifoda etadi. Asarga diqqat bilan eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, muallifning muqaddimada keltirib o‘tganlari, tushunish qiyin bo‘lgan masalalar nihoyatda tushunarli va sodda tilda ifoda etilganini guvohi bo‘lamiz. Allomaning ushbu asari kalom ilmiga oid masalalarni o‘rganishni istaganlar uchun foydali kitob deb o‘ylaymiz. Asarda bahsli masalalarning chuqurlashib ketmasligiga harakat qilingan. Yuqoridagilarni eʼtiborga olsak, asar kalom ilmiga kirish bo‘la oladigan o‘ziga xos kitob deyish mumkin. Muallif asarda mavzu sarlavhasi ostida turli firqalarning qarashlarini keltirib, so‘ng o‘z qarashlarini ifoda etib, keyin ularni tanqid qiladi. Asar kalom ilmining barcha masalalaridan xabardor bo‘lishni istagan o‘quvchi uchun eng qulay manbalardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Asarlari tahrir

  • „Al-bidoya fi usul ad-diyn“,
  • „Al-kifoya fi-l-hidoya“,
  • „Al-muntaqo min ismati-l-anbiyo“

Manbalar tahrir

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 606-609.
  2. Насир ад-Дин ал-Ханафи ал-Хасани ал-Бухари. Тухфат аз-заирин («Подарок паломникам») Автор перевода с таджикско-персидского, предисловия и комментариев: Халим Тураев. Toshkent: Splendid Idea, 2021 — 204 bet. 
  3. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291 bet.